Breaking News

Iroqda urush tugadimi? Mamlakat hali tinchigani yo’q, deydi bu xalq vakillari


Prezident Obama AQShning jangovar brigadalarini 31-avgustga qadar Iroqdan chiqarishga va’da bergan. Mamlakatda atigi 50 ming askar tayanch rolida qolmoqda, ular ham 2011-yil dekabrida vataniga qaytadi.

Iroqdagi qo’shinlar soni keskin kamayayotgani bu yerda tinchlik qaror topdi, degani emas. AQSh endi diplomatiyaga zo’r bermoqchi.

Obama Iroqni barqaror va farovon bir davlatga aylantirish uchun diplomatik vositalarni ishga solishini e’lon qildi. AQShning dunyodagi eng yirik elchixonasi Bag’dodda joylashgan bo’lib, yaqin orada yana to’rt shaharda konsullik bo’limlari ochiladi.

Irbil shahridagi idora arab-kurd munosabatlarini yumshatishga ahamiyat qaratsa, Basra shahridagi diplomatlar Amerika neft kompaniyalariga bu hududda ish boshlashga ko’maklashadi.

Shu oy Iroqni minglab xorijiy askar tark etdi. AQSh Tinchlik Instituti vakili Manal Umarning aytishicha, Iroqning yangi hukumati layoqatli bo’lishiga ishonch past.

“Obamaning so’zlari Iroq xalqiga yetib borsa-da, katta sonli qo’shin mamlakatdan olib chiqilayotganini odamlar ko’rib turibdi. AQSh aslida tinchlik o’rnatilmaguncha shu yerda qolamiz degan edi. Ko’pchilik nazarida Obama va’dasi ustidan chiqmayapti”, - deydi Umar.


Iroqda qolayotgan 50 ming qo’shin asosan rasmiy va diplomatlarni qo’riqlash, mahalliy armiya malakasini oshirish bilan shug’ullanadi. Ular tintuv va reydlarda ham qatnashadi, Iroq zobitlariga murabbiylik qiladi. Ayrim brigadalar 2011 yilgi muhlatdan keyin ham mamlakatda qolishi mumkin.

Iroq ahlining missiya yakunlanishiga munosabati turlicha, deydi tahlilchi Ken Pollak.

“Iroq haliyam beqaror ekanini ko’ra turib, bizni o’z holimizga tashlab qo’yadimi, deb so’rayotganlar bor. Ayrimlar esa “Amerika askarlarini olib ketaversin, lekin iqtisodiy yordamni davom ettirsin” demoqda. Bunday sharoitda aholi orasida qo’rquv bo’lishi tabiiy. Hozir u yerda na hukumat bor, na tinchlik”, - deydi Pollak.

Iroq siyosiy sahnasida mart oyidagi saylovdan beri mavhumlik. Bosh vazir Nuri al-Malikiy va saylovda g’olib topilgan siyosatchi Ayad Allaviy koalitsion hukumat tuzishga qiynalmoqda. Allaviyning partiyasi Malikiydan atigi ikkita ko’p ovoz to’plagan.

Yaqinda Iroqqa safaridan qaytgan Ken Pollak fikricha tortishuvda hech biri yon bermoqchi emas.

“Qizig’i, Nuri al-Malikiy ham, Ayad Allaviy ham saylov natijalarini ko’rsatib, har biri o’zini g’olib deb biladi. Ovozlar qayta sanaldi, saylov komissiyasi va hatto sudlar ham o’z tavsiyasini berib bo’ldi. Bu ikki arbob birga ishlay olishi u yoqda tursin, jarayon oldinga siljiyotgani ham yo’q”, - deydi siyosatdon.

AQSh Iroq xalqi rahmatini olmoqchi bo’lsa, uning turmushini yaxshilashga hissa qo’shsin, deydi Manal Umar.

“Oradan shuncha yil o’tib, Iroqda millionlab dollar pul sarflanib, nega hozirgacha uylarda suv yo’q, elektr yo’q? Bu savollarga Iroq hukumati qatorida AQSh rahbariyati ham javob berishi kerak. Diplomatik harakatlar aholining eng oddiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilsa, ular ham hamkorlikka yo’q demaydi. Ularning turmushini yaxshilang”.

Iroqda urush tugadi hisob. 2011 yilning oktyabridan boshlab barcha treyning-mashg’ulotlarni AQSh Davlat departamenti olib boradi.

Bag’doddagi elchixona diplomatlar bilan gavjum. Endi Kongressni bu dasturlarga ko’proq pul ajratishga ko’ndirish kerak.

XS
SM
MD
LG