AQShga vizasiz kiruvchi davlat fuqarolariga yangi talablar qo'yilmoqda

  • Amerika Ovozi

Vashington AQShga vizasiz kelishi mumkin bo’lgan davlatlar fuqarolariga nisbatan yangi talablar qo’ymoqda.

Tramp ma’muriyati rasmiylarining aytishicha, bu mamlakatlar uchinchi bir davlat orqali kelayotgan yo’lovchilarni AQSh taqdim etgan ma’lumotlar asosida tekshirishi kerak. Allaqachon ko’plab mamlakatlar shu tartibga rioya qiladi, deydi rasmiylardan biri.

Fuqarolari AQShga vizasiz kelib, belgilangan muddatdan ortiq qolib ketsa, ularga qo'shimcha chekovlar qo'yiladi.

Agar bu davlatlarning AQShda muddatdan ortiq qolib ketayotgan fuqarolari soni jami tashrif buyurgan fuqarolarining ikki foizidan yuqori bo’lsa, bunday o’lkalar AQSh talabi asosida jamoatchilik orasida bunga qarshi axborot kampaniyasi o’tkazishi kerak. Shundagina bu mamlakatlar fuqarolarining AQShga kelishiga cheklov qo’yilmaydi.

2016-yil Gretsiya, Vengriya, Portugaliya va Italiya ichkarisida joylashgan San-Marino fuqarolarining ikki foizdan ortig’i AQShda belgilangan muddatdan ortiq qolib ketgan.

Dunyoning 38 mamlakatiga AQShga vizasiz kirish huquqi berilgan. Ularning aksariyati Yevropada joylashgan. Bu o’lkalardan biznes yoki sayyohlik maqsadida kelganlar 90 kungacha AQSh hududida vizasiz turishi mumkin.

Donald Tramp prezident bo'lgandan beri Oq uy AQShga kelayotgan muhojirlar sonini kamaytirish yo'lidan bormoqda. Vizasiz rejimdagi davlatlarga nisbatan joriy etilgan so'nggi tartib terrorga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadlari doirasida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

Kato instituti 1975-yildan 2015-yilgacha yuz bergan terror voqealarini tahlil qilib, vizasiz rejimdagi davlatlarga to'g'ridan to'g'ri aloqador biror holat yo'qligini aniqladi.

Shu davr mobaynida bu o'lkalardan tashrif buyurgan 400 million odan ichidan faqat uchtasi o'limga olib bormagan terror holatlariga aralashib qolgani aniqlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG