Breaking News

O'zbekistonda so'z erkinligiga oid umidlar so'nyaptimi?


Kun.uz muxbirlari "Toshkent" savdo markazini (sobiq "Abu Saxiy" bozori) o'rganish uchun borganda bozor ma'muriyati tomonidan tazyiqqa uchragan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar, umidlar ortidan mamlakatda so'z erkinligi borasida xavotirli ishoralar paydo bo'la boshlagan. Bu xavotir islohotlar jarayoniga faol qo’shilishga urinayotgan jurnalistlar boshida aylanmoqda va umidlarga soya solmoqda. Ammo prezidentning tanqiddan xoli ekani haqidagi qarashlar hamon ustuvor.

Mamlakatdagi ilg’or internet nashrlaridan biri Kun.uz prezidentga yaqin odamlar nazoratiga o’tgani aytiladigan "Toshkent" savdo markazidagi (sobiq “Abu Saxiy” bozori) surishtiruvi uchun tintuv qilingan. O’qituvchi o’limini o’rgangan jurnalist Karimberdi To’xtamurod esa tahdidlar qurshovida qolgan.

Hafta boshida huquq himoyachisi Musajon Bobojonov ekstremizmda aybdor topilib, uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlariga nisbatan umidlar so’nmagan, ammo hali bu umidlar yuzaga chiqmasdan turib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida xavotirli ishoralar ko’rina boshlagan.

Kun.uz nashri muxbirlari sobiq “Abu Saxiy” bozorida surishtiruv o’tkazishga uringani bois jismoniy va ruhiy tazyiqqa uchragani haqida xabar tarqatdi.

Saytning yozishicha, “Abu Saxiy”da surishtiruv o’tkazish uchun borgan jurnalistlar guruhi savdo markazi ma’muriyati bosimiga uchragan. Jurnalistlar tintuv qilingan, uskunalari tortib olingan, undagi yozuvlar o’chirib tashlangan. Nashr jurnalistlarga nisbatan jismoniy tazyiq qanday ko’rinishda amalga oshirilganini ochiqlamagan, lekin ijodiy guruhni bozor ma’muriyati binosiga majburan olib kirish harakati bo’lgani haqida yozadi.

Tahririyat tomonidan bildirilgan bayonotda nashr jurnalistlari o’zgarishlar yo’lida dadillikni talab qilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning chaqiriqlaridan ilhomlanishgani, “xalqning dardiga quloq tutish, uning muammolarini ko’tarib chiqish” maqsadida davom etishlari ta’kidlanadi.

“Abu Saxiy” bozori Lola Karimova oilasiga tegishli paytlaridagi faoliyati yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqidiga uchragan, milliardlab mablag’ni soliqdan yashirishda ayblangan edi. Keyinchalik Lola Karimova oilasi bu bozorni nomi jamoatchilikka ochiqlanmagan aksionerga topshirdi, uning kimligi haqida rasmiy ma’lumot yo’q, ammo aynan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin odam ekanligi yuzasidan taxminlar mavjud.
Jurnalistlarni tazyiqqa olish so’nggi paytda Kun.uz nashri bilan cheklanayotgani yo’q. Biroz avval mamlakatdagi yangi nashrlardan yana biri “Xabar.uz”ning muxbiri Karimberdi To’xtamurod hokimiyat tomonidan o’lim tahdidi olgani haqida bayonot bildirgan edi.

Bu tahdidlarga jurnalistning kattaqo’rg’onlik o’qituvchi ayol Diana Yenikeyeva o’limi yuzasidan o’tkazgan surishtiruvi sabab bo’lgan. Majburiy ravishda ko'cha tozalashga olib chiqilgan 23 yoshli Diana Yenikeyeva yuk mashinasi urib yuborishi oqibatida halok bo’lgan edi. Bu halokat o’qituvchilarni majburiy mehnatdan xolos etish uchun kurashayotgan ayrim nashrlarda, xususan, jamoatchilik orasida ham keskin munozara qo’zg’adi.

Bu munozaralar ham bilvosita Prezident Mirziyoyev nomi bilan bog’liq, chunki Yenikeyeva doxil o’qituvchilar guruhi hokimiyat ko’rsatmasiga muvofiq prezident Mirziyoyev o’tishi kutilgan katta magistral ko’chani tozalashga olib chiqilgan edi. KarimberdiTo’xtamurod shu halokat sabablarini, o’qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilinganini aniqlashi ortidan tahdidlarga yo’liqqan.

U tahdidlar ortidan ijtimoiy tarmoqda “Meni o’ldi desalar, ishonmang!” deb nomlangan bayonot bilan chiqdi, tahdidlar o’ta jiddiy tus olgani, ustiga mashina haydash bilan qo’rqitilgani, o’ziga nisbatan biror halokat uyushtirilishi mumkinligi haqida yozdi.

Karimberdi To’xtamurod Prezident Mirziyoyev islohotlarini olqishlayotgan faollardan. Jurnalist “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida tahdidlar ortida Mirziyoyev islohotlariga qarshi bo’lgan sobiq amaldorlar turibdi degan qarashni bildiradi.

“Shavakat Mirziyoyev biz kutgan prezident, u biz kutgan so’z erkinligini berdi, bizdan o’zi kabi shijoat bilan ishlashni talab qilyapti, faqat eski tuzumdagi, eskicha ishlab turgan amaldorlar prezidentning ishlariga to’g’onoq bo’lmoqda”, - deydi jurnalist.

Ta’kidlash joiz, hokimiyatga kelganiga ikki yilga yaqinlashayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev haligacha matbuot uchun bevosita chiqish qilmadi, intervyu bermadi, mamlakatdagi islohotlar, o’zgarishlarga doir chaqiriqlari milliy televideniye orqali namoyish qilib kelinadi, ammo prezidentning o’zi hamon matbuot uchun yopiq.

Jamoatchilikda Mirziyoyevga nisbatan ishonch hamon kuchli, ayniqsa, islohotlarga yaqindan qo’shilishga urinayotgan, buning uchun turli tazyiqlarga uchrayotgan faollar tomonidan.

Bloger Abbos Asad ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Bosh vazir Abdulla Aripovni iste’foga chiqarishni so’ragani uchun jarimaga tortilgan. U ham mavjud tazyiqlarda prezident Mirziyoyev tanqiddan xoli, ayb sobiq tuzumdan qolgan amaldorlarda deb hisoblaydi.

“Oldingi davrdan qolgan, avvalgi tuzum qolipiga tushib qolgan amaldorlar, rahbarlar eski mentalitetdan voz kecha olmayapti. Ular hozir mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatni to’liq holatda anglay olmayapti, inersiya bilan eskicha faoliyat yuritmoqda. Shuning uchun O’zbekistonda eski qolipdagi bu rahbarlardan qutulib, ularning o’rnini yosh, malakali mutaxassislar bilan to’ldirish kerak”, - deydi bosh vazirni tanqid qilgani uchun sudga tortilgan jurnalist.

Mamlakatda siyosiy mahbuslar ozod etilayotgani haqida muntazam xabar tarqatib kelgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati shu hafta jamiyatning Andijondagi faoli Musajon Bobojonov diniy ektremistik adabiyotlarni saqlashda aybdor topilib, uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilinganini ma’lum qildi.
Bobojonov ayblovni tan olmagan, hukm ustidan shikoyat kiritishi kutilmoqda, mahkamaning qarori mahalliy faollarni qo’rqitishga urinish sifatida baholanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG