Breaking News

AQSh razvedkasi: Suriya - dunyo xavfsizligi uchun eng katta tahdid


AQSh Milliy razvedka xizmati xulosasiga ko'ra, Suriya dunyoning beqarorlik o’chog’iga aylanmoqda, AQSh uchun eng katta tahdid ham aynan o'sha yerda.

Seshanba kuni qonunchilar oldida so’zlagan Milliy razvedka rahbari Jeyms Klapper “Dunyo bo’ylab tahdidlar tahlili” nomli hisobotni taqdim etdi.

Hujjatda keltirilgan tahdidlarning aksariyati ma’lum – “Islomiy davlat” va al-Qoida kabi terrochi guruhlar, terrorizm homiysi Eron hamda ro’yxatda alohida o’rin egallagan Rossiya. Bu davlat jahon sahnasida AQSh raqibi sifatida e'tirof etilmoqda.

Ularning maqsadlari va kurash vositalari ba’zida bir-biridan keskin farq qilsa-da, hammasini birlashtiradigan omil bu Suriya. AQSh va xalqaro koalitsiya qo’shinlari Suriyada “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi kurashayotgan taraflarni qo’llab-quvvatlash bilan cheklanib keladi.

Fuqarolar urushi va gumanitar inqirozga yuz tutgan Suriya bu katta o’yinda - jang maydoni, turli manfaatlarni ko'zlayotgan davlatlar u yerda o'z ta'sirini oshirishga intilmoqda.

Shu kungacha urushga qator xorijiy mamlakatlardan 38 200 jangari kelib qo’shildi. Ularning kamida 6900 nafari G’arb davlatlari fuqarolari. Bu ma’lumotlarni Klapper Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasiga taqdim etdi.

“Islomiy davlat”

AQSh va koalitsiya kuchlarining bir yildan oshiq vaqtdan beri amalga oshirayotgan hujumlariga qaramay, "Islomiy davlat" safida 25 minggacha jangari bor.

Klapper guruhni dunyo xavfsizligi uchun eng katta tahdid deb bilarkan, o'z ta'sirini yoyishda Suriyadagi gumanitar inqirozdan foydalanayotganini aytadi.

"Islomiy davlat"ning agentlari migrantlarning katta oqimiga qo'shilib oldi”, - deydi rasmiy.

“Islomiy davlat” xurujlarni uyushtirishda, musulmonlarni hujumlarga ilhomlantirishda xalifaligining poytaxti Raqqa shahrini boshqaruv markaziga aylantirgani Klapper va uning razvedka hamjamiyatidagi hamkasblarini ayniqsa xavotirga solmoqda.

"Islomiy davlat" mafkurasi va tashviqoti ta'siriga tushgan odamlar so’nggi paytlarda Fransiyada, AQShning Kaliforniya va Tennesi shtatlarida terror xurujlarini amalga oshirishga muvaffaq bo’ldi.

"Razvedka idoralarining xabarisiz uyushtirilgan bunday hujumlar AQSh uchun katta tahdid, “Islomiy davlat” esa ularni o'z g’alabasi sifatida talqin qilib, targ’ibotini kuchaytirmoqda", - deydi Klapper.

Unga ko'ra, ekstremistlarning ijtimoiy tarmoqlardan mahorat bilan foydalanishi inobatga olinsa, “Islomiy davlat”ning hatto al-Qoidadan o’zib ketgani ayon bo’ladi.

Al-Qoida

Shu bilan birga al-Qoida ham AQSh uchun jiddiy tahdidligicha qolmoqda.

AQSh razvedkasi taxminlariga ko’ra, guruhning Afg’oniston va Pokistondagi ko’plab rahbarlari yo’q qilingan. Ammo tashkilotning Yaman va Arab yarimorolidagi bo'limlari hamda Suriyadagi Jabhat al-Nusra nomli qanoti hamon qudratli.

Tahlilchilarga ko’ra, al-Nusra fronti Suriyada juda faol, 9000 a’zoga ega va hozirda kichik guruhlarni o’z qanotiga olmoqda, vaholanki, bu guruhlarning ayrimlari ekstremist emas, balki Prezident Bashar Assadga qarshi kurashmoqda.

Rossiya, Eron

Suriyadagi vaziyatni AQSh uchun chigallashtirayotgan ikki omil bu Prezident Bashar Assadni hokimiyatda saqlab qolishga urinayotgan Rossiya va Eron, deydi razvedkachilar.

Va ular buning uddasidan chiqayotgan ko’rinadi.

“Rossiyaning aralashuvi hamma narsani o’zgartirib yubordi. Bundan olti oy oldingi vaziyatga qiyoslaganda Assad rejimi hozir mustahkamroq”, - deydi Mudofaa vazirligi razvedkasining rahbari general-leytenant Vinsent Styuart.

Uning fikricha, Rossiya-Eron hamkorligi uzoqqa cho’zilmaydi, chunki har ikki davlat mintaqada ustuvorlikka intilmoqda. Ammo Eron bunday hamkorlikning hozircha davom etishidan manfaatdor.

"Chunki Tehron hech qanday shartsiz Rossiyadan qurol-aslaha sotib olishda davom etmoqchi. Kelasi 2-5 yil ichida Eron Rossiyadan hozir Suriyada qo’llanilayotgan qurol texnologiyalarini sotib olishi hech gapmas”, - deydi rasmiy.

Bunday ehtimoldan armiya va razvedka rasmiylari xavotirda.

“Rossiya Eron, “Hizbulloh” harakati va Suriya bilan aloqalarni rasmiylashtirmoqda. Bu ikki davlat terrorizm homiylari, “Hizbulloh” esa terrorchi tashkilot”, - degan edi oktabr oyida “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Urush tadqiqotlari institutidan tahlilchi Kristofer Xarmer.

“Terrorizmni moliyalayotgan bu ikki davlatga hamda bu terror tashkilotiga ular xuddi bungacha egalik qilmagan salohiyatga erishgandek qarashimiz kerak. Shunda ularning naqadar qudratli va xavfli ekanini anglab yetamiz”, - deydi u.

"Tehron Suriyada minglab askarlarga ega, Iroq, Livan, Pokiston va Afg’onistondan Suriyaga borgan shia jangarilarni qo’llab-quvvatlamoqda. Ular zolimlik darajasida“Islomiy davlat” a’zolaridan qolishmaydi", - deydi AQSh rasmiylari.

"Bunday kuchlar sunniy ekstremistlar tahdidiga javoban hamda Eron ta'sirini oshirish uchun mazhablararo ixtilofni yanada chuqurlashtiradi", - deydi AQSh Milliy razvedkasi rahbari Klapper.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG