Breaking News

Ukrain restorani - Nyu-York fayzi


"Veselka" - kamalak
"Veselka" - kamalak

Amerikada ukrain kelib chiqishiga ega odamlar bir millionga yaqin. Eng katta jamoa Nyu-Yorkda. “Amerika Ovozi” yaqinda “Veselka” degan restoranda bo’ldi. Yarim asrdan beri xizmat ko’rsatib kelayotgan maskan.

Manxettondek raqobat kuchli, madaniy jihatdan boy va jo’shqin joyda etnik restoranlar zamonaviy oshxonalar bilan bellashishi qiyin. “Veselka” ukrainachada kamalak demakdir. Ukrain taomlarini amerikalashtirish, bu yerdagi xo’randalarga moslash osonmas.

Tom Birchard – “Veselka”ning egasi. Sobiq qaynotasidan qolgan mulk. Boshida Tom bu biznesga uncha qiziqmagan, kelajagiga ishonmagan edi.

“Qaynotam meni xush ko’rmagan, chunki qizi ukrainga tegishini istagan. Bu restoran ham ukrainga qolsin, deb niyat qilgan. Lekin taqdir ekan, meniki bo’ldi”, deydi Birchard.

Qaynotasi 1974-yilda vafot etgach, oila kuyovga tayandi. Oshxona taqdiri sening qo’lingda, deyishdi. Keyinchalik rafiqasi bilan ajrashib ketdi biroq “Veselka” hamon uniki.

“Birinchi muhabbatim haqiqiy baxt emas ekan, ajrashib ketdik. Asl muhabbatim bugun mana shu restoran, shu mahalla, shu taomlar va xo’randalarimiz. Ukrain madaniyati meni o’ziga rom etgan. Sevaman bu xalqni”, - deydi Birchard.

Bir paytlar kichkinagina yemakxona bo’lgan joy bugunga kelib katta, zamonaviy restoran. Kuniga 24 soat, har kuni ochiq.

“Menyu 20-30 yil oldin qanday bo’lgan bo’lsa, haliyam shunday”, - deydi Dmitro Martseniuk, bosh oshpaz.

U onasi va buvisidan o’rgangan taomlarni taklif qiladi.

“Qovurg’a go’shtidan tayyorlangan varenikilarimiz hammaning jonu dili”, - deydi Martseniuk.

Xodimlar nafaqat ukrain, balki polyak, meksikalik, xullas bugungi amerikaliklar. Har kimni topasiz.

“Mazali taom his-tuyg’ularni jonlantiradi, insonga hayot bag’ishlaydi. Arzon, oddiy, lekin mo’jiza”, - deydi Birchard.

Alberto ispan restoranida shef ekan. Bugun ukraincha ovqat yegisi kelib shu yerda o’tiribdi. Borshni maza qilib ichdi.

“Ta’mi qanaqa ekan deb qiziqdim. Yoqdi menga”! - deydi u.

Orom berar ekan bu ovqatlar, deydi oshpaz.

“Yangi taomlarni yeb ko’rganingizda, odatda mazasini baholashga shoshmaysiz. Lekin ukrain ovqatlarining ta’mi tanish. Ziravorlar, tayyorlash uslubi balki bizga yaqin”, - deydi Alberto.

Tom restoranni o’g’liga qoldirmoqchi. “Veselka” Nyu-Yorkning fayzi, bu yerdagi hayotning ajralmas qismi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG