Breaking News

Xalqaro hisobot: O'zbekistondagi o'zgarishlardan umid bor


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Inqirozlarni o`rganish xalqaro guruhi O`zbekiston prezidentining dastlabki faoliyatiga doir hisobot chop etdi. Unga ko`ra, o'tgan uch oy Markaziy Osiyodagi eng repressiv rejimlardan birida o`zgarishlar bo`lishiga umid paydo qilgan. Ammo O`zbekistonning taraqqiyot yo`li hozircha mavhum qolayotgani, umidlarning avvalgi rejim tayanchlaridan bo`lib kelgan Mirziyoyevga, hokimiyatdagi ziddiyatlarga bog`liq qolayotgani vaziyat o`zgarishsiz qolishi ehtimolini xoli qilmaydi.

Mirziyoyevning dastlabki faoliyatiga baho
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:45 0:00

Xalqaro guruhning Toshkent, Farg`ona, Bishkek va Bryusseldagi manbalariga tayanib tayyorlagan hisobot Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik qasamyodidan keyingi yuz kunlik faoliyatini tahlil qiladi.

4-dekabrdagi prezidentlik saylovida go`lib bo`lgan Mirziyoyev 14-dekabr kuni qasamyod qabul qilgan edi.

O`zbekistonda ilk bor Karimovdan boshqa bir prezident hokimiyatga kelganiga diqqat qaratgan hisobot Markaziy Osiyoning eng repressiv davlatlaridan birida islohotlarga umid paydo qilganini, ammo bir nechta siyosiy mahbuslar ozod qilinganiga qaramasdan, umidlar oqlanishi haqida gapirishga erta ekanini ta`kidlaydi.

Hisobotga ko`ra, Mirziyoyevning 100 kunlik boshqaruvi asosiy masala - va`da qilinayotgan islohotlar shunchaki targ`ibot kampaniyasimi yoki hokimiyatning siyosiy, iqtisodiy vaziyatni o`zgartirishga qaratilgan tugal qarorimi, degan savollarga aniqlik kiritish uchun yetarli vaqt emas.

Prezidentning dastlabki bayonotlari, jumladan, uning mamlakat bo`ylab qilgan safarlari, ayniqsa, Qoraqalpog'istonga qilgan tashrifi, oddiy aholi bilan “selfi” tushishi mamlakat siyosiy tarixida kuzatilmagan voqelik bo`lgan. Odamlarda o`zgarishlarga umid paydo qilgan. Prezidentning oddiy aholi bilan muloqotni kuchaytirishi, bu boradagi bayonotlari, asosan, xalq orasidagi obro`sini oshirish, boshqaruvini mustahkamlashga qaratilgan bo'lishi ham mumkin.

Xalqaro guruh hokimiyat ichkarisida kurash mavjudligini ehtimoldan soqit qilmaydi. Xususan, Rustam Azimovning lavozimidan pastlatilishi, MXX raisi Inoyatovning qudratda qolayotgani va hukumat va`da qilayotgan islohotlarga ta`sir o`tkazishi mumkinligi ziddiyatlar kurashidan darak bermoqda.

Mirziyoyevning Vazirlar Mahkamasi yig`ilishida aytgan “mening fojeam siz haqingizda hamma narsani bilishim” degan so`zlariga diqqat qaratilar ekan, bu bayonot Karimov davrida 10 yildan ko`proq hukumatni boshqargan prezidentning avvalgi rejimdan masofalanish istagi o`laroq baholanadi.

Hisobotga ko`ra, prezidentning qishloq xo`jaligini rivojlantirishga doir bayonotlari diqqatga molik. Bu G`arb tomonidan dastaklanishi kerak, ammo soha boshqaruvi eski, sovetcha buyruqbozlik shaklida qolishi ehtimoli ham mavjud. Mirziyoyevning mintaqa davlatlari bilan aloqalarni tiklashi, chegaraviy ziddiyatlarni yumshatishi olqishli o`zgarishlardan biri sifatida qayd etilgan.

O`zbekistonni 27 yil davomida boshqarib kelgan Islom Karimov vafoti ortidan hokimiyatga uning siyosiy vorisi, uzoq yillar bosh vazirlik qilib kelgan Shavkat Mirziyoyev keldi, saylov kompaniyasi davrida islohotlar o`tkazishga va`da berdi.

Uning prezidentlikka rasman kirishganiga 100 kundan, davlat boshqaruvga kelganiga yarim yildan oshmoqda. Prezidentdan kutilgan islohotlar bo`yicha munozaralar davom etmoqda, kimlardir umidli, kimlardir bu umidlar oqlanmadi degan fikrda.

O`zbekistondagi faollardan Zohidjon Zokirov jamiyat o`zgarishlarga yuz tutmoqda deb hisoblaydi.

“Hozir o`zgarishlar bor, avval tanqidiy chiqishlar bo`lmasdi, hozir ziyon yetkazgan amaldorlarni ham tanqid qilishyapti, radioda, televideniyeda tanqidiy chiqishlar ko`paygan. Yevropa Banki O`zbekistonga qaytib kelyapti, avval chiqarib yuborilgan edi. Bu ham demokratik o`zgarishlar bo`layotganidan darak. Hammasi sekinlik bilan bo`ladi. Birdagina qilish mumkin emas, chunki rahbarlarning ko`pi eskicha ishlashga o`rgangan. Mirziyoyev juda to`g`ri siyosat yurg`izayapti. To`g`ri, inson huquqlari faollari qamoqda, mana ayrimlari ozod qilindi, qolganlari ham sekinlik bilan chiqib qoladi. Men qo`llayman uning bu siyosatini”, - deydi u.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan faollardan, huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov nazarida jamiyat hamon yopiq, siyosiy islohotlar o`tkazlishi mumkinligiga ishora ham qilayotgani yo`q.

“Mirziyoyev iqtisodda ham, siyosatda ham o`zgarish qiladi deb o`ylamayman. Mmamlakat boshi berk ko`chaga kirayapti. So`mning kursiga qarang, bir dollar sakkiz ming so`mga yaqinlashib qoldi, ikki barobarga qadrsizlandi, qizim 600 ming so`m maosh olardi, bu avval 200 dollar edi, hozir 80 dollardan oshadi. Mana, Urlayevani yana qamab qo`yishdi, yoki tadbirkorlarni oling, korrupsiya haqida gapirgan Sulaymonov qamaldi, yana birining o`limi tergov qilinmayapti. Mirziyoyevning tadbirkorlarga, muxolifatga ham munosabati o`zgarmagan. Karimov ham erkinlik, demokratiya haqida gapirgan, lekin amalda hech narsa qilmagan, Mirziyoyev ham shu yo`ldan ketayapti”, - deydi u.

O`zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan uzoq yillardan buyon qamoqda o`tirgan bir necha siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqdi, ammo jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxolifat a`zolaridan iborat o`nlab kishi hamon qamoqda, siyosiy faoliyati uchun jazo o`tamoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG