Breaking News

AQSh Ukrainaga qurol uzatmoqda, diplomatlari oilalarini evakuatsiya qilmoqda


Ukrainaga atalgan qurollar
Ukrainaga atalgan qurollar

AQSh Rossiyani Ukraina chegarasida 100 ming qo’shin to’plab hujum boshlashga hozirlanayotganlikda ayblar ekan,Ukrainani qurollar bilan ta’minlashga kirishdi.

Xalqaro hayot - 24-yanvar, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:44 0:00

AQShning Kiyevdagi elchixonasiga ko’ra, qiymati 200 million dollarlik 90 tonnalik birinchi yuk qurol-yarog’ va o’q-doridan iborat.

“Rossiyaga ikki yo’ldan birini tanlashga imkon berganmiz. Biri diplomatiya va muloqot. O’tgan hafta Jenevada Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan ana shunday diplomatik muloqot bo’ldi. Ikkinchi yo’l esa yangi agressiya va uning yirik oqibatlari. So’nggi haftalarda sanksiyalar ustida ishladik. Bu gap nafaqat bizdan chiqyapti. Dunyoning yetakchi demokratik iqtisodiyotlarini o’z ichiga olgan “Katta Yettilik” guruhi ham bu haqda aniq gapirgan. Yevropa Ittifoqi, NATO ham shunday”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

AQSh qonunchilari kuchayayotgan ziddiyatlarni yumshatish yo’llarini muhokama qilmoqda.

“Nazarimda, qat’iyatimizni namoyish etish uchun har ikki partiya qonunchilari qonun loyihasini qabul qilib, ayrim sanksiyalarni hozirdan qo’llashimiz kerak. Biroq eng kuchli sanksiyalarni, masalan, Eronni muzokara stoliga qaytargan sanksiyalarga o’xshash choralarni Putinni Ukrainani bosib olishga qaratilgan so’nggi qadamidan qaytarish uchun ushlab turishimiz kerak”, - deydi demokrat senator Kris Kuns.

“Hozirgi ma’muriyat Prezident Putin va Rossiyani tinchlantirish harakatidan nariga o’tgani yo’q, biroq bu yondashuv Putinni Ukrainaga hujumdan qaytarmaydi. Eng qattiq sanksiyalarni ishga solib, Putinga gapimiz jiddiy ekanini ko’rsataylik”, - deydi respublikachi senator Joni Ernst.

Bu o’rtada Rossiya qo’shni Belarusda qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. O’tgan hafta Ummon ko’rfazida Xitoy va Eron bilan dengizdagi harakatlarini mashq qildi. Bugun esa Boltiq dengizida mashg’ulotlar boshlamoqda.

Qattiq sanksiyalar haqida bugun Daniya Tashqi ishlar vaziri Jeppe Kofod ham gapirgan.

“Agar Rossiya Ukrainani yana bosib olsa, misli ko’rilmagan, keng qamrovli sanksiyalarni qo’llashga tayyormiz”, - dedi u.

Rossiya 2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olishi ketidan AQSh va Yevropa Ittifoqi uning energetika, bank va mudofaa sohalariga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qabul qildi.

AQSh davlat kotibi bugun yevropalik ittifoqchilar bilan onlayn tartibda muloqot qildi. O’tgan hafta Blinken Kiyevda Ukraina rahbariyati, Berlinda esa Fransiya, Britaniya va Germaniya rasmiylari bilan ko’rishgan.

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trassning aytishicha, Rossiya Kiyevdagi hukumatni ag’darib, o’ziga moyil, qo’g’irchoq tuzum o’rnatmoqchi. Rossiya bunday da’volarni “ahmoqona safsata” deb atadi.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonga ko’ra, Rossiya Ukrainaga qo’shin tortsa, ikkinchi Checheniston bilan yuzlashadi.

Rossiya qo’shni davlatga hujum qilish niyati yo’qligini aytmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqi shunday bo’lgan taqdirda Ukrainaga iqtisodiy tarafdan yordam bermoqchi.

"Yevropa Komissiyasi 1,2 milliard yevroga teng favqulodda makro-moliyaviy yordam paketini taklif qildi”, - deydi komissiya rahbari Ursula fon der Leyen.

Uning aytishicha, pul qurolli to’qnashuvdan ko’rilgan zararni qoplash uchun sarflanadi.

Qo’shma Shtatlar Kiyevdagi elchixonasi xodimlariga mamlakatni tark etish ixtiyorini berdi, ularning oila a’zolariga esa Amerikaga qaytib ketish buyurildi. Shuningdek, Ukrainadagi AQSh fuqarolariga ham shunday tavsiya berildi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQShning bunday qadamini haddan ziyod ehtiyotkorlik deb baholadi.

AQSh elchixonasi bayonotida aytilishicha, Rossiya istalgan payt hujum qilishi va keyinchalik evakuatsiya qilishga imkon bo’lmasligi mumkin. Britaniya ham ayrim diplomatlari va ularning oila a’zolarini Kiyevdan chaqirtirmoqda.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo’yicha oliy komissari Jozep Borrelning aytishicha, yevropalik diplomatlar oilalarini Ukrainadan chiqarish hozircha rejada yo’q.

Kremlga ko’ra, AQSh va ittifoqchilarini Sharqiy Yevropada NATO qo’shinlari sonini oshirish va Kiyevdagi diplomatlari oilalarini evakuatsiya qilish rejalarini e’lon qilish orqali vahimaga berilib, vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Ukraina armiyasining sharqiy hududlarda urush boshlash ehtimoli yuqoriroq, chunki bo’lginchi hududlar chegaralarida Ukraina ko’p sonli qo’shin to’plagan va isyonchilarga hujum qilishga hozirlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG