Breaking News

Yevropa matbuoti Gulnora Karimova va "uning odamlarini" nishonga olmoqda


Gulnora Karimova, Toshkentda mustaqillik tantanalari, 31-avgust, 2012
Gulnora Karimova, Toshkentda mustaqillik tantanalari, 31-avgust, 2012
Yevropa matbuoti O’zbekiston rasmiylarini noqonuniy moliyaviy ishlarda ayblab, maqolalar chop etgan. Shveytsariya prokuraturasi shubha ostidagi shaxslarning bank hisoblarini muzlatib qo’ygan.

Shvetsiya televideniyesida esa Gulnora Karimovaga yaqin odamlar chet el firmasidan katta pul olganiga doir hujjatli film ko’rsatilgan. TeliaSonera firmasi hech kimga pora bermaganmiz, deya da’volarni rad etmoqda.

Shvetsiyaning SVT kanali chorshanba kuni efirga uzatgan filmga ko’ra, Ucell aloqa operatori O’zbekistonda ish boshlashga ruxsat olish uchun pora sifatida millionlab dollar uzatgan.

Ucell ma'lumki Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatiga qaraydi va O’zbekistondagi yirik operatorlardan. Jurnalistik tekshiruvlar shuni ko'rsatganki, firma Ucell uchun litsenziya olish maqsadida Gibraltarda ro’yxatdan o’tgan firma hisobiga millionlab dollar o’tkazgan.

Gulnora Karimovaning yaqinlaridan Gayane Avakyan nomiga ochilgan bu firmaga pul tushgach, prezident qiziga yetib borgani ehtimoldan xoli emas, deyiladi filmda. 320 million dollar haqida gap ketmoqda.

Shved jurnalistlari savollariga Fond Forum javobi: Gayane Avakyan Karimovaga qarashli biror tashkilotda ishlamaydi.

Shvetsiyada yashovchi o’zbek jurnalisti To’lqin Qorayev so’zlariga ko’ra, filmda pora Karimova qo’liga tushgani isbotlanmagan, biroq moliyaviy operatsiya shu maqsadni ko’zlagani shubha tug’dirmaydi.

“Avakyan uchun o’tkazilgan pul uning hisobida qolmagan. U mablag’ni Karimovaga bergani tabiiy, deyiladi. 45 minutlik filmda Avakyan Karimova bilan juda yaqinligi ham ishonchli ko’rsatilgan. Shvetsiyaning TeliaSonera kompaniyasi rahbarlaridan biriga O’zbekiston rejimiga pora berganmisiz deb savol berilganida u tasdiqlamadi ham, rad ham eta olgani yo’q. Bu O’zbekistondagi normal holat deya tushuntirishga harakat qiladi. Ular litsenziya olish uchun porani Gibraltarda Avakyan nomiga ro’yxatdan o’tgan firmaga o’tkazishgan. Jurnalistlar bu firmani qidirib borishdi, bir kvartirada ro’yxatdan o’tgan ekan. Kvartiraning egasi ham Avakyanni ko’rmagan”, - deydi Qorayev.

Shved televideniyesiga ko’ra, Avakyan Shveytsariyada jinoiy ishda tilga olinayotgan shaxslardan biri.

“Filmda tergovchining gaplariga o’rin berilgan. U pul Karimovaga yetib borganini har bir shved tushunadi, deydi. Bir qancha asoslarga ko’ra, jurnalistlar Avakyan va Karimova o’rtasidagi aloqani ochib bergan. Qanday qilib modalar uyidan chiqqan yosh qizning millardlab shved pulini olgani, Shveytsariya banklariga qo’ygani, hozir Shveytsariyada tergov jarayonida ham Avakyan tilga olinayotgani, qolaversa, bular ortida Karimova turgani aytiladi filmda”, - deydi Shvetsiyada yashovchi o’zbek jurnalisti Qudrat Bobojon.

Mazkur film namoyish etilgan kuni Shveytsariya prokuraturasi qator hisob raqamlari muzlatib qo’yilganini e’lon qildi. O’zbekistonlik Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar bir oycha avval Shveytsariyada hibsga olingan edi.

Gulnora Karimovaga qarashli Coca-Cola kompaniyasi xodimlari ekani aytilayotgan bu shaxslar moliyaviy qalloblikda ayblanib, hozirgacha hibsda saqlanmoqda.

Prokuratura Karimovani ham so’roq qilish niyatida.

“Eng dahshatli tomoni, bu pul hatto arab bahori tufayli qulatilgan diktatorlar hisob raqamlarida muzlatilgan puldan ham ko’p deyilmoqda. Bu haqda filmda tergovchi Lars Xammer ma’lumot beradi”, - deydi Qorayev.

Toshkentda “Modalar uyi” direktori sifatida faoliyat yurituvchi Gayane Avakyan, Shveytsariyada ushlangan Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar ortida ham mamlakatda eng qudratli biznes imperiyaga ega Gulnora Karimova turgani taxmin qilinmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG