Breaking News

Mirziyoyev matbuotga e'tibor berishni boshladimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O`zbekiston televideniyesi rahbari ishdan olinishi ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va axborot agentligi faoliyatini qayta tashkil qilish haqida qarori hozirlanmoqda. Prezident tanqididan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham chetda qolmagan, OAVning soni emas, sifati muhimligiga diqqat qaratilmoqda. 3-avgust kuni Toshkentda adabiyot, san’at, madaniyat va matbuot xodimlari bilan uchrashgan Shavkat Mirziyoyev matbuotda ham isloh o‘tkazish niyatini bildirgan.

Shavkat Mirziyoyevning adabiyot, san’at, madaniyat va matbuot vakillari bilan o‘tgan uchrashuvi jamoatchilikda keng muhokama bo‘lgan voqea - televideniyeda sobiq prezident Islom Karimov siyosati tanqid qilinishi ortidan kuzatildi.

Toshkentdagi uchrashuvda ham, odatdagidek, bu sohalar Shavkat Mirziyoyev tomonidan keskin tanqid qilindi. Adabiyot, madaniyat, san’at sohasidan tashqari matbuot ham chetda qolmagan.

Prezident matbuot bozori yengil-yelpi nashrlarga to‘laligi, son emas, sifat zarurligi, Matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi vaziyatga shunchaki tomoshabin bo‘lib qarab turgani haqida gapirgan.

Prezident bu uchrashuvda nima sababdan olti oy avval tayinlangan O‘zbekiston televideniyesi raisini ishdan olib tashlagani haqida gapirmagan, ammo bu hodisa jamoatchilikda munozara qo‘zg‘ashda davom etmoqda.
Televideniye raisi Xurshid Mirzohidovning ishdan olinishi "Tahlilnoma" ko'rsatuvida nom zikr qilinmagan holda Karimov siyosatining tanqidiga bog‘liqmi yoki Mirziyoyevga nisbatan boshlangan maddohlikkami? Bu savolga hamon oydinlik kiritilmagan.

O‘tgan yakshanba kuni efirga uzatilgan “Tahlilnoma” ko‘rsatuvida Karimov davridagi qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan ziddiyatli munosabatlar, valyuta siyosatining ayanchli vaziyatga tushib qolgani tanqid ostiga olingan edi. Shu bilan bir qatorda ko‘rsatuv ijodkorlari bu murakkabliklarni tez fursatlarda muvaffaqiyatli yechayotgan yangi rahbar Mirziyoyevni madh qilishgan.
Oradan uch kun o‘tib Mirziyoyev televideniye raisi Xurshid Mirzohidovni vazifasidan ozod qildi, buning sababi maddohlik bilan, shu bilan bir qatorda Karimov davrining tanqidi bilan bog‘liq ko‘rildi.

Toshkentlik jurnalist Bahrom Nizomovga ko‘ra, televideniye rahbarining ishdan olinishi sabablari hamon noma’lum, faqat farazlar haqida gapirilmoqda.

“Taxminim, maqtovning kuchayib ketganida bo`lishi mumkin, chunki Mirziyoyevning o‘zi maqtovni 5 yil mobaynida taqiqlaymiz, qarsak chalmaymiz deb aytgan edi. Hozirgi vaziyatda unga maqtov yoqadi deb aytish qiyin. Jurnalist sifatida o‘zgarish yaxshilikka bo‘lganini aytishim mumkin, chunki Mirzohidov texnik mutaxassis, lekin teleradiokampaniyani boshqarish uchun jurnalist bo‘lgani ma’qul”, - deydi u.

Xushid Mirzohidov aynan Karimov haqidagi tanqidiy ko‘rsatuv efirga ketishi ortidan o‘z vazifasidan chetlatilgani aniq emas. Bungacha ham yangi prezident Mirziyoyev madh qilinayotgan ko‘rsatuvlar ko‘p edi, bunday ko‘rsatuvlar hozir ham efirga uzatilmoqda.

“Masalaning bu tomoni yuzasidan ham faqat taxminlar mavjud. Mirziyoyev Karimovga bo‘lgan hurmati, uni ustozi deb bilishi uchun, shuningdek, o`sha paytda uning o`zi ham boshqaruvda ekanligi bois bunday tanqiddan bezovta bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin uning o‘zi jurnalistlardan tanqidiy chiqishlarni talab qilmoqda. Uzoq yillar “Axborot”da ishlab kelgan telejurnalist Bobur Alixonovning rahbar bo‘lishi yaxshilikka”, - deydi jurnalist.

Bahrom Nizomovga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda, jumladan, matbuot vakillari bilan o‘tgan uchrashuvi o‘zbek jurnalistikasida o‘zgarishlar boshlanishiga, jurnalistlar jasorat ko`rsata boshlashiga umid uyg’otmoqda:

“Prezident jurnalistlardan qoniqmaslikka haqli, ammo buning obyektiv va subyektiv sabablari bor. O‘zbek jurnalistikasi mustaqillikning dastlabki yillarida nisbiy erkinlikni boshdan kechirdi, jasoratli jurnalistlar yetishib chiqdi. Ammo keyinchalik bu erkinlik, jasorat bo‘g‘ilib bordi. So‘nggi paytlarga kelib mutlaqo yo‘qoldi, jurnalistlar shunchaki yozadigan bo‘lib qolishgan edi. Shuning uchun ulardan nafaqat prezident, oddiy odamlar ham qoniqmaslikka haqli. Taraqqiyot uchun matbuot erkinligi juda kerak. Buni Mirziyoyev ham yaxshi tushunib turibdi, o‘zi yo‘l ochyapti, faollik talab qilyapti. Gap endi jurnalistlarga bog‘liq bo‘lib qoldi”, - deydi Bahrom Nizomov.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra televideniyedagi chiqshida matbuotda majburiy obuna mavjudligini ochiqlash bilan jamoatchilik diqqatiga tushgan jurnalist Karimberdi To‘ramurodov ishdan haydalgan, uning tahririyatdanketkazilishi aynan televideniyedagi bayonoti bilan bog‘liq ko‘rilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG