Breaking News
Din

E'tiqod erkinligi diniy ta'limga bog'liq, deydi O'zbekistonga safar qilgan ekspert


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
E’tiqod erkinligi - uzviy huquqlaridan biri. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida aytilganidek, odam o’zi istagan dinga sig’inishi yoki umuman dinsiz yashashi mumkin. Biror tomon, jumladan davlat yoki fuqarolar, shaxsga uning e’tiqodi sabab tazyiq o’tkazishi yoki uni dini uchun jazolashi mumkin emas. Bunday hollar jinoyat sanaladi. Qo’shma Shtatlar davlat hujjatlarida O’zbekiston mana shu erkinlik toptalayotgan jamiyat deya qayd etiladi va bu – aloqalar mustahkamlanishida o’ziga xos to’siq bo’lib kelayotgan holat.

Ketrin Kosman (Catherine Cosman)Diniy erkinlik bo’yicha AQSh xalqaro komissiyasida yetakchi mutaxassis. Markaziy Osiyodagi vaziyatni tahlil qilib keladi.



AMERIKA OVOZI: Bu komissiya chiqargan yillik hisobotlarda O’zbekiston dunyodagi eng repressiv tuzum sifatida aks etadi. Nima uchun?

KOSMAN: Afsuski, vaziyat ijobiy tomonga o’zgarayapti deya olmaymiz. E’tiqodi sabab qamalgan minglab insonlarning oilalari bugun hatto yordam so’rashga qo’rqadi chunki buning uchun ular jazolanishi yoki mahbuslarga bosim bo’lishi mumkin. Men o’zim respublika rasmiylari bilan gaplashganimda ular ayrim o’zgarishlar qilishga harakat qilayotganini aytishdi. Masalan diniy tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazish jarayonini qayta ko’rib chiqish, diniy erkinlik va faoliyat to’g’risidagi qonunlar yangilanishi mumkinligi haqida ham aytishdi.

AMERIKA OVOZI: O’zbekiston alohida tashvishga molik davlat sifatida qaralmasligi uchun nima qilmoq kerak?

KOSMAN: Afsuski, respublika hukumati nimaiki tavsiya qilsak ham, buning sababini siyosiy deb biladi, ya’ni O’zbekistondagi muhit haqiqatdan ham og’ir ekanini tan olgisi kelmaydi. Andijondan keyingi kelishmovchiliklar bois Amerika shunday qildi, deyishadi. Biz va ko’plab xalqaro tashkilotlar esa boshqacha fikrdamiz. Mana BMTning Qiynoqlarga qarshi qo’mitasi ham buni ochiq aytib, hukumatni ahvolni yaxshilashga undamoqda: hibsxonalar va qamoqda mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabat o’zgarishi lozim. 2011-yilning martidan 2012-yilning martigacha, masalan, 27 fuqaro aynan diniy sabablar bilan qamoqqa tashlangan. Inson huquqlari faollari taxminicha, panjara ortida o’tirganlarning 10 minggi dindorligi uchun jazolanmoqda. 2003-yilda ham Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti maxsus hisobot chiqarib, diniy erkinlikni ta’minlashga chaqirgan. Hukumat taklif-tavsiyalarga ochiq ekanini aytmoqda va asosiy xavotiri noqonuniy diniy faoliyat ekanini qayd etib kelmoqda.

AMERIKA OVOZI: Bu yil O’zbekistonga borib, ahvol bilan yaqindan tanishdingiz. Kimlar bilan uchrashdingiz? Tafsilotlar haqida qisqacha gapirib bering.

KOSMAN: Eng asosiy uchrashuvim sobiq muftiy Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan bo’ldi. To’qqiz yil oldin komissiyamiz O’zbekistonda bo’lganida ham u kishi bilan uzoq gaplashgan edik. U inson bilan bir muhim masalada hamfikrmiz: O’zbekistonda diniy ta’limni rivojlantirish kerak. Sobiq muftiy nazarida afsuski hukumat asosiy e’tiborini diniy ta’limga emas, huquq-tartibotga qaratmoqda. Dinga berilgan odamlarni ekstremizmga kirayotganlikda ayblash keng tarqalgan. Ulamoning aytishicha, uning oldiga imomlar maslahat so’rab kelganida, hukumat vakili kelib mashg’ulotni kuzatib o’tiradi. Ijobiy bir holat shuki, sobiq muftiy internetda o’z sahifasiga ega. Nafaqat O’zbekistondagi balki chet eldagi yurtdoshlar sayt orqali u bilan bog’lanadi. Bizning komissiyamiz chiqargan materiallarni tarjima qilib u yerga joylashga kelishib oldik. Asrlar davomida diniy ilm o’chog’i bo’lib kelgan muqaddas va go’zal bir zaminda bugun fuqarolar e’tiqodga qiziqsa yoki izlansa, jazolanishi afsuslanarli hol. Men rasmiylar bilan gaplashganimda ulardan “nima uchun xususiy diniy bilim berish noqonuniy?” deb so’radim. Javob shuki, hukumat dinni kim o’rgatayotganini bilishi kerak, bu muallimlar o’zi kim degan savol beriladi. Shunda men ularga Qarshida rasmiy ravishda otinlik qilgan Mehriniso Hamdamova ishi haqida eslatdim. U va uning ikki qarindoshi o’z uyida darslar bergani uchun qamoqda. Rasmiylar bu borada bilmasligini aytdi.

AMERIKA OVOZI: Hukumat sizga sobiq muftiy bilan uchrashish uchun yo’l bergani ahamiyatga molik voqea emasmi? Nima uchun bunday imkoniyat yaratishdi deb o’ylaysiz? Sobiq muftiy hozir internetda bir necha saytlarga ega. Diniy bilim targ’ib qilinadi u yerda. Hukumat unga, sizningcha, nima uchun ruxsat berayapti?

KOSMAN: U sobiq muftiy, oliy ulamo. O’zbekistonda tepada o’tirganlar uning nufuzi qanchalik keng ekanini tushunadi, nazarimda. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf islom va huquq bobida bir necha kitoblar muallifi. Uning O’zbekistondan tashqarida ham obro’si katta. Hukumat tabiiyki buni biladi.

AMERIKA OVOZI: O’zbekiston rasmiylari deydiki, vaziyatni mentalitetdan kelib chiqqan holda baholash kerak. Siz singari ekspertlar, hukumat nazarida, bu xalq madaniyati va qarashlarini tushunmay respublikani qoralab kelayapsiz.

KOSMAN: Din – shaxsiy masala. Komissiyamizning maqsadi hammani dindor qilish emas yoki hamma dindor bo’lishi kerak deyayotganimiz yo’q. Inson e’tiqod qilish yoki qilmaslik erkinligiga ega. Zo’ravonlik qilmasa bo’lgani. Fuqaroga ishonish kerak. Uni dinga qiziqqani uchun avtomatik ravishda xavf deb bilish insoniylikka ham, qonunlarga ham to’g’ri kelmaydi. Ro’yxatdan o’tish jarayonini qiyinlashtirib, mustaqil diniy faoliyat uchun jazolab, bolalarni diniy tadbirlarga qo’ymaslik, diniy qo’llanmalarni senzura qilish, chegarada Qur’on va Injilni musodara qilish… Nafaqat musulmonlar balki boshqa din vakillari ham tazyiqqa olinadi. Baptistlar va boshqa nasroniy guruhlar qiyin ahvolda. Yahudiylarga faqat bitta ravvin ruxsat berilgan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG