Tojikiston ayollari bugun qanday yashayapti?


8 miliondan ortiq fuqaroga ega Tojikiston aholisining yarmidan ko’pini xotin-qizlar tashkil etadi. Ishga yaroqli erkaklarning asosiy qismi aksar vaqt mehnat muhojirotida bo’lgani hisobga olinsa, hozir respublikada istiqomat qilayotganlarning qariyb 70 foizga yaqini xotin-qizlardir.

Bugungi Tojikistonda ayollar jamiyatning to’la qonli hukmroni desak mubolag’a bo’lmaydi. Oila ustuni bo’lgan erkaklarning asosiy qismi xorijda, vatanga faqat ishlab topgan pullari kelib turadi. Ayrimlari o’sha yerda ikkinchi oilali ham bo’lib olishgan. Mamlakatda asosiy yumush xotin-qizlarning zimmasida.

Yosh tojik sharqshunosi Nozanin Malikova aytadiki, nafaqat ro’zg’or, balki, davlat ishlari ham ayollar zimmasiga tushib bormoqda.

"Bugungi kunda jamiyatimizda siyosatda ham, tadbirkorlikda ham, bozor iqtisodiyotida ham ayollar hisobidan ulkan kuch shakllangan. Maorif sohasida, sog’liqni saqlash tizimlarida ayollar eng yirik qatlam bo’lib, asosiy ish hozir ularning zimmasida. Davlat dasturiga ko’ra, mamlakatda hukumat idoralariga xotin-qizlar faol jalb etilmoqda. Parlamentda, prezident dastgohi, vazirliklar, mahalliy hukumatlarda, albatta, biror bir muhim vazifaga ayollar qo’yilgan. Vazirning ayol ekanligi hech kimni ajablantirmaydi", - deydi Nozanin.

Tojikistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqei va bugungi sharoiti haqida ko’tarinki so’z yuritgan har qanday mahalliy ziyoli ayollarning vazifasi buyuklashgani barobarida, bugungi kunda hayotlari og’irlashganini ham aytishadi. Qishloqda tug’ilb o’sib, shaharda ishlab yashayotgan Zuhra Azizova hukumat idoralarida ishlayotganlar bor, ammo aksariyati nochor yashaydi, deydi.

"Hammasi joyida! Masalan, Sug’d viloyatida ikki shaharda ayollar hokim, Qayroqqum shahrida Matluba Sattotiyon, Bo’ston shahrida Ruxsora Karimxo’jaeva raislik qilmoqda. Oddiy xotin-qizlarni oladigan bo’lsak, bu masala og’ir, chunki, og’ir yuk ayollar zimmasida turibdi. Erkaklarga ham osonmas, pul ishlab jo’natadiyu, o’shanga ayollar uyda usta ishlatadi, uy quradi, qurilish mollarini o’zi xarid qiladi, ustalar bilan ham o’zi kelishadi. Bolalarga qaraydi, hammasi ayollar zimmasida, mardikorni ham ayol ishlatadi. O’ylab ko’ring, og’ir-ku bu! Maktablarda 99 foiz kollektiv ayollar, erkaklar maktabda ishlamaydi, chunki, maoshiga ro’zg’or tebratib bo’lmaydi. Umuman olganda, Tojikiston ijtimoiy hayotida ayollar vazifasi buyuklashdi-yu, yuki ham og’irlashdi. Bizning qishloqda aksariyat xotinlar uyni o’zi quryapti, boshqa iloj yo’q-da. Hayot davom etmoqda, - deydi Zuhra.

Mavzuna ismli kelinchak ayrim tengdoshlarining bolasini ham yetaklab, ba’zi urush o’choqlariga ketib qolayotganini qattiq qoralab, buning asosiy sababi qashshoqlik va ta’lim-tarbiyaning sustligida deb biladi.

"Go’dagini qo’liga olib, Suriyaga ketganlarning yuragida nima alam, nima zardob borligini tushungandekman. Ularga vatanda ba’zi sharoitlar bo’lmagan, iymonlari sust bo’lgan, qashshoq hayot davomida tarbiyada e’tiborsiz qolib ketganlar, sabab shu!" -deydi Mavzuna.

Huquqshunos Vazira Yusupova, davlat dasturiga ko’ra, Tojikistonda yuqori lavozimlarga xotin-qizlar ilgari surilayotgan bo’lsa-da, ularning hammasini ijobiy baholab bo’lmaydi, lekin xotin-qizlar haqiqatdan ham jamiyatning ilg’or kuchiga aylangan, deydi.

"Prezidentimiz xotin-qizlarni ko’taringar, deb doimo aytib keladi, lekin ayollarning mavqei u qadar emas. Davlat strukturalariga u qadar ham chiqqanimiz yo’q. Yoshlarni qo’yinglar deganiga, darhaqiqat ayollar qo’yilmoqda rahbarlikka, ammo qobiliyati hisobga olinmayapti. Bu yerda, bilasiz-ku, boshqa narsalar ham bor, tanish-bilishchilik, urug’-aymoq qilishmoqda. Oddiy ayollarimiz tirikchilik tashvishi bilan bandlar, ular haqida hech kim hech narsa demaydi. Ular bir chekkada o’zicha yashab yuribdi. Ularni faol deb bo’lmaydi. Faollashsangiz ham baloga qolasiz, ustingizdan yoz-yoz, chekkaga surish boshlanadi darrovgina", - deydi Vazira.

Uning aytishicha, ko’rinish shunday bo’lsa-da, xotin-qizlar erning qo’liga qarab qolmagan, turmushga chiqqan qizlar oilani qandaydir yo’l bilan tutishga intilmoqda. Chunki ko’pchilik erlar hozir oilani boqmayapti, bekorchi bo’lib yuribdi, ish yoq.

Ayrim mahalliy tahlilchilar fikricha, mintaqa mentalitetidan kelib chiqiladigan bo’lsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi bugungi o’rni va mavqei yaxshilikka olib bormaydi.

Qishloq jamoatlaridan birida ishlovchi Mavludaning aytishicha, ayollarning o’rni, avvalo, oilada, bolalar ta’lim-tarbiyasida bo’lishi zarur.

"Qаnchalik martabali bo’lmasin, ayol, avvalo, ona, opa-singillardir, kelindir, nozik qalbdir. Bu qalbning zimmasiga har qanaqa yumushni tashlab qo’yish insofdan, musulmonchilikdan emas. Shunday ekan, xulosani ham shunga qarab chiqarish shart. Bu yer Amerika yoki Yevropa emas. Sharqning o'z nafosati, tarovati, go’zalligi bor. Bu go’zallik, albatta, birinchi galda nozik va zebo, ammo bardoshu, mehr-oqibatda tog’dek ulkan, sabrda tengsiz ayollarimiz tufayli", - deb xulosa qiladi Mavluda.

XS
SM
MD
LG