Soddalik, ishonuvchanlik sabab oqimlarga qo'shilayotgan o'zbeklar


O'zbekiston Nyu-Yorkdagi xuruj xorijda radikallashgan o'zbek tomonidan amalga oshirilganiga diqqat qaratmoqda. Yuk mashinasida odamlarni bosib ketgan Sayfullo Soipov Amerikada radikallashgan. Ulamolar buni zehniyatdagi soddalik va ishonuvchanlikka bog'lashmoqda. Mulohazalarga ko'ra, bugun ekstremistik guruhlar safida jang qilayotganlardan tashqari ham jihodchilik ishtiyoqida yurgan o'zbeklar kam emas.

Sayfullo Soipov haqida O'zbekiston tomoni taqdim etgan ma’lumotlarda u intizomli, ijobiy fazilatli shaxs sifatida tanishtirilgan. O'zbekistonda hech qachon huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmagan, radikal qarashlardan uzoq, o'ziga to'q oilada ulg'aygan. Oliy ma’lumotli, 2009-yili Toshkent Moliya institutini tamomlagan, bir muddat “Sayohat” mehmonxonasida hisobchi bo'lib ishlagan.

Soipovning mahallasidagi qo'shnilari uni faqat ijobiy sifatlashgan, og'ir-vazmin, boshqalar bilan munosabatdagi samimiyligi e’tirof qilingan. 2010-yilda grin-karta yutib, AQShga jo'nab ketgan. U yerda so'nggi bir necha yil davomida o'zbekistonlik ayol bilan fuqarolik nikohida yashab kelgan. AQShga borganidan so'ng odamovi bo'lib qolgan, bu haqda Amerika matbuoti ham xabar berdi, deyiladi Sayfullo Soipov haqida O'zbekiston tomoni taqdim etgan ma’lumotnomada.

Sayfullo Soipov
Sayfullo Soipov

"Jahon" axborot agentligi tomonidan tarqatilgan, O'zbekistondagi markaziy nashrlarda ham bosilgan bu ma’lumot maxsus xizmatlarning Soipovning qarindoshlari, uning tanishlari bilan o'tkazgan suhbatlari natijasida tuzilgan, deyish mumkin.

O'z vatanida diniy qarashlardan uzoq bo'lgan Soipovning qanday qilib 7 yil ichida intizomli, samimiy musulmondan radikal terrorchiga aylanishi tafsilotlari ehtimol AQShdagi tergov jarayoni davomida ochiqlanar.

Tergovchilarga ko'ra, Soipov o'z qilmishidan pushaymon emas. Hatto yuk mashinasida "Islomiy davlat" guruhi bayrog'ini ham osib qo'ymoqchi bo'lgan. Prezident Donald Tramp unga o'lim jazosi berilishini so'rayapti.

O'zbekistondagi taniqli diniy ulamolardan biri, shayx Abdulaziz Mansur “Ozodlik” radiosi bilan intervyuda aytishicha, xorijdagi o'zbeklar aynan soddaligi, ishonuvchanligi uchun turli oqimlar, jumladan O'zbekistondan chiqib ketgan radikallar tuzog'iga tushib qolayapti.

Har bir dindor, musulmon yoshni o'zini qiziqtirgan savollari bo'ladi - siyosiy, diniy yoki boshqa bir mavzuda. Bu to'g'rimi, yo'qmi degan. Shunday savollarga to'g'ri javob bera olish kerak.

“Ularning radikallashishida O'zbekistonda hech qanday omil yo'q. Ular xorijiy mamlakatga chiqqanidan keyin o'zgarib qolyapti. Ular tashqarida, bizdan chiqib ketganlar yoki o'sha yoqdagi radikal g'oyalarga ega kishilar bilan gaplashganda, ularning so'zlariga ishonib, yosh yigitlarimiz qotillikka boryapti. Zaharlangan, noto'g'ri fikrda. Ular na islom diniga, na o'sha tashqaridagi holatga muvofiq ish qilishyapti. Nima uchun aynan o'zbeklar ko'pligi sababini aniq bilmayman, ammo o'zbeklarimiz nima ish qilsa astoydil qiladi. Ularning tashviqotiga ham shunday berilgan, nihoyatda sodda, ishonuvchan, e’tiqodda. Siyosatda ham, eshitganiga ishonib e’tiqod qilib oladi”, - deydi Mansur.

Avvalroq, xorijda yashayotgan diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda o'zbeklarning xorijda radikallashayotgani sababini vatandagi diniy ta’qiblar, ulamolarning talabga javob bermasligida ko'rgan edi.

Abutovga ko'ra, mamlakatda davlatga xizmat qilmagan mustaqil imomlar tazyiqqa tushdi, davlat siyosatini qo'llab kelgan imomlarning qadri yo'qoldi. Xorijda turli oqimlar bilan tanishayotgan o'zbeklarda jihod tushunchasi shunga muvofiq shakllanmoqda.

“Haqiqatni aytuvchi ulamolar qolmadi. Har bir dindor, musulmon yoshni o'zini qiziqtirgan savollari bo'ladi - siyosiy, diniy yoki boshqa bir mavzuda. Bu to'g'rimi, yo'qmi degan. Shunday savollarga to'g'ri javob bera olish kerak. Masalan, menga ham shunday savollar bilan murojaatlar bo'ladi, Suriyaga ketmoqchiman, afg'onga o'tmoqchiman, shahid bo'lmoqchiman degan. Men ularga aytaman, ishlayapsanmi, pul jo'nat uydagilaringga, uylanmagan bo'lsang uylan. Bu narsa vojib, shu narsa halol deyman. Shahid bo'laman deb, bir joyga borib, daydi o'qqa uchib o'lib ketish kerak emas”, - deydi Abutov.

Sayfullo Soipov ijaraga olgan yuk mashinasi
Sayfullo Soipov ijaraga olgan yuk mashinasi

Sayfullo Soipov Nyu-Yorkda amalga oshirgan xuruj ijtimoiy tarmoqlardagi muhokama markazida turibdi. Munozaraga kirishayotgan bir tomon Soipovning qilmishidan barcha o'zbeklar xijolatda qolgani haqida yozayotgan bo'lsa, boshqa bir tomon fikricha yo'ldan adashib qotillikka chog'langan bir shaxsning qilmishi, o'zbeklar, o'zbekistonliklarni tamsil etmasligi kerak.

O'zbekistondagi ayrim axborot vositalari AQSh elchixonasi sobiq diplomati Mark Askinoning (Mark Asquino) ijtimoiy tarmoqdagi mulohazasiga o'rin berishgan. O'zbekiston haqida iliq fikrlar bildirgan diplomat xuruj haqida “bir axmoqning qilgan ishlarini u kelib chiqqan butun bir millatga bog'lash noto'g'ri. Shuningdek, bu fojeadan foydalanib, grin-kartaga tahdid solish ham uyat”, degan fikrlarni yozib qoldirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG