Breaking News

O'zbekiston sudyalari xalqqa murojaat qildi: endi adolat kuchayadimi?


O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi

"Ongida adolat, tilida haqiqat, dilida esa poklik" - bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sudlarni do'konga aylantirganlikda ayblanib, keskin tanqid qilingan O'zbekiston sudyalarining yangi qiyofasi bo'lishi kutilmoqda. Sudyalarning bir o'girilib "poraxo'r" dan "farishta"ga aylanishiga ishonuvchilar juda kam, ammo "Xalq so'zi" gazetasida respublika sudyalari nomidan O'zbekiston xalqiga e'lon qilingan murojaatga ko'ra, adolat posbonlari o'z xatolarini tushunib yetgan, xalq bilan muloqotga kirishmoqchi.

Hokimiyatning mustaqil bo'g'ini bo'lgan sudning bevosita xalqqa murojaat bilan chiqishi dunyo tajribasida kam kuzatiladigan holat. Murojaat O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iyun oyida sudyalar bilan o'tgan va keskin tanqid bilan kuzatilgan uchrashuvi ortidan e'lon qilinmoqda.

Murojaatda yozilishicha, O'zbekiston sudyalarining bundan keyingi faoliyati "ongda adolat, tilda haqiqat, dilda poklik ustuvorligi“ga asoslanadi.

Murojaat mualliflari noma'lum, ammo uning rasmiy nashrda bosilishi hokimiyatning mustaqil bo'g'ini bo'lmish sud tizimi inqirozda ekanidan darak beradi. Shavkat Mirziyoyevning iyun oyida sudyalar bilan o'tgan uchrashuvida aynan shu inqiroz tilga olingan edi:

"Men hayron qolaman, lavozimga qo'yilganiga besh oy bo'lgan, bir yil bo'lgan, prezident qo'l qo'yadi sudga, uch oydan keyin yurishi o'zgaradi, turishi o'zgaradi, qip-qizil poraxo'r bo'ladi. Pora bilan qo'lga tushadi, men yo'q bu mumkin emas, sud bunday qilmaydi deyman, yo'q mana dalil, mana gap, mana isbot. Sizga hech kim bu gaplarni aytmaydi. Hamma biladi, lekin bilmaslikka oladi, ko'radi, ko'rmaslikka oladi. Bu siyosatimizga xiyonat. Fuqarolar adolatni qaror toptirish umidida oylab, yillab sarson-sargardon bo'lib, najot istab prezidentga murojaat qilmoqda. Shuning o'zi sudlar faoliyatiga xalq tomonidan berilayotgan munosib baho emasmi?“ - degan edi MirziyoyevToshkentda o'tgan mazkur yig'ilishda.

Bunga javoban tayyorlargan murojaatda O'zbekiston sudyalari “Yurtboshi” tomonidan ko'rsatilgan jiddiy kamchilik va muammolarni hal etishga, ishga bo'lgan munosabatni tubdan qayta ko'rib chiqish va shaxsiy mas'uliyatni oshirishga va'da berishadi. Shu maqsadda dastlabki qadamlar sifatida xalq bilan bevosita ochiq muloqot o'rnatish, uning buzilgan haq-huquqlarini tiklash, haqiqatni qaror toptirish nazarda tutiladi.

Toshkentlik faollardan biri Abdulla Tojiboy o'g'li bir necha bor noqununiy piketlar o'tkazishda ayblanib katta miqdorda jarimaga tortilgan. U bu qarorlar ustidan muntazam shikoyat qilib keladi. Uning arizasi yaqinda Oliy sud tomonidan ham qanoatlantirilmagan.

Abdulla Tojiboy o'g'lining aytishicha, sudlar eski tizimda ishlashda davom etmoqda, ularning birdaniga o'zgarishi, fuqaro ishlarini xolis ko'ra boshlashini tasavvur etish juda qiyin.

“Men hokimiyat almashishidan keyin boshlangan islohotlardan kelib chiqib, Karimov davrida chiqarilgan adolatsiz qarorlarni bekor qilish uchun harakat qilib kelayapman. Ammo hozirgacha sudlar ishida biror ijobiylik borligiga, ishlar qayta ko'rib chiqilayotganiga guvoh bo'lmadim. Hamma joyda bir javob: muddati o'tgan. Shundan so'ng men Prezident devoniga murojaat qildim va u yerda o'zimga o'xshagan sudlar ustidan adolat istab yurgan yuzlab, minglab odamlarni ko'rdim. Ular ham sudlar ustidan shikoyat qilib, biron natijaga erisha olmay yurgan fuqarolar. Bu bilan aytmoqchimanki, sudlarning bir aylanib farishta bo'lib qolishiga hech kim ishonmaydi. Aytmoqchimanki, prezident ehtimol islohotlar o'tkazmoqchidir, ammo haligacha sudlar Karimov davridagi tuzumga asoslangan. Tuzumning davom etayotganiga guvoh bo'layapman”, - deydi Tojiboy o'g'li.

Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston sudyalariga nisbatan asosiy e'tirozi, bu ularning poraxo'rligi. U sudyalar oldidagi chiqishida poraxo'rlik avjiga chiqqan viloyatlarni ham sanab o'tdi, bu borada oldingi o'rinda Toshkent shahar va viloyat sudlarini qayd etdi.

“Mana o'zlaringiz ko'rib turibsiz, ahvol qanday…Toshkent viloyati bilan Toshkent shahar, ayniqsa, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo'yicha sudi, kechirasizlaru, sudning xonasini do'kon qilib olgan… ”, - dedi Mirziyoyev.

Abdulla Tojiboy o'g'liga ko'ra, sudlarning poraxo'rligi haqiqat, ammo bundan xolos bo'lish uchun sud tizimida jiddiy islohotlar qilinishi kerak.

“Buning uchun sudyalarning huquqini, erkinligi va mustaqilligini ta'minlaydigan hukumat bo'lishi kerak, sudyalarni xalq saylashi kerak, prezident emas. Asosiysi, poraga ehtiyoji bo'lmaydigan darajada maosh bilan ta'minlanishi kerak. Xullas, ular biror ishni bir tomonlama ko'rib chiqmasligi uchun jiddiy muhofazalanishi kerak, shundagina odil sud tizimi qaror topishi haqida gapirish mumkin bo'ladi”, - deydi u.

O'zbekiston qonunchiligiga ko'ra, sudlar hokimiyatning mustaqil bo'g'ini, ularning ishiga aralashish taqiqlanadi, ammo amalda sudlar faoliyati buyurtma ishlarni bajarish, pora evaziga humklar chiqarish, siyosiy ishlar ko'rib chiqilishida esa mutlaqo hokimiyatga qaramlik bilan tanilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG