Breaking News

Qirg’iziston janubida yarashish haftaligi o’tkazildi


Qirg’izistonda ro’y bergan xunrezliklar ortidan endi o’zbek va qig’iz xalqlarini yarashtirish jarayoniga ahamiyat berilmoqda.

Jumladan, mahalliy o’zbek va qirg’iz oqsoqollari, ziyolilari milliy birlik va birdamlik zarur ekani haqida gapirib, yoshlar orasida targ’ibot olib borishni yo’lga qo’ymoqdalar.

Janubiy Qirg’izistondagi diniy rahnomalar ham masjidlarda xalqni qayta do’stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashga, ro’y bergan qonli fojealarga qaramasdan o’zaro kechirimli bo’lishga undamoqda.

Shu maqsadda mamlakat janubida yarashish haftaligi o’tkazildi. Ushbu tadbir doirasida qirg’iz va o’zbek birgalikda dasturxon yozdi.

“Albatta, yarashish kerak. Biz hammamiz – qirg’iz ham, o’zbek ham shu yerda tug’ilib voyaga yetganmiz. Boshqa yerlardan kelib qolmaganmiz, – deydi o’shlik bir oqsoqol. – Hozir juda qattiq ishlash darkor, chunki boshpanasiz qolganlar qishga tayyor emas. Bir-birimizi kechirishimiz kerak. Ko’chalardan, mahallalardan aybdorlarni izlash foyda bermaydi. Endi kelajakni o’ylashimiz lozim”.

Ziyolilar nizoni bartaraf etish va xalqlarni birlashtirish masalasida islom dini muhim rol o’ynashini aytishadi.

Masjidlarda va’z olib borish uchun Saudiya Arabistonidan da’vatchilar kelgan. O’shliklar esa mahalliy diniy arboblari sustkash ekanidan noliydi.

“Din arboblari, imom-xatiblar, mahalla kattalari chiqib yoshlar bilan tushuntirish ishlari olib borishlari kerak”, – deydi o'zbeklardan biri.

Ko’pchilik nazarida, odamlarni yaqinlashtirishda mahalliy ommaviy axborot vositalari muhim rol o’ynashi kerak. Ammo qator o’zbekzabon ro’znomalarning yopilgani va markaziy matbuot va radio-televideniyening voqealarni bir tomonlama yoritgani o’zaro ishonch va yaqinlashuvga yanada rahna solmoqda.

“O’shda ikki telekanal bor edi, – deydi o’shlik ziyolilardan biri. – Ular oqsoqollarni, hurmatga sazovor ayollarni taklif qilib, yaxshi so’zlar asosida yarashtirish ishlariga o’z hissalarini qo’shib kelishgan edi. Hozir esa faqat o’zbeklardan ayb topish dolzarb masala bo’lib qoldi.

O’shlik ziyolilar fikricha yarashish tadbirlarida hozircha ma’lum darajada yuzakilik mavjudligini aytib, ushbu jarayonni chuqurlashtirish va kengaytirish uchun vaqt lozim.

Tadqiqotchi Svetlana Gafarovaning aytishicha, avvalo, davlat idoralari aholi ishonchini qayta qozonishi darkor.

“Shundagina aholi hukumat tadbirlariga ishona boshlaydi”, – deydi u.

Olima deydiki, Bishkekda o'tirgan rahbariyat hozirgacha ommaviy tartibsizliklar qayta takrorlanmasligiga kafolat bera olmaydi. Bu hol esa xalq orasida tashvishlarning kuchayishiga sabab bo’lmoqda.

Ramazon oyi yaqinlashar ekan, aholi orasida bu oy tinch va osoyishta o'tadi, zarur amallar qilinib, bor imkoniyatlardan foydalangan holda, hayot bir oz bo'lsada izga tushadi degan umid bor.

XS
SM
MD
LG