Breaking News

O'zbekistonda saylovoldi tashviqot: siyosiy islohotlar haqida gap yo'q


O’zbekistonda siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini boshlashgan, ammo ularning dasturlarida mamlakat siyosiy islohotlarga muhtojligi haqida biror gap yo’q. Oliy Majlis uchun kurashayotgan siyosiy partiyalar asosan ijtimoiy muammolarga diqqat qaratayotgani, taqdim etilgan erkinlik darajasida tashviqot o’tkazayotgani kuzatiladi. Shakllanishi kutilayotgan yangi parlament ham eski faoliyatiga sodiq qolishi ta’kidlanmoqda.

Yangi parlament eskicha ish uslubidan voz kechadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:55 0:00

O’zbekiston parlamenti uchun saylov kampaniyasi davomida partiya liderlari, amaldagi ayrim deputatlar, nomzodlar birmuncha faollashgani seziladi. Ammo partiyalarning saylov davrida o’zaro turli bahs-munozaralar qo’zg’ashi turg’unlik davrida o’tgan saylovlarda ham kuzatilgan holat.

Partiyalar o’rtasida o’tayotgan bahs-munozaralar asosan ijtimoiy sohalarga taalluqli, ammo ayrim holatlarda partiyalar jamoatchilikda yuzaga chiqqan mojaroli vaziyatlarni ham chetlab o’tmayapti.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayev tomonidan jurnalistlarga qilingan tahdid jamoatchilikda keskin aks-sado berdi. Bu mojaroga ayrim siyosiy partiyalar ham o’z munosabatini bildirishdi, vaziyat o’rganilishi lozimligi haqida bayonotlar bilan chiqishdi.

Bizga o’z so’zini ustidan chiqadigan, yangicha qarashdagi deputatlar kerak. Bu ketishda hammasi yana “eski hammom, eski tos” bo’ladi.

Bu kabi favqulodda munosabatlar inobatga olinmasa, saylov kampaniyasi asosan partiyalarning turli ijtimoiy muammolar atrofidagi munozaralari asosida o’tmoqda. Bu munozaralarda mamlakat siyosiy islohotlarga muhtojligi, muqobil, muxolif partiyalar uchun ham siyosiy maydon ochilishi zarurligi haqida gap yo’q.

Markaziy saylov komissiyasi rasmiy partiyalarning Oliy Majlis va mahalliy kengashlar uchun ko’rsatgan nomzodlarini tasdiqlab bo’lgan. Deputatlik o’rni uchun kurashish maqsadida yurgan, shu maqsadda siyosiy partiyalarga a’zo bo’lishgan faollar e’tibordan chetda qolishgan ko’rinadi.

Nomzodi partiyasi tasdig’idan o’tmagan faollardan biri Dima Qayumning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, nisbiy uyg’onish davrida o’tayotgan bu galgi saylovlar ham avvalgilaridan deyarli farq qilmaydi.

“Kampaniyani kuzatib boryapman, faqat va’dalar berilmoqda. Men bunga shoshilmagan bo’lardim, chunki va’da vafosi bilan shirin, quruq, yolg’on va’dalardan esa xalq to’ygan. Bizga o’z so’zini ustidan chiqadigan, yangicha qarashdagi deputatlar kerak. Bu ketishda hammasi yana “eski hammom, eski tos” bo’ladi. Men uchun bunday saylovlar ma’qul emas”, - deydi Qayum.

Unga ko’ra, saylov ortidan shakllanadigan yangi parlamentning eskicha ish uslubidan voz kechishiga ishonch yo’q, hatto Oliy Majlis deputatlari safiga yangi nomlar qo’shilgan taqdirda ham.

Yangi nomlar, kadrlar bo’ladi, ammo ish uslubi eskicha qoladi, ish uslubini o’zgartirish kerak.

“Yangi nomlar, kadrlar bo’ladi, ammo ish uslubi eskicha qoladi, ish uslubini o’zgartirish kerak. Nomzodlarga e’tibor qaratsangiz, ular tepadan buyruq, komandani kutib turadigan kadrlar bo’lishi mumkin. Agar yangi kelganlar xalq dardini aytadiganlar bo’lsa, qo’rqmaydigan bo’lsa, o’zgarishi mumkin. Kuzatsangiz, odamlarning saylovga munosabati har xil, hatto satira qilishyapti, ustidan kulishyapti. Masalan, 2,5 million so’mga bir oilaning bir oy yashashi mumkinligi haqidagi fikrlarni (XDP) odamlar kulgi qilishyapti. Haqiqatda bu pulga chekka bir qishloqda ham bir oy tirikchilik qilish qiyin”, - degan fikrda bloger.

Bu galgi saylovlar prezidentlikka Shavkat Mirziyoyev kelganidan so’ng o’tkazilayotgan dastlabki parlament saylovi ekanligi bilan diqqatli.
Ammo O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan kechayotgan islohotlar jarayoni parlament saylovlarini chetlab o’tgani kuzatiladi, bu siyosiy jarayonda muxolif kuchlar, partiyalar ishtirok etayotgani yo’q, ularga ruxsat berilmagan.

22-dekabr kuni o'tadigan parlament saylovlari ishtirokchilari mamlakat keskin avtoritar boshqaruvda bo’lgan davrlarda tashkil etilgan Xalq demokratik partiyasi, Liberal demokratlar partiyasi, “Adolat”, “Milliy tiklanish” va O’zbekiston Ekologik partiyasidan iborat.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG