Grin-karta dasturi yopilishi quruq gapmi yoki haqiqat?

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkdagi terror xuruji ketidan Prezident Donald Tramp grin-karta lotereya o’yinini yopishga da’vat etmoqda. Amerika orzusiga yetaman deb har yili dunyoning turli burchaklaridan millionlab odam bu dasturda qatnashadi. Lotereya aynan immigrantlar kam kelayotgan davlatlar uchun. Xo’sh, grin-karta dasturi yopiladimi? Taklif AQSh Senatida ko’rib chiqilmoqda.

Prezident Tramp grin-kartani mamlakat uchun fojia deb ataydi.

“Hozirda vizalarni odamlarning qobiliyati va bilimiga qarab ulashmayapmiz. Yutuq lotereyaga asoslangan. Bu degani, arziydigan odamlarni tanlab olmayapmiz”, - deydi prezident.

Oq uy rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, immigratsiya islohoti bo’yicha takliflar Kongressga yuborilgan. Ular orasida grin-karta lotereyasini tugatish masalasi ham bor.

Ikki respublikachi senator taklifni ancha oldin, yil boshida olg’a surgan edi. Nyu-Yorkdagi terror xuruji lotereya o’zi kerakmi degan bahslarni avj oldirdi. Har yili oktabrda 14 million odam topshiradi unga.

Musulmonlar tashkiloti rahbari, advokat Fatina Abdurabbo fikricha, dasturni saqlab qolish lozim.

“Xilma-xillik, turli madaniyatlar azaldan bu davlatning umid mash’ali bo’lib kelgan, kuchiga kuch qo’shgan. Siyosiy yoki boshqa sababdan bo’ladimi, Amerika darvozasini tashqi dunyoga yopish, bunday taklifni olg’a surish tashvishlanarli hol”, - deydi u.

Lotereya o’yini, deydi suhbatdosh, boshqa immigratsion dasturlar bilan solishtirganda davlatga xavf solmaydi. Huquqshunos Kennet Rinzler ham shunday fikrda.

“Terror hujumini bahona qilib, dasturni yopishga urinish noo’rin. Yutganlar hamma qatori tekshiruvdan o’tadi”, - deydi u.

Kongress immigratsiya muhokamasini 2018-yilga qoldirmoqchi, chunki Tramp ma’muriyati muhim deb bilgan boshqa masalalar bor. Qolaversa, prioritetlar o’zgarib turadi.

“Yil tugab borayapti. Kongressning butun e’tibori hozir soliq tizimini yangilashda. Kelasi yil esa Kongressga saylovlar. Hamma narsa o’zgarib ketishi mumkin”, - deydi Rinzler.

Turli millatlar uchun immigratsion viza lotereyasi 1990-yilda boshlangan. Ayrimlar Amerikaga doimiy yashash uchun oila a’zolari orqali, ish beruvchi homiy orqali yoki qochqin sifatida keladi. Lotereyada qatnashish uchun esa ko’p narsa kerak emas – maktab diplomi yoki bir necha yillik ish tajribasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG