Amerikaning ko'plab shaharlarida urushda halok bo'lgan qahramonlarga atab yodgorliklar qurilgan. Ularda 1776-yilgi Amerika inqilobidan tortib, Afg'oniston va Yaqin Sharqdagi mojarolargacha bo'lgan urushlar aks etgan. Poytaxt Vashington ham shunday yodgorliklardan xoli emas. Bu yerda bir qator mashhur harbiy obidalar mavjud.

AQSh himoyasi yo'lida halok bo'lganlar uchun barpo etilgan o'nlab yodgorliklar bor. Eng mashhurlaridan biri Dengiz kuchlari urush memorialidir. Majmua uchun namuna 1945-yil Yaponiyaning Io oroliga bayroq qadagan AQSh askarlari suratidan olingan. Yodgorlik 1775-yildan beri halok bo'lgan barcha AQSh askarlariga bag'ishlanadi.

Ko'plab majmualarda askarlar qiyofasi aks etgan bo'lsa, Ikkinchi Jahon urushi Milliy yodgorligida "Eng buyuk avlod" deb ataladigan qahramonlar uchun maxsus arxitekturadan foydalanilgan. Bronza panellar va granit ustunlar urush yillarini va mamlakat birdamligini aks ettiradi. Mojarolarda jon bergan 400 mingdan ortiq amerikalik xotirasiga tilla yulduzchalar qadalgan.

Boshqa bir devorda Vyetnam urushida halok bo'lgan 58 ming amerikalik yodga olinadi. 1982-yil bunyod etilgan majmuada qurbonlar soni qora granitga o'yib yozilgan. O'z davrida urushning o'zidek bahslarga sabab bo'lgan bu yodgorlik mamlakatning eng mashhur maskanlaridan biriga aylandi. Bu yerga har yili millionlab sayyoh keladi, devor poyiga gullar, rasmlar va esdalik yozuvlari qo'yiladi.

Koreya urushi veteranlari yodgorligi ham yana bir antiqa harbiy majmua. Bu yerda Koreya sholi dalalarini esga soluvchi maydonga 19 ta askar haykali o'rnatilgan. Yodgorlikka uch yillik mojaroda halok bo'lgan yoki yo'qolgan askarlar ismi yozib qo'yilgan.

Havo kuchlari memorialida esa uch bahaybat yodgorlik ko'kka bo'y cho'zgan. Ular uchayotgan samolyot yo'nalishini ifodalaydi. Bu majmua alohida bir urushga atalmagan, balki AQSh havo kuchlarida xizmat qilgan barcha amerikaliklarga ataladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG