O'zbekiston ayrim video o'yinlarni man etmoqda

  • Amerika Ovozi

"Sims 4" o'yini bilan band bolalar, Kaliforniya shtati

O'zbekiston video o'yinlarni man etayotgan davlatlar qatorida. Hukumat nazarida bu o'yinlar yoshlar miyasini zaharlamoqda va madaniyatni buzmoqda. Bunday yondashuvni boshqa mamlakatlarda ham ko'rasiz.

Video o'yinlar - G'arb mahsuloti. Lekin bugungi kunda global hayotning ajralmas qismi. Erkin jamiyatlar hisoblanmish Germaniya, Irlandiya va Avstraliya, shuningdek, erkin bo'lmagan Eron, Xitoy va Shimoliy Koreyada ham ayrim o'yinlar bozorga kiritilmaydi.

“Bu o'yinlar - mukammal ijod namunasi", - deydi Keyt Edvards, sanoat vakili.

Edvards video o'yinlar ishlab chiqaruvchilarning xalqaro uyushmasini, qisqacha IGDA deb nomlangan nohukumat tashkilotni boshqaradi.

“O'yinlar, albatta, subyektiv mahsulotlar. Tarix, siyosat, madaniyat, din va boshqa muhim omillardan kelib chiqadi", - deydi mutaxassis.

Uning aytishicha, video o'yinlar xolis bo'lishi kerak degan talab o'rinsiz. Ular kino va teatr, adabiyot va tasviriy san'at singari aniq fikr va qarashlarni aks ettiradi. Ijodiy erkinlik degan narsa bu sanoatda ham bor, deydi Edvards.

Biroq video o'yinlarga seks, so'kish, hurmatsizlik, umuman, ahloqsizlikni targ'ib qiluvchi yo'nalish sifatida qaraydiganlar talay.

O'zbekistonda yaqinda 30 o'yin man etildi. Ular orasida "The Sims" nomli simulyatsion o'yin ham bor. "Grand Theft Auto" o'yini ham taqiqlangan.

"Mass Effect", "Call of Duty: Black Ops", "Assassin’s Creed: Brotherhood" degan o'yinlar ham qora ro'yxatda.

Ular, deydi Edvards, O'zbekiston hukumati talqinida pornografik mazmunga ega va haddan tashqari zo'ravonlikni aks ettirgani uchun chetga uloqtirilgan.

Misr va Saudiya Arabistonida Nintendoning "Pokemon GO" o'yini rad etilsa, Germaniyada qonxo'rlik va nakotiklarni reklama qilayapti deya "Dead Rising 3" bozordan chiqarilmoqda.

Pokistonda "Call of Duty: Black Ops 2" va "Medal of Honor: Warfighter" o'yinlari, Eronda esa "Battlefield 3" man etildi. Xitoyda shu kunlarda "Command & Conquer: Generals" o'yini taqiqlandi.

​Sanoat vakillari Hindiston, Janubiy Koreya, Marokash, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirligi, Gretsiya, Singapur singari mamlakatlarda muzokaralar olib borib, o'yinlar qanday ishlanishi yuzasidan muloqot olib bormoqda.

Edvards deydiki, ishlab chiqaruvchilar mahalliy madaniyat va mentalitetga, qolaversa yosh avlodga ta'siri yuzasidan xavotirlarga befarq emas.

O'yinlar yoshlar miyasini to'g'ri shakllantirishda, ular tarbiyasida ijobiy rol o'ynashda xizmat qilishi kerak, deydi u. Video o'yinlarni yaratuvchilar o'z ishlariga mas'uliyat bilan yondashib, mahsulot xaridor hayotida foydali omil bo'lishini istaydi.

Bu programmalar yo'qolmaydi va kun sayin yangilanib, rivojlanib boraveradi. Bozorda ularga talab bor. Demak, sanoat va hukumatlar kelishib olishi kerak. Murosa yo'li albatta topiladi, deydi sanoatchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG