O'zbekistonda ayollar haq-huquqi qanchalik himoya ostida?


O`zbekiston ayollari Prezident Shavakat Mirziyoyevning xotin-qizlarga ko`rsatayotgan ehtiromidan xursand, ammo bu hurmat fuqarolik jamiyati faollarini chetlab o`tayotgani taassuf uyg`otmoqda. Majburiy ravishda ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizilgan huquq himoyachisi Yelena Urlayeva 8-mart bayrami arafasida kasalxonadan chiqishiga umid qilinayotgan edi, ammo yaqinlariga ko`ra, u shu oy oxirigacha shifoxonada qoladi.

Prezidentning 8- mart munosabati bilan yo`llagan tabrigida ayollarning siyosiy faolligi oshib borayotgani ta`kidlansa-da, bu faollikdan hokimyatning xursandligi kuzatilmaydi.

Prezident tabrigida, shuningdek, ayollarning mamlakat taraqqiyotiga qo`shayotgan hissalari yuqori baholanadi. Hisobotga ko`ra, O`zbekistonda senatorlarning 17 nafari, xalq deputatlarining 15 nafari ayollar, 15 nafar ayol O`zbekiston Qahramoni unvoniga loyiq ko`rilgan.

O`zbekistonda ayollarning fuqarolik jamiyatidagi o`rni nafaqat hukumat nazoratidagi, balki mustaqil nodavlat tashkilotlar misolida ham ko`rinadi. Mamlakatda huquq himoyachilarining aksariyat qismini ayollar tashkil etadi. Muxolifat safida ham faol. Erkaklar qatorida hukumatning tazyiq va tahdidlarini boshdan kechirishgan.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov mamlakatda tazyiqlar kuchayishi, bu sohadagi erkaklarning ko`pchiligi qamalib ketishi, tazyiqlarga uchrashi ortidan inson huquqlari sohasi aksariyat vaziyatda ayollar hisobiga faoliyatini saqlab qolganini ta`kidlaydi.

“Ayniqsa, 2005-yildan so`ng huquq himoyachilariga nisbatan tazyiqlar kuchaygan edi. Ko`plar qamaldi, mamlakatdan chiqib ketdi. Shundan so`ng bu sohani ayollar ko`proq davom ettirishdi, inson huquqlari faoliyati davom etdi. Hamkasblarimni tabriklayman, hammasiga sog`lik, ishlariga muvaffaqiyat tilayman”, - deydi u.

Yelena Urlayeva avvalgi hukumat davrida muntazam tazyiq ostida ushlangan, yangi hokimiyat davrida ham tahdidga uchrayotgan faollardan. Unining shifoxonaga majburan joylashtirilishi jamoatchilikda xavotir yug`otgan.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tarqatilgan ma`lumotda jurnalist Jamshid Karimovning ruhiy kasallar shifoxonasidan chiqqani olqishlanar ekan, Urlayevaning shunday shifoxonaga joylashtirilishi xavotirli baholanadi.

Urlayeva mart oyining boshida kasalxonaga majburan joylashtirilgan, bu uning kasbiy faoliyati, xalqaro tashkilot vakillari bilan rejalashtirilgan uchrashuvi bilan bog`liq ko`riladi.

Jamshid Karimov shifoxonada 5 yil saqlandi. Urlayevaning yaqinlari uning 8-mart arafasida shifoxonadan chiqishiga umid qilayotgan edi, ammo bu muddat shu oyning oxirigacha cho`zilgani aytilmoqda.

“Salomatligi yaxshi, shu oy oxirida uyda bo`lishi kerak”, - deydi Urlayevaning onasi.

Urlayevaning shifoxonaga joylashtirilishi yangi Prezident Mirziyoyev boshqaruvi davrida huquq himoyachilariga nisbatan kuzatilayotgan dastlabki tahdid sifatida baholanmoqda. Shu bois bu hukumatdan islohotlar kutayotgan faollarni jiddiy xavotirga qo`ygan.

Urlayeva zudlik bilan ozod etilishi lozimligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqda kampaniya boshlagan huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaga ko`ra, mamlakatdagi yetakchi huquq himoyachisining berkitilishi xavotirli ishora.

“U hamon ruhiy kasallar shifoxonasida qolayapti, bu juda achinarli singal. Bu avvalgi rejim davom etayotganini tasdiqlovchi signalga o`xshaydi. Yaqinda “Rustambank” rahbari ozodlikka chiqarildi, ammo korrupsiya haqida ochiq murojaat bilan chiqqan tadbirkor Olim Sulaymonov hibs qilindi. Jamshid Karimov ozod etilgan kuni esa Urlayeva ruhiy kasallar shifoxonasiga tiqildi, bu juda og`riqli ishora”, - deydi Tojiboyeva.

O`zbekiston aholisining yarmidan sal ko`prog`ini xotin-qizlar tashkil etadi. Mart oyining sakkizinchi kunini ayollar bayrami sifatida nishonlash sobiq sovet tuzumi davridan an`anaga kirgan. 8-mart O`zbekistonda rasman dam olish kuni hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG