Xalqaro press-klub mojarosi: O'zbekistonda jonli efirga taqiq qo'yildi


Xalqaro press-klub boshlovchisi Sherzod Qudratxo'jayev

Tanqidiy chiqishlar, bevosita muloqot bilan tanilgan Xalqaro press-klub ko'rsatuvining jonli efirdan uzilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida kuzatilayotgan nisbiy erkinlarning yakuni sifatida baholanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, press-klubning viloyat hokimlari bilan jonli muloqotga kirishayotgani, viloyatlardagi ijtimoiy muammolarni ochiq muhokamaga chiqarayotgani Bosh vazir Abdulla Aripovning g‘azabini qo‘zg‘atgan.

Xalqaro press-klub ko'rsatuvining jonli efiriga taqiq qo‘yilishi ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik keltirib chiqardi. Hozircha bu mojaro yuzasidan hukumat ham, Xalqaro press-klub ham jo‘yali bir izoh bermagan.

Xalqaro press- klub avvaliga bevosita jonli efirga uzatilayotgani, keyinchalik esa vazirlar, hokimlar ishtirokida o‘tayotgan bu uchrashuvlarda aholini qiynab kelayotgan ayrim muammolarning ko‘tarilishi bilan jamoatchilik orasida mashhurlashdi.

Press-klubning so‘nggi uchrashuvlari viloyatlardan efirga uzatildi, bu uchrashuvlarda mahalliy hokimlarning o‘qituvchilar va shifokorlarni paxta terimiga olib chiqmaslik va’dasini berishi muhim yangilikka aylandi.

21-avgust kuni Bosh vazir Abdulla Aripov, prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirokida televideniyeda o‘tkazilgan majlisda Xalqaro press-klub ko‘rsatuvi muhokama qilingan, bosh vazir bu uchrashuvlarni jonli efirga uzatishni taqiqlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yig‘ilishda Abdulla Aripov Xalqaro press-klubning yetakchisi Sherzod Qudratxo‘jayevni haqoratlagan, jurnalistga haddidan oshmaslikni aytish bilan tahdid qilgan. Televideniyening uch kun avval o‘zgartirilgan ayrim rahbarlari qayta joyiga tiklangan.

Sherzod Qudratxo‘jayevning o‘zi bu haqoratlar yuzasidan ham, ko‘rsatuvning jonli efirdan olib tashlanishi yuzasidan ham sukut saqlamoqda.

"Daryo.uz” saytining Qudratxojayevga tayanib xabar berishicha, ko‘rsatuvning jonli efirdan uzilishi texnik sabablarga bog‘liq.

Bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik uyg‘otgani kuzatiladi. Tarmoq foydalanuvchilari Bosh vazir Abdulla Aripov va davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovni tanqid ostiga olishmoqda.

Vazirlar Mahkamasi ham, Prezident devoni ham jamoatchilik muhokama qilishda davom etayotgan bu hodisa yuzasidan hozircha sukutda.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko‘ra, Xalqaro press-klub bilan bog‘liq vaziyat Islom Karimov hokimiyatga kelgan ilk davrlarni eslatadi.

“Bu voqea 90-yillar boshini eslatadi. O‘shanda ham Islom Karimov islohotlarni to‘xtatishni asta-sekinlik bilan, jamiyatdagi nisbiy so‘z erkinligini yo‘qotishdan boshlagan edi. Keyinchalik esa xalqaro tashkilotlar ham, xalqaro matbuot ham mamlakatdan quvildi va shu ahvolga keldi. Hozirgi vaziyatda, avvalo, so‘z erkinligi boshlangani haqida gapirishning o‘zi noto‘g`ri. Yaqinda paydo bo‘lgan “O‘zbekiston 24” telekanali ham bu borada o‘zini ko‘rsatgani yo‘q. Xalqaro press-klub masalasiga kelsak, bu yerda hokimlarning o‘rni bo‘lishi mumkin, chunki Qudratxo'jayev ular bilan prezidentning talablari haqida, ijtimoiy muammolar haqida ochiq gaplashdi. Bizning amaldorlar esa bu narsaga o‘rganishmagan. Shuning uchun to‘planishib prezidentga chiqishgan, deb o‘ylayman. Bu yerda Aripovdan tashqari Karimov davridan kelayotgan mulozim Xayriddin Sultonov ham rol o‘ynagan”, - deydi Anvar Nazir.

“Ozodlik” radiosining yozishicha, mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston teleradiokampaniyasi raisi Bobur Alixonovga hayfsan berilgan, “O‘zbekiston”kanali rahbarligiga tushirilgan Xayrulla Nuriddinov yana rais o‘rinbosarligiga qaytarilgan. Hukumat so‘nggi paytda biroz faollashgan televideniyeni yana eski ish tartibiga qaytarish, tanqidiy ko‘rsatuvlarni keskin senzuradan o‘tkazish maqsadida. Avvalroq, “Tahlilnoma” ko‘rsatuvida Karimov davriga oid siyosatning tanqid qilinishi shaxsan Mirziyoyev tomonidan kompaniya raisining ishdan olinishi bilan tugagan edi.

Xalqaro press-klub bilan bo‘layotgan mojaro prezident Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga ko‘ra amalga oshirilganmi, yo‘qmi noma’lum. Mirziyoyev matbuotga doir chiqishida Xalqaro press-klub faoliyatini ancha iliq baholagan edi.

“Aql bilan o‘ylab ko‘rsak, afsuski, Mirziyoyev bundan yaxshi xabardor, ammo prezident siyosatida shunday jihat borki, jamoatchilikdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni inobatga olib, o‘zining munosabatini ko‘rsatishi mumkin. Lekin bizdagi siyosatda shaffof vaziyat bo‘lmagani uchun, aniq bir narsa aytish qiyin”, - deydi Anvar Nazir.

Xalqaro press-klub bilan bog‘liq vaziyatga mamlakatdagi sanoqli nashrlar diqqat qaratishgan. Ijtimoiy tarmoqdagi munozaralar bu borada jamoatchilik munosabati shakllanayotganini ko‘rsatadi, ammo bu munosabatning talablar darajasida bo‘lishi, avvalo, mojaro markazida turgan press-klubning o‘ziga bog‘liq ko`rilmoqda.

“Jamoatchilikning reaksiyasi, avvalo, haqiqiy so‘z erkinligi sharoitiga bog‘liq. Ikkinchidan, shu vaziyat qahramonlari, jurnalistlarning o‘zi biror bayonot bilan chiqadigan bo‘lsa, shundan so‘ng aniq bir talab haqida gapirish mumkin. Hozir ularning (Qudratxo‘jayevning) jim o‘tirishi ham juda shubhali, chunki ular tan olgan, bo‘ysungan, jamoatchilik unda biz nima qilamiz degan xulosaga kelishi mumkin. Qolaversa, Qudratxo‘jayev yangi matbuotning timsoli emas, Karimov davrida o‘zini ko‘rsatgan odamlardan”, - degan fikrda Anvar Nazir.

Xalqaro press-klubning 23-avgust kuni o‘tgan uchrashuvi jonli efirga uzatilmagan, uchrashuv avvalgilaridek Sherzod Qudratxo‘jayev boshlovchiligida o‘tgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG