Breaking News

Mirziyoyev barcha siyosiy mahbuslarni ozod qiladimi?


O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev

O`zbekistonda prezident vafotidan so`ng o`tgan uch oy mobaynida ikkinchi siyosiy mahbus, qariyb chorak asr qamoqda saqlangan Samandar Qo'qonov ozodlikka chiqdi. AQSh elchixonasi shu munosabat bilan tarqatgan bayonnomasida O`zbekiston hukumatini olqishlar ekan, siyosiy mahbuslarni ozod etish harakati davom etishidan umid bildirdi.

Siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarish qaroriga muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev daxldor ekanligiga ishonishadi. Faollarga ko`ra, O`zbekiston hukumatining siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarish siyosatida o`zgarishlar kuzatilayotgani yo`q, ular taqdiri xalqaro bosimlarga bog`liqligicha qolmoqda.

23 yildan oshiq umrini O`zbekiston qamoqxonasida o`tkazgan Samandar Qo`qonov o`tgan hafta ozodlikka chiqdi, undan avval huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov ozod etilgan edi. Har ikki siyosiy mahbusning ozodlikka chiqishi mamlakatda hokimiyat almashishi, O`zbekistonda boshqaruv Shavkat Mirziyoyev qo`liga o`tgan davrga to`g`ri kelmoqda. Ozodlikka chiqqan siyosiy mahbuslarning o`zlari muvaqqat prezident muruvvatiga ko`ra qamoqdan chiqishganiga ishonishadi.

Shavkat Mirziyoyev bosqichma-bosqich siyosiy islohotlarni amalga oshirishiga ishonuvchilar ham ko`p, ammo vaqt o`tgan sayin bunday umid tobora so`nib bormoqda.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko`ra, umidlar oqlanmayotganiga asoslar yetarli. Hokimiyat almashganiga uch oy bo`lyapti, siyosiy mahbuslar hamon qamoqda; Karimov davrida ham ularning ayrimlari shu tariqa ozod etilgan, deydi u.

“Hozir Mirziyoyevni hamma joyda maqtab turishibdi. Mayli, Samandar Qo`qonovning ozod etilishiga u buyruq bergandir. Nima qilsa ham, hozir u prezident. Lekin aslida uning ozod bo`lishi AQSh harakati, bosimi tufayli amalga oshdi. Endi buni Mirziyoyev qilayapti deb nog`ora chalishyapti. Hozir 30-40 nafar siyosiy mahbus qamoqda, o`tiribdi hammasi. Qo`qonovni xalqaro bosim bo`lgani uchun ozodlikka chiqarishga majbur bo`ldi. Karimov davrida ham shunday edi, bosim kuchaygandan keyin ma`lum siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqishgan edi”, - deydi Ikromov.

O`zbekiston parlamentining sobiq deputati, 23 yil qamoqda o`tirgan Samandar Qo`qonovga yaqinda yana uch yillik muddat qo`shib berilishi ortidan AQSh rasmiylari O`zbekiston hukumati bilan Qo`qonovni ozod etish bo`yicha muzokara yuritgani xabar qilingan edi.

Qo`qonov ozod etilarkan, AQShning O`zbekistondagi elchixonasi hukumatning bu qadami olqishlangan bayonnoma tarqatdi. Unda O`zbekiston hukumati siyosiy mahbuslarni ozod etish harakatini davom ettirishiga umid bildiriladi.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva Qo`qonovning ozod etilishi o`zgarishlarga misol emasligini ta`kidlaydi.

“Gap shundaki, Qo`qonov ishi uzoq yillar jamoatchilikdan yashirildi, uning qarindoshlari ham o`zlarini uzoq tutishdi. Ammo 23 yildan so`ng ham u qamoqda qolaverishi ayonlashgach, qarindoshlari ortiq jim tura olishmadi. Jurnalistlar bilan, huquq himoyachilari bilan aloqaga chiqishdi. Shundan so`ng diplomatlarning bu ishga munosabati boshlandi. Qo`qonovning ozod etilishida AQSh diplomatiyasi alohida o`rin tutdi. Qo`qonovning 23 yil qamoqda o`tirgani, buning ustiga yana 3 yillik jazo qo`shilgani jamoatchilikda juda keskin reaksiya uyg`otdi. Tasavvur qiling, O`zbekistonda eng uzoq qamoq jazosining o`zi 25 yil. Hukumat Qo`qonov allaqachon unutilgan deb hisoblagan edi, ammo yanglishdi. Jamoatchilikning munosabatini ko`rdi, qarshi borishga jazm qilolmadi. Afsuski, uning ozod etilishi Karimov davridagi rejim o`zgara boshlaganidan darak bermaydi”, - deydi Atayeva.

Surat Ikromovga ko`ra, O`zbekistonda qamoqda qolayotgan 30 dan oshiq siyosiy mahbuslarning taqdiri bugun hokimiyatning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev xohish-irodasiga bog`liq bo'lib turibdi. Ammo yangi rahbar bu borada hech narsa deyayotgani ham, qilayotgani ham yo`q.

“Diktatura sistemasi o`sha, hamma rahbarlar Mirziyoyevning nima deyishini kutib turishibdi. Lekin hech narsa yo`q, masalan, televideniye orqali chiqish qilib, mana shuncha odamlar nohaq qamoqda o`tirishibdi deydigan, qolaversa, uning o`zi yaxshi biladi, siyosiy mahbuslarning nohaq qamoqda o`tirganini. Yoki minglab diniy mahbuslar o`tirgani haqida gapirayotgani yo`q”, - deydi u.

Nadejda Atayeva nafaqat qamoqda qolayotgan, balki qamoqdan chiqqan siyosiy mahbuslarga, ular hamon keskin nozorat ostida yashashga mahkum qolayotganiga diqqat qaratadi.

“Qamoqxonada qolayotgan siyosiy mahbuslarning, mamlakatda ishlayotgan, qamoqdan chiqqan faollarning ayni paytdagi vaziyati o`ta xavotirli, hozirgi jarayonda bu masalaning jamoatchilik diqqatida bo`lishi o`ta muhim”, - deydi u.

Faollarga ko`ra, O`zbekiston qamoqxonasida ayni paytda 30 dan oshiq siyosiy mahbuslar bor. Diniy ayblovlar bilan qamalgan, vijdon tutqunlari sifatida ta`rif berilayotgan mahbuslarning soni esa 12 mingdan oshiq ko`riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG