Breaking News

Karimov ishdan haydagan mulozim O'zbekiston bosh vaziri bo'ladi


O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Abdulla Oripov (chapda) marhum shoir Abdulla Oripov bilan, 2007-yil, 12-yanvar.
O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Abdulla Oripov (chapda) marhum shoir Abdulla Oripov bilan, 2007-yil, 12-yanvar.

O`zbekiston Bosh vazirligiga marhum prezident Islom Karimov davrida poraxo`rlikda gumonlanib ishdan olingan mulozim Abdulla Oripov nomzodi ko`rsatilgan. O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tavsiya qilgan nomzod Oliy Majlis tomonidan ma`qullanishi kerak.

Sharhlovchilar yangi prezident o`z atrofiga Karimov davrida turli ayblovlar bilan ishdan chetlatilgan amaldorlarni to`playotganiga diqqat qaratmoqda. Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Bosh vazir o`rinbosarligiga qayta tiklangan Abdulla Oripov MTS va Gulnora Karimova bilan bog`liq jinoiy ishlarda ishtirok etganlikda gumonlangan.

O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan bosh vazirlikka tavsiya qilingan Abdulla Oripov nomzodi Prezident tasdig'idan so`ng Oliy Majlisga taqdim etiladi. 13-dekabrga Oliy Majlisning yalpi yig`ini chaqirilgan. Unda yangi bosh vazir nomzodining tasdiqlanishi kutilmoqda.

Qonunchilikka ko`ra, bosh vazirlikka nomzod parlamentda ko`pchilik ovozga ega partiya tomonidan ko`rsatiladi. Shavkat Mirziyoyev nomzodini prezidentlikka ko'rsatgan O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hozir qudratda.

Avval ham Bosh vazir o`rinbosari lavozimida ishlagan Abdulla Oripov Karimov davrida ishdan chetlatilgan, ammo Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan yana o`z vazifasiga qaytarilgan rahbarlardan biri hisoblanadi.

Abdulla Oripovning Karimov davrida ishdan olingan boshqa rahbarlardan farqli jihati shundaki, u korupsiya bilan bog`liq xalqaro miqyosdagi surishtiruvlarda gumonlangan, xususan, MTS mojarosi va Gulnora Karimova jinoyati bilan bog`liq ishlarda.

Uning bosh vazirlikka tavsiya qilingani hozirgacha islohotchi sifatida ko`rib kelinayotgan Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo`yilgan kutilmagan va xavotirli qadam sifatida baholanmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o`zbek yozuvchisi Safar Bekjonga ko`ra, korupsiyaviy mojaroga aralashgan rahbar bosh vazirlikka ko`rsatilishi amaldagi hukumatning xalqaro hamjamiyatga munosabati qanday ekanidan darak bermoqda.

“Oripov Karimov davrida urilgan kadrlardan biri, jinoyatda ayblangan, Karimovning haqoratini eshitgan odam. Gulnora Karimova bilan bog`liq jinoyatlarda uning qo`li borligi xalqaro tergov tomonidan aniqlangan. Bu aybnomalar Shvetsariya, Angliya, AQShda bo`lsin, bu inson haqida ijobiy fikr yo`q. Gulnora bilan birgalikda ishlagani aniqlashtirilgan. Bu nomzodning Bosh vazirlikka ko`rsatilayotgani G`arb jamoatchiligi bilan aloqalarning chappa ketishidan ham darak. Shuningdek u Rossiya biznes manfaatlarini O`zbekistonda himoya qilishi bilan ham tanilgan”, - deydi Safar Bekjon.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlikka nega aynan Abdulla Oripov nomzodi ustida to`xtalishining sababi so`nggi paytda kadrlar sohasida yuritayotgan siyosati, jumladan, Karimov davrida urilgan amaldorlarni hukumatga qaytarayotgani bilan bog`liq ko`rilmoqda.

“Mirziyoyev hozir oqlov jarayonini boshlagan, sobiq tuzumdagi amaldorlar, siyosatchilar, oddiy odamlarni ham. Bu bilan u o`zini xalqqa oliyjanob qilib ko`rsatmoqchi. Ikkinchi tomondan, qarshi guruhlarning urilgan kadrlarini o`z tomoniga og`dirib olayapti. O`ziga sodiq guruh to`playapti, ularning ichida hatto qamalib ketganlari ham bor, masalan, To`laganov. Abdulla Oripov ham shu jumladan”, - deydi Bekjon.

Abdulla Oripov nomzodi e'lon qilinishi ortidan bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokamaga chiqqan. Ayrim qarashlarga ko'ra, axborot texnologiyasi bo`yicha mutaxasisning bosh vazirlikka kelishi hukumat ishiga ijobiy ta'sir ko`rsatadi.

Abdulla Oripov hukumatda axborot texnologiyasi uchun javobgar bo`lgan. 2002-yildan O`zbekiston aloqa va axborotlashtirish davlat agantligini boshqargan, Bosh vazir o`rinbosari lavozimida ham shu sohani nazorat qilgan. O`zbekistonda mustaqil axborot nashrlari internet sahifalarining yoppasiga bloklanishi ham aynan Oripovning rahbarligi davriga to`g`ri keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG