Breaking News

O'zbekiston: Rossiya bilan harbiy hamkorlikka oid xavotirlar asossiz


O’zbekiston Mudofaa vazirligi Rossiya bilan imzolangan harbiy strategik hamkorlik bo’yicha bildirilayotgan xavotirlar asossiz, deya bayonot bermoqda.

5-may kuni tarqatilgan bayonotda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning O’zbekistonga safari, Rossiya bilan imzolangan harbiy strategik hamkorlik dasturi jamoatchilikda asossiz xavotirlar uyg’otgani, Rossiya qo’shinlari O’zbekistonga kiritilishi mumkinligiga doir xabarlar tarqalganiga diqqat qaratiladi.

Vazirlikka ko’ra, jamoatchilikdagi xavotirlar asossiz, O’zbekiston qonunchiligi xorijiy davlat harbiy bazasini mamlakatda joylashtirishga izn bermaydi. Qonunchilik O’zbekiston harbiylarining boshqa bir davlat harbiy to’qnashuvlariga aralashishini ham taqiqlaydi.

Mudofaa vazirligi o’z bayonotida Shoyguning mamlakatga safari Rossiyaning O’zbekistonga ta’siri kuchayib borayotganiga doir noroziliklar uyg’otganini ta’kidlar ekan, bu xavotirlarning ham mutlaqo asossiz ekanini bildiradi.

Ammo mamlakatdagi so’nggi vaziyat, xususan Sergey Shoyguning safari ortidan kuzatilgan voqealar, poytaxtda Ikkinchi jahon urushidagi g’alabaga bag’ishlangan konsertda Sovet Ittifoqi bayrog’ining ko’tarilishi, taqiqqa qaramasdan Rossiya elchixonasi Georgiy lentasini ommaviy tarqatayotgani jamoatchilik orasida jiddiy norozilik uyg’otgan.

Bu norozilikka parlament deputatlari ham qo’shilgani Rossiyaning O’zbekistonga ta’siri ortib borayotganiga doir xavotirlar jiddiy ekanligiga ishora beradi.

Avvalroq “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov poytaxtdagi konsertda Sovet Ittifoqi bayrog’i ko’tarilishi yuzasidan tekshiruv o’tkazishni so’rab, prokuraturaga murojaat qilgan edi.

Sharhlovchi Namoz Normo’min odatda rasmiy bayonotlardan tiyilib kelgan Mudofaa vazirligining bu bayonotini jamoatchilikdagi kayfiyat iqtidordagi hukumatni xavotirga qo’ygani bilan izohlaydi.

“So’nggi voqealar, ayniqsa Toshkent markazida qizil bayroqning ko’tarilishi jamoatchilikni jiddiy g’azabga soldi. Nafaqat oddiy aholi, balki hukumatdagilar ham o’z nafratini yashirgani yo’q. Bu voqealar Shoyguning O’zbekistonga kelishi, Rossiya bilan harbiy strategik hamkorlik dasturi imzolanishi ortidan yuz bermoqda. Jamoatchilik Rossiya bilan harbiy aloqalarni yoqlayotgani yo’q, aksincha norozilikni kuchaytirdi. Albatta, bu ishora hukumatga yetib borgan”, - deydi Normo’min.

Mudofaa vazirligi o’z bayonotida Rossiya O’zbekistonning muhim siyosiy, harbiy, ittifoqchi hamkori sifatida qolayotganini ta’kidlar ekan, Rossiya bilan harbiy aloqalar rivojlanishi O’zbekistonning AQSh, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlariga salbiy ta’sir o’tkazishi haqidagi fikrlarni o’zini oqlamaydigan, bir yoqlama mulohazalar sifatida baholaydi. O’zbekiston ichki va tashqi siyosatni o’zi belgilaydigan suveren davlat ekanligi eslatiladi.

Bayonot nafaqat Rossiya harbiy ta’siriga doir jamoatchilikda xavotirlar oshgani, balki Afg’onistonda vaziyat qaltislashib, bu mamlakatdan chiqayotgan AQSh Markaziy Osiyoda harbiy qo’nalg’a qidirayotganiga doir tarqalgan xabarlar manzarasida ham diqqatli ko’rinadi.

Bu borada xalqaro matbuot yozayotgan ma’lumotlarga tayanilsa, mintaqadan vaqtincha harbiy baza qidirayotgan AQSh e’tiborida O’zbekiston ham bor. Hatto Toshkent bilan natijasi noma’lum turgan muzokaralar o’tkazilgani ham taxmin qilinadi.

AQSh shu yilning sentabrigacha Afg’onistondan o’z qo’shinlarini olib chiqishni yakunlashi kerak. Mintaqada harbiy baza joylashishi Afg’onistonga favqulodda yordam ko’rsatish, vaziyatni nazoratda ushlash uchun zarur deb ko’riladi.

Sharhlovchi Namoz Normo’minga ko’ra, AQSh qo’shinlari chiqarilishi ortidan Afg’onistonda vaziyat yana izdan chiqishi, bu qo’shinlarga nisbatan ehtiyoj yana tiklanishi mumkin.

“Afg’onistonda toliblar qudratga qaytishi ehtimolini AQSh davlat kotibi ham, hatto Afg’oniston prezidenti ham inkor etmayapti. Shunday bo’lgan taqdirda, vaziyat yana qaytalanadi. AQSh 11-sentabr xurujlari ortidan Afg’onistonga kirib kelgan, buni mintaqa davlatlari ham qo’llab-quvvatlagan, harbiy bazalari joylashishiga ruxsat berishgan edi. Voqealar yana shunday rivojlanishini ehtimol qilish mumkin. Qolaversa, bugunga kelib AQShning asosiy raqiblari - Rossiya va Xitoyni mintaqaga ta’siri bir necha barobarga oshdi. Bunday vaziyatda AQSh Markaziy Osiyoni tashlab chiqib ketmasa kerak”, - deydi Normo’min.

Markaziy Osiyodan harbiy baza qidirayotgan AQSh mintaqagi biror davlat bilan jiddiy muzokaraga kirishganiga doir aniq ma’lumotlar yo’q. Ammo O’zbekiston mudofaa vazirligi xorij harbiy bazalarining mamlakatda joylashishi taqiqlanganiga doir bayonot bilan chiqayotgani inobatga olinsa, bu davlat O’zbekiston bo’lmasligini taxmin qilish mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG