Rustam Inoyatov AQSh sanksiyasiga uchrashi mumkin


O'zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov

Bir qator huquq tashkilotlari AQShdan O'zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatovni "Magnitskiy qonuni" doirasida sanksiyaga uchragan amaldorlar ro'yxatiga kiritishni so'ramoqda. Agar bu tasdiqlansa, Inoyatovning xorijdagi moliyaviy amaliyotlari muzlatilishi mumkin. Bu O‘zbekiston hukumati va xalqiga qarshi sanksiya emas, balki aynan Inoyatovning o'ziga qaratilgan chora ekanligi aytilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar MXX raisi Rustam Inoyatovni tergov jarayonlarida va qamoqda qiynoq tajribasini rag‘batlantirgan va O'zbekistonda keng joriy etgan shaxslardan biri sifatida qayd etishgan. O‘zbek maxsus xizmatining uzoq yillik qudratli yetakchisini jazolashni so‘rayotgan tashkilotlardan biri Human Rights Watch rasmiylariga ko‘ra, Inoyatovga nisbatan sanksiya davlatlararo munosabatga ta’sir ko‘rsatmaydi.

AQSh sanksiyalarini ko`zda tutuvchi “Magnitskiy” ro‘yxati avval faqat rossiyalik amaldorlarga qarshi qaratilgan edi. Xalqaro huquq tashkilotlari ro‘yxatni qiynoq qo‘llash tajribasini rag‘batlantirgan boshqa davlatlardagi amaldorlar hisobiga ham kengaytirishni talab qilmoqda.

20 dan ortiq xalqaro tashkilotlar tomonidan tuzilib, AQSh hukumatiga yaqinda taqdim etilgan dastlabki ro‘yxatda MXX raisi Rustam Inoyatov nomi ham bor.
Human Rights Watch tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha mas’ul rahbari Stiv Sverdlovga ko‘ra, Inoyatovning bu ro‘yxatga kiritilishi mamlakatdagi qiynoqlar ortida bevosita maxsus xizmatlar turgani bilan bog‘liq.

“Magnitskiy ro‘yxati avvaliga faqat Rossiya bilan bog‘liq edi. Bir yillar avval bu ro’yxatni kengaytirish qarori qabul qilindi va xalqaro tashkilotlar inson huquqlarini qo‘pol ravishda toptab kelayotgan rahbarlarning global ro‘yxatini tuzish ishini boshlashdi. Asosiy e’tibor inson huquqlari qo‘pol buzilishiga javobgar shaxslar, ularning qurbonlariga qaratildi. Rustam Inoyatovga kelsak, bilasiz, u O‘zbekistonda qiynoqlar qo‘llanilishi ortida turgan idorani uzoq yillardan buyon boshqarib keladi va buning uchun bevosita javobgar. Ro‘yxatga kiritilganlar puxta o‘rganilgan, ular o‘ta jiddiy tazyiqlarga javobgar shaxslar. Bizning tashkilot Inoyatovga nisbatan sanksiya qo‘llash lozimligini ancha yillardan buyon talab qilib kelayotgan edi. Bu nafaqat ro‘yxatda misol tariqasida kelgan Azam Farmonovning ishi bilan bog‘liq, bunday holatlar juda ko‘p. Masalan o‘tgan yil Buxoroda tadbirkor Ilhom Ibodov qiynoqlardan vafot etdi. Inoyatovning inson huquqlari qo‘pol toptalishida bevosita javobgarligini ko‘rsatuvchi bunday misollar juda ko‘p.“Magnitskiy” ro‘yxati inson huquqlariga bog‘liq eng og‘ir jinoyatlarga daxldor, bular etnik qirg’in, insoniyatga qarshi jinoyatlar, qiynoqlar ”, - deydi Sverdlov.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan AQSh Davlat kotibiga jo‘natilgan ro‘yxatning MXX raisi Rustam Inoyatov bilan bog‘liq bandida qiynoqlarni boshdan kechirgan va hamon qamoqda qolayotgan huquq himoyachisi taqdiri misol sifatida keltirilgan.

Stiv Sverdlovning aytishicha, gap huquq himoyachisi A'zam Farmonov haqida bormoqda. Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan Sverdlov hanuz qamoqda bo'lgan huquq himoyachisining turmush o‘rtog‘i bilan uchrashgan.

“Farmonov qiynoqlarni boshdan kechirgan, unga nisbatan belgilangan qamoq jazosi bir necha bor uzaytirilgan. U “Jasliq” qamoqxonasida saqlanmoqda. Aytmoqchi, men yaqinda O‘zbekistonda bo‘lganimda Farmonovning turmush o‘rtog‘i Ozoda bilan ko‘rishdim. Farmonovning taqdiri AQSh Kongressida ko‘tarilishiga va’da bergan edim. Albatta, mening O‘zbekistonga safarim bu ish bilan bog‘liq emas edi. Bu ro‘yxatning yuzaga chiqishi AQSh qonunchiligida qabul qilingan o`zgarishlar bilan bog`liq. Magnitskiy aktini kengaytirish uchun ovoz bergan senatorlar bizdan ham bu borada maslahat so‘rashgan edi, biz esa o‘z tavsiyalarimizni ishlab chiqdik, ro‘yxatda Inoyatovdan tashqari Tojikiston, Ozarboyjon va boshqa davlatlardan ham “keyslar” bor”, - deydi Sverdlov.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan tuzilgan bu ro‘yxat AQSh hukumatiga taqdim etilgan, bu ro‘yxat yuzasidan qanday qaror qabul qilinadi, hozircha noma’lum.

Agar ro‘yxat AQSh hukumati tomonidan tasdiqlangan taqdirda Inoyatovga nisbatan qanday chora qo‘llanilishi mumkin? MXXning amaldagi raisiga nisbatan sanksiya qo‘llanishi O‘zbekiston bilan aloqalarga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin?

Bu savollarga Stiv Sverdlov quyidagicha javob beradi:

“Magnitskiy ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning AQShga kirishi taqiqlanadi, ularga viza berilmaydi. Ikkinchidan esa, bu qonunchilikdagi muhim jihatlardan biri, bu shaxslar AQSh hududida, AQSh yurisdiksiyasiga kiruvchi banklar tizmida operatsiyalar o‘tkazish huquqidan mahrum qilinadi. Ya`ni, bu shaxslarning AQSh moliya tizimi ustuvor bo‘lgan hududlardagi faoliyati cheklanadi, muzlatiladi. Bu sanksiyadagi ikki chora ham faqat bir shaxsga qaratilgan, O‘zbekiston hukumatiga yoki O‘zbekiston xalqiga emas”, - deydi Sverdlov.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatini 20 yildan oshiq boshqarib kelayotgan Rustam Inoyatov mamlakatdagi eng qudratli shaxslardan biri sanaladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG