Breaking News

AQShda vatandoshlar yuritayotgan bizneslar: Koreys-o’zbek restorani


Vatandoshlarni birlashtirayotgan koreys-o’zbek restorani
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:24 0:00

Nyu-Yorkda vujudga kelgan o’zbekistonliklar jamiyati ko’p millatli. Millati, dini, tili va irqi turli bo’lsa-da, suhbat orasida ular o’zbekistonlik ekanliklarini aytishadi. Bruklinda yashaydigan Liliya Tyan o’zbekistonlik koreys immigrantlardan. O’zbekistonda muhandis bo’lgan Liliya Amerikaga ko’chib kelgach o’z restoranini ochgan.

Markaziy Osiyolik immigrantlar bu yerga o’zbek-koreys taomlarni tatishga kelishadi. Mahalliy amerikaliklar esa bu joyni “Nyu-York Tayms” gazetasi orqali kashf qilganlar. O’z taomlari bilan turli xalqlarni birlashtirayotgan Bruklindagi restoran nomi - “Cafe Lily”.

“Bu bizning bosh taomimiz - kuksi. Toshkentchasi. Mijozlarimiz aytganidek, Qo'yliqdagidek tayyorlangan”, - deydi Tyan.

Qo’shma Shtatlarga u oilasi bilan 15 yil oldin ko’chib kelgan.

“2006-yili grin karta yutdik. Oilamiz 4 kishidan iborat. Turmush o’rtog’im, men va ikki o’g’lim bor. Kattam Seryoja, kenjam esa Dima. 15 yildirki ana shu mamlakatda yashab kelyapmiz. O’g’illarim uylangan. Ikki qiz va bir o’g’il nabiram bor. Bu yerda yashayotganimizdan xursandmiz”, - deydi Liliya Tyan.

Oila boshidan Bruklin tumanida o’rnashgan. Immigratsiyadagi hayot til bilmagan boshqa ko’plab vatandoshlariniki kabi oson kechmagan.

“Bu yerga kelganimda 50 yosh atrofida edim. Kelgan kunimizdan boshlab ko’pchilik qatori keksalarga qarashish xizmatida ishlay boshladik. Oshxona ishlarini yoqtirganim va ovqat pishirishni bilganim uchun oradan 10 kun o’tib ruslarning do’koniga oshpaz yordamchisi bo’lib ishga joylashdim. Keyin shu sohani davom ettirishga qaror qildim”, - deya eslaydi Liliya Tyan.

U boshida 9 yil boshqalar qo’l ostida ishlagan, ish o’rgangan. 2015-yilda oilasi bilan maslahatlashib, kichik biznes ochishga qaror qilgan. O’z tajribasi va Qo’shma Shtatlardagi imkoniyatlarga tayangan.

“Biroz vaqt o’tib angladimki, bu yerda o’zimiznikilar, ya’ni O’rta Osiyo va xususan O’zbekisondan kelganlar ko’p ekan. Ular uzoq davr davomida koreyslar bilan yonma-yon yashab kelishgan. Hatto keksalar ham koreys taomlarini yaxshi eslaydi. Ayniqsa kuksi, koreyscha salatlarni. Shunga bo’lsa kerak, hammaning quvonchli xotiralari borligiga guvoh bo’ldim. Qo’limdan keladigan, yaxshi ko’radigan ishimni qilishga qaror qildim”, - deya tushuntiradi sobiq muhandis.

Immigratsiyadagi dastlabki yillarning mashaqqati undagi yashirin iqtidorlarni yuzaga chiqardi. O’zbekistonda zavq uchun o’rgangan va qilgan yumushlari til bilmagani holda biznes sohibiga aylanishida qo’l keldi.

Tildan qiynalganida katta o’g’li Sergey yonida turgan. Hozir ham ana shu kamgap farzandi uning o’ng qo’li.

Olti yil oldin Liliya ochgan restoranning peshtoqida ham, taomnomasida ham uning shu atrofdagi boshqa restoranlardan farqi belgilab qo’yilgan. “Cafe Lily” da xo’rrandalarga koreys, o’zbek va rus taomlari taklif etiladi.

Aliya bu yerga aynan o’zbekistonlik koreyslarning taomlari uchun keladi.

“Salatlardan tortib ovqatlarigacha juda mazali. Manxettenda koreys restoranlariga kirganimizda souslari ta’mi bizga tushunarsizroq ko’rindi. Ovqatlar assortimenti esa bolalikdan Qozog’istonda o’rganganimizdan keskin farq qiladi. Bu yerda esa “Morkovcha”, “Kimchi” salatlari-yu, “Koreyscha sho’rva” – hammasi bizga tanish”, - deydi Aliya.

Aliya asli qozog’istonlik, 9 yildirki AQShda yashaydi. Liliyaning restorani uning oilasi uchun qadrdon joyga aylangan.

“Har gal tug’ilgan kunimga mehmonlarimni bu yerga taklif qilganimda, “u yerda faqatgina koreyscha taomlarmi?”, deb so’rashadi. Hamma ovqatlar bor deyman. Borsh, istasang palov. O’zingiz yaxshi ko’rgan taomni topasiz”, - deydi Aliya.

Liliyaning koreys va o’zbek milliy taomlarini puxta bilishi, sharqona mehmondo’stligi Amerikada ham o’z o’rnini topishga yordam berdi. Restoran haqida “New-York Tayms” gazetasida yozilgani biznes uchun yaxshigina reklama bo’ldi.

“Nimalarnidir yozib olishdi, suratga olishdi. Ovqatlanib bo’lishgach bilasizmi, biz “Nyu-York Tayms” gazetasidanmiz, restoranlaringiz haqida yozsak maylimi, deyishdi. Betakror taomlaringizni tatib ko’rdik, boshqalar ham yeb ko’rishlarini istardik, salatlar, pegodyalarni. Rozi bo’ldik. Fevral oyida “Nyu-York Tayms”da yozishdi”, - deya eslaydi Liliya.

“Ertalabdan buyurtmalar keti uzilmadi. Tushunmay qoldik. Fevral bo’lishiga qaramasdan ko’chada katta navbat. Har qayerdan amerikaliklar kelishardi. Orasida xitoyliklar, janubiy koreyalik koreyslar va boshqa xalqlar bor edi. Uzoq va yaqin shtatlardan guruh-guruh bo’lib kelishdi. Buncha odam kelishini kutmagandik. “Nyu-York Tayms”ga ishonamiz deb aytishdi”, - deya 2017-yilgi voqealarni eslaydi Liliya Tyan.

Pandemiyadan ancha oldingi o’sha tarixiy kunlar haqida unga mana bu gazeta nusxasi-yu, mijozlar bilan kechgan shirin suhbatlar eslatib turadi.

Pandemiya vaqtidagi qiyinchiliklar restoran biznesini ham chetlab o’tmadi. Davlat ajratgan yordam, sodiq mijozlar tufayli ish sekin-asta izga tushmoqda. Yozda ish yanada yaxshilanishiga umid bog’lamoqda Liliya. Issiq kunlarda xo’rrandalarni qabul qilish uchun o’zbekona chorpoyalar ham tayyor.

“Nega bu eng avvalo o’zbekcha-koreyscha oshxona? Chunki biz O’zbekistonda tug’ilganmiz. Biz u yerdagi odamlar bilan shu qadar qorishib ketganmizki, o’zimizni o’zga his qilmaymiz. Oilada ham taomlarni bu koreyscha, bunisi o’zbekcha deb ajratmaymiz. Palov ham o’zimiznikiday bo’lib qolgan. Uni o’zim pishiraman. Hatto buyurtma uchun”, - deya tushuntiradi restoran egasi.

Mijozlar talabini inobatga olib u barcha taomlarini halol mahsulotlardan tayyorlaydi. Liliya Tyan yillar o’tsada vatan va vatandoshlari bilan aloqani uzmagan. Nyu-Yorkning turli qismlarida yashaydigan 30 ga yaqin markaziy osiyolik koreys oilalari bilan cherkovda uchrashib turadi.

“Oshxonamizga qayerdan odam kelmagan deysiz. Sobiq o’zbekistonliklar, o’rta osiyoliklar kelishadi. Ular hozir Isroilda ham bor, butun dunyo bo’ylab tarqalishgan. Mehmonga kelishsa, ularni albatta shu yerga olib kelishadi. Birga yig’ildilarmi, xotiralari jo’sh uradi. Toshkentning falon joyida o’tirganimiz, shunday taomlarni yeganimiz esingdami deb xotirlashga tushadilar. Oila davrasida vujudga keladigan, mana shunday mehrga to’la, do’stona muhit yaratiladi. Oshxonamiz odamlarni birlashtirayotganidan xursandman”, - deya quvonadi Liliya Tyan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG