Breaking News

AQSh qo’shini Iroqni tark etdi, kelasi yil yozda Afg’onistonda ham reja shu


Iroqda hozir amerikalik 50 ming askar qolgan. Prezident Barak Obama kelasi yili Afg’onistonda ham jangovar missiyani tugatishga kirishamiz, demoqda.

Afg’onistonda bu rejaga munosabat qanday? Vashingtonda qabul qilinayotgan siyosiy-harbiy qarorlar bu o’lkada aks-sado beradi.

Amerika qo’shinlari kelasi yil avgust oyidan boshlab Afg’onistonni tark eta boshlaydi. Jarayon mamlakatdagi ahvolga qarab kechadi.

“Afg’onistonni qo’llab-quvvatlaymiz, biroq u yerda cheksiz qolish rejamiz yo’q. Bu hech bir mamlakat manfaatlariga xizmat qilmaydi”, deydi prezident Obama.

Tahlilchilarga ko’ra, askarlarning Iroqdan chiqarilishi Eron, Pokiston va boshqa davlatlar uchun “AQSh mintaqada harbiy salohiyatini qisqartirayapti” degan ma’noni anglatadi.

AQSh harbiy kolleji xodimi Larri Gudsonning aytishicha, bundan afg’on rahbari Hamid Karzay ko’proq tashvishda.

“Mintaqadagi davlatlar kuchlar muvozanati o’zgarishiga qarab siyosatini to’g’rilamoqda. Hammadan Karzayga qiyin bo’ladigan bo’ldi. Agar AQSh va NATO kuchlari shu bugunoq Afg’onistonni tark etsa, Karzay bir oyga ham yetmasligi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Hamid Karzay fikricha, Qo’shma Shtatlar armiyasini Afg’onistondan olib chiqish muhlatini belgilab qo’ygani Tolibonni ruhlantirmoqda.

Larri Gudson deydiki, Karzay Amerika qo’shinlarini Obama rejalaganidan uzoqroq qoldirish harakatida. “Karzay buning uchun barcha siyosiy usullarni qo’llashi mumkin. Unda bu borada tajriba katta”.

Vashington va Afg’oniston prezidenti orasida munosabatlar doim ham silliq bo’lmagan. Hamid Karzay harbiy amaliyotlarda tinch aholi qurbon bo’layotganida AQShni tanqid qilib keladi. AQSh esa Karzayni korrupsiyani yo’qotishga chaqirishda davom etmoqda.

Tahlilchi Brayan Katulis nazarida Hamid Karzay bilan qanday ishlash borasida muayyan bir yondashuv borligi haqida gapirish qiyin.

“Prezident Bush paytida ham, hozir ham shunday. Bir qarasak, Karzayga tanbeh berishdan toymaymiz. Boshqa payt Vashingtonda poyandozlar solib, uni kutib olamiz. Hech biri isha berayotgani yo’q”, - deydi u.

Afg’oniston va Iroqdagi urushlar bir-biridan tubdan farq qilsa-da, strategiya deyarli ayni – mahalliy kuchlarni puxta tayyorlab, Amerika qo’shinlari vatanga qaytishi uchun zamin hozirlash.

Keng qarash shuki, afg’on kuchlari mamlakatni mudofaa qilishga hali-beri tayyor bo’lmaydi. Toliblar esa bo’sh kelmayapti, buning ustiga ular qo’shni Pokistonda ham faol.

AQSh-Pokiston munosabatlari 2007-yilda jar yoqasida edi. Obama saylangach, Pokistonni o’z hududida jangarilarga qarshi kurashishda dadilroq harakat qilishga unday oldi.

“Pokistonda aksil-terror siyosat kuchaydi. Bu AQShning Afg’onistondagi maqsadlariga erishishda muhim ijobiy rol o’ynaydi”, - deydi tahlilchi Brayan Katulis.

Qishga borib, toliblarning xalqaro koalitsiya kuchlariga hujumlari kamayishi kutilmoqda. Hozircha buning aksini ko’ryapmiz.

Kuzatuvchilar nazarida, toliblar AQSh va uning ittifoqchilarini Afg’onistondan siqib chiqarish harakatida. Xalqaro qo’shin mamlakatni tark etganida, deydi ular, Tolibon afg’on hukumati bilan mamlakatni birgalikda boshqarishga kelishib olishi mumkin.

XS
SM
MD
LG