Breaking News

Ma'naviyat va ma'naviy yuksalish bugun nimani anglatadi?


Jurnalist Nikita Makarenkoning “Ma’naviyat”, Toshkent shahridagi cheklovlar va tungi klublarga doir maqolasi o’zbek matbuotida keskin aks-sado berdi. Ayrim axborot vositalari jurnalistga qarshi davomli maqolalar e’lon qilishdi, u vaziyatni bo’rttirishda, ma’naviyat mohiyatni anglamaslikda ayblandi, xalq dushmaniga qiyoslandi.

Ma'naviyat haqidagi maqola ustida bahslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:18 0:00

Nikita Makarenkoning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, maqolasi ortidan unga qarshi kampaniya uyushtirishga buyurtma bo’lgan, jamoatchilik esa uni qo’llab-quvvatlamoqda.

"Nega ma’naviyat Toshkentni barbod qiladi” deb nomlangan maqolasini u poytaxt o’ta zerikarli shahar ekanini ta’kidlash bilan boshlaydi.

Ushbu maqola Yunusoboddagi “Aurum 898” tungi klubida sportchi Jamshid Kenjayevning o’ldirilishi bilan tugagan mushtlashuvning keng muhokamaga chiqishi, Ichki ishlar vazirligi tomonidan spirtli ichimliklar savdosi, klublar faoliyatini cheklashga doir qonun loyihasi muhokamaga taqdim etilishi ortidan yozilgan.

Jurnalist “ma’naviyat” targ’iboti bahonasida Toshkentda erkinlik, liberal qadriyatlar cheklanayotgani haqida yozadi.

Menga qarshi uyushtirilgan maqolalarga kelsak, jurnalistlar o’z xohishi bilan yozganiga ishonmayman, ularni bunga majbur qilishgan.

Ma’naviyat - yolg’on konsepsiya ekani, barcha uchun bir xil qabul qilinadigan qadriyatning o’zi yo’qligi haqida mulohaza yuritgan Makarenko, mamlakatda mono-jamiyat shakllanishi natijasida odamlarda shaharni tark etish kayfiyati paydo bo’lishi mumkinligini bildiradi.

Rus tilida bosilgan maqolada o’zbekcha “ma’naviyat” so’zi sarlavhaga chiqarilgan. Jurnalistning izohiga ko’ra, buning sababi ma’naviyat atamasining O’zbekistonda suiiste’mol qilinayotgani bilan bog’liq.

“Ma’naviyat so’zida, rus tilidagi духовность kabi, biror salbiy ma'no yo’q, ammo bizda “ma’naviyat” deyilganda yillar davomida shakllangan qandaydir yolg’on g’oyalar nazarda tutilmoqda. Bu g’oyaga xizmat qilish uchun esa institutlar, prorektorlar, “Ma’naviyat va ma’rifat” markazlari kabi qator tashkilotlar safarbar qilingan. Bularning hammasi haqiqiy ma’naviyat bilan bog’liq emas. Bunga ko’pchilik guvoh ham bo’ldi, milliy televideniye orqali ketgan ko’rsatuvda Ma’naviyat markazi vakili meni xalq dushmaniga tenglashtirdi. Uning so’zlarida hech qanday ma’naviyat yo’qligini hamma ko’rdi, bu yolg’on g'oyalar edi, aynan shuning uchun ham biz “ma’naviyat”ni qo‘shtirnoqqa oldik”, - deydi jurnalist.

Nikita Makarenko
Nikita Makarenko

Jurnalist O’zbekiston televideniyesida xalq dushmaniga qiyoslanishi unga nisbatan matbuotda uyushtirilgan yagona chiqish emas. O’zbekiston Axborot agentligi Makarenkoga qarshi bir necha maqolalar e’lon qildi. Ularda jurnalist yolg’onchilikda, “ommaviy madaniyat” targ’ibotida, ma’naviy buzuqlik manbai bo’lgan tungi klublarni himoya qilishda ayblanadi.

Makarenkoga ko’ra, u rasmiy nashrlardagi chiqishlar buyurtma ekanligidan yaxshi xabardor, asosiysi uni jamoatchilik qo’llab-quvvatlamoqda.

“Biror bosimni his qilayotganim yo’q, meni odamlar qo’llamoqda, tabriklashmoqda, quvvatlashmoqda. Menga qarshi uyushtirilgan maqolalarga kelsak, jurnalistlar o’z xohishi bilan yozganiga ishonmayman, ularni bunga majbur qilishgan. Maqolalar buyurtma qilinganiga 100 foiz ishonaman, menda dalillar bor. Bundan tashqari bu maqolalarni odamlar ham keskin tanqid bilan kutib olishdi, o’z fikrlarini aniq bildirishdi, ya’ni jamoatchilikning katta qismi biz tomonda”, - deydi Makarenko.

“Men o’zimni bu shaharda erkin his qilmasam, hashamatli binolarni, chiroyli favvoralarni boshimga uramanmi...”

Sharhlovchi, jurnalist Sharofiddin To’laganovning O’zA da e’lon qilingan maqolasi “Lof ham evi bilan-da, birodar!” den nomlangan. Muallif Makarenkoning Toshkent haqidagi fikrlariga qarshilik bildiradi, shahar kundan kunga chiroy ochayotgani haqida yozadi, yolg’on g’oyalar, ma’naviyat haqidagi fikrlarni asossiz deb baholaydi.

“Nega ma’naviyat Toshkentni barbod qiladi” maqolasiga nisbatan matbuotdagi munosabat nafaqat tanqiddan iborat, bu mavzuga ayrim blogerlar ham qo'shilgan.

Bloger Abror Masharipovning yozishicha, 25 yil davomida ma’naviyat haqida bong urib kelingani bilan hech narsa o’zgarmadi, Toshkent esa muayyan tabaqa uchun ochiq, qolganlar uchun yopiq shaharligicha qolyapti, propiskasiz odam bu yerda hech kim emas.

“Men o’zimni bu shaharda erkin his qilmasam, hashamatli binolarni, chiroyli favvoralarni boshimga uramanmi...”, - deb yozadi u.

Nikita Makarenkoga ko’ra, uning maqolasiga qarshi turgan axborot vositalari asosan davlatga tegishli, mamlakatdagi boshqa axborot vositalarini ham bu kampaniyaga tortish ko’rsatmasi ham bo’lgan, lekin ular bu taklifni rad etishgan.

Ayni paytda O’zbekistonda spirtli ichimliklar savdosini cheklash, tungi klublar faoliyatini tartibga keltirish bo’yicha qonun loyihasi muhokamaga qo’yilgan.

Loyihaga ko’ra, spirtli ichimliklar savdosiga kechki 21.00 gacha ruxsat beriladi, umumiy ovqatlanish korxonalari, ko’ngilochar savdo obyektlari faoliyati esa kechki 23.00 ga qadar to’xtashi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG