Breaking News

O'zbekistonda hokimiyat uchun kurash hanuz davom etyaptimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev respublika bo'ylab navbatdagi safarini yakunladi. U Jizzax viloyatidagi korxonalarni borib ko'rdi, tadbirkorlar bilan uchrashdi, xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi. Safardan qaytgan prezidentni poytaxtda Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari, shahar hokimi kutib oldi.

An'anaga aylanib borayotgan bu tasvir qarshisida Mirziyoyev hamon hokimiyat uchun kurashni davom ettirayotgani haqidagi farazlar haqiqatdan uzoqdek, ammo matbuotdagi so'nggi xabarlarga ko'ra, prezidentning vakolati hali tugal emas.

Mirziyoyevning saylovdagi g'alabasi hali prezidentlik vakolatlariga to'liq erishganining kafolati emas. Mamlakat boshqaruvi Karimov o'limidan so'ng hokimiyatdagi guruhlar o'rtasidagi kelishuvga muvofiq davom etmoqda. Hozirga kelib bu guruhlarning ayrimlari boshqaruvdan siqib chiqarilmoqda, deb yozadi "Reyters" axborot agentligi o'zbek hukumatiga yaqin manbalariga tayanib.

Agentlikka ko'ra, boshqaruvda o'z ulushiga ega Rustam Azimov guruhi hokimiyatdan chetlatilmoqda. Azimov guruhi tasarrufidagi moliya, bank, xorijiy investitsiya va iqtisodiy islohotlar sohasi Sodiq Safoyevga yuklatilishi kutilmoqda. Safoyev Mirziyoyevning xorijiy munosabatlar bo'yicha asosiy maslahatchisiga aylanishi mumkin.

"Reyters" avval Karimov o'limidan so'ng Toshkentda o'tgan favqulodda yig'ilishda Mirziyoyev, Azimov va Inoyatov yetakchiligidagi guruhlar hokimiyatni bo'lishgan holda boshqarishga kelishib olgani haqida yozgan edi.

Hukumat bilan tanish manbalarga tayanib yozilgan maqolaga ko'ra, ayni paytda hokimiyat boshqaruvi Mirziyoyev va Inoyatovga tegishli, ularning o'zaro munosabati esa tarang. Azimovning bu doiradan siqib chiqarilishi boshqaruvni biroz soddalashtirgan.

Hokimiyat uchun kurash borayotgani hali Karimov tirikligidayoq keng muhokamaga sabab bo'lgan mavzu edi va o'shanda ham siyosiy voris sifatida aynan shu uchlik ko'rilgani ma'lum.

Karimovning vafoti ortidan hokimiyat almashishi silliq kechdi, davlatni vaqtincha boshqarishdan voz kechgan Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vakolatini Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev oldi. U dekabrda o'tgan prezidentlik saylovlarida hokimiyatdagi guruhlar nomidan yagona nomzod sifatida qatnashib, mutlaq g'alaba qozondi.

Prezident hokimiyatga islohotlar va'dasi bilan keldi. Ko'pchilik Karimov davrida 13 yildan ortiq hukumatni boshqargan Mirziyoyevning keskin islohotlar boshlashiga shubha bilan qaradi, saylovlardan so'ng kuzatilgan bir qator o'zgarishlarga qaramasdan bu shubha hamon mavjud.

Londondagi Markaziy Osiyo instuti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko'ra, yangi hokimiyatda rivojlanishni turlicha ko'rayotgan guruhlar to'qnashmoqda:

“O'zgarishlar tarafdori ko'proq hokimiyatdagi iqtisodiy blok. Ular islohotlar qilinmas ekan, investitsiya, rivojlanish, mablag' bo'lmasligini yaxshi tushunib turishibdi. Shuning uchun ham imkon boricha ochiq eshiklar siyosati yurtilishini yoqlashmoqda. Kurash esa aynan shu iqtisodiy blok va o'zgarishlarga moyil bo'lmagan kuch ishlatar tizimlari o'rtasida kechmoqda”, - deydi Ilhomov.

Mirziyoyev hokimiyatga kelmasidan avval islohotlar ko'proq liberal siyosiy qarashlarga ega deb ko'rilgan Rustam Azimov bilan bog'liq ko'rilayotgan edi. Bugun Mirziyoyev islohotlarning asosiy ijrochisi sifatida ko'rilmoqda.

Ilhomovga ko'ra, hozircha kuch ishlatar va iqtisodiy blok o'rtasida turgan Mirziyoyev islohotlar o'tkazishdagi imkoniyatlarini to'laligicha baholay olgani yo'q.

“Bir tomondan boshqaruv kursi islohotlar o'tkazish tomon burilayotgandek, boshqa tomondan esa rejimni bo'shatish niyati yo'q. Bu ikki kurs o'zaro ziddiyatda, Mirziyoyev hozircha shu qarama-qarshilikni g'alati tarzda muvofiqlashtirib turibdi, zimdan o'zaro kurash davom etayotgandek”, - deydi u.

Mirziyoyev prezidentlikka kelishi ortidan davlat boshqaruviga, amaldor rahbarlarga doir tanqidiy qarashlari bilan ham tanildi. Kop'lab vazirlar, hokimlar, amaldorlarni ishdan oldi, yangilarini tayinladi, boshqaruvdagi ishtiroki o'ta kuchli sanalgan Milliy Xavfsizlik Xizmati tarkibida ham ayrim o'zgarishlar qildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG