Breaking News

Qozog'istonda halokatga uchragan o'zbekistonliklarga yordam ko'rsatiladi


Aktobe yo'llari
Aktobe yo'llari

22-iyun kuni 50 nafar O'zbekiston fuqarosi ketayotgan avtobus Qozog'istonda halokatga uchrashi oqibatida 9 kishi o'lgan, 10 dan ortig'i shifoxonaga yotqizilgan.

Rossiyaning Volgagrad shahridan Qozog'istonning Chimkent shahri tomon kelayotgan avtobus Aktobe viloyatida halokatga uchragan. Yo'lovchilar, asosan, O'zbekistonga qaytayotgan yoki kirish-chiqish vizasini to'g'rilash uchun Qozog'istonga o'tgan mehnat muhojirlaridan iborat ekani aytilmoqda.

Qozog'iston politsiyasiga ko'ra, avtobus ag'darilib ketgan. O'lganlarning barchasi O'zbekiston fuqarolari.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qurbonlarning, jarohatlanganlarning ro'yxatini e'lon qildi. Vazirlik ma'lumotida aytilishicha, halok bo'lgan va jabrlangan fuqarolarning qarindoshlari xabardor qilinmoqda.

Faollarga ko'ra, O'zbekiston jamoatchiligi xorijdagi mehnat muhojirlari turli sharoitlarda ishlashiga, o'nlab sonda halok bo'lishayotganiga ko'nikib qolgan.

Rossiyada ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevning aytishicha, O'zbekiston hukumati xorijda vafot etgan muhojirlarni vatanda dafn etish uchun ko'mak ko'rsatgani ilgari kuzatilmagan. Ular, ko'pincha, o'zga yurtlarda, jumladan, Rossiyada dafn qilinadi.

“Bunday holatlar ko'p, Rossiyaning turli viloyatlarida, turli sharoitlarda halok bo'layotgan o'zbeklarning jasadlarini o'z yurtiga qaytarish imkoniyati yo'q, davlat yordam bermaydi. Musulmonchilik qoidalariga ko'ra jasadni uzoq ushlash mumkin emas, shuning uchun turli joylarda dafn etilayapti. Juda achinarli holat. Davlat shug'ullanishi kerak bu bilan, men har kuni yuzlab odam o'layapti demayapman, ammo ko'p. O'zbekiston hukumati esa muhojirlarning taqdiri bilan qiziqayotgani yo'q. Bunday halokatga yo'liqqanlarning umidsizlikka tushishi yaqqol ko'rinadi. Hukumatga faqat ularning pullari kerak”, - deydi huquq faoli.

Bahrom Hamroyevga ko'ra, halokatga uchragan yo'lovchilar kirish-chiqish vizasini to'g'rilash uchun Qozog'istonga o'tib qaytish yoki Chimkent orqali O'zbekistonga yetib olish istagidagi mehnat muhojirlari bo'lgan.

“Hozir Ukrainaga kirib chiqish to'xtatilgan, yagona yo'l faqat Qozog'iston. Ko'plab muhojirlar shu yo'l orqali, Qozog'istonga o'tib-qaytib, o'z pasportlariga muhr qo'ydirishadi, Rossiyada bo'lishni qonuniylashtirishadi. Aslida bu ham juda katta noqulaylik. Muhojirlar bunda, asosan, avtobuslardan, boshqa transport vositalaridan foydalanishadi”, - deydi Hamroyev.

Tashqi ishlar vazirligi saytiga qo'yilgan oxirgi bayonotga ko'ra, O'zbekistonning Qozog'istondagi elchixonasi vakillari hodisa joyiga yetib borgan va jabrlanganlarga huquqiy va boshqa turdagi yordam ko'rsatmoqda. Unda, shuningdek, qurbonlarni va jabrlanganlarni O'zbekistonga jo'natish uchun maxsus aviareys tashkil qilinayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG