Breaking News

Demokratlar prezidentlarni harbiy kuch qo'llash vakolatidan ayirmoqchi


Demokrat qonunchilar

AQSh Kongressining Vakillar palatasi qonunchilari Amerika prezidentlariga terrorga qarshi urush e’lon qilish vakolatlarini beruvchi salkam 20 yillik qarorni bekor qilishga ovoz berdi.

Demokratlar prezidentlarni harbiy kuch qo'llash vakolatidan ayirmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Hujjat ilk qabul qilinganida sobiq prezident Jorj Bush Kongress ruxsati bilan Iroqni bosib olgan edi. O’shandan beri Amerikaning 3 ta prezidenti undan turli mojarolarda qatnashish uchun foydalangan.

“Oxiri yo’q urushlarimiz hanuz davom etarkan, trillionlab dollar ko’kka sovurilmoqda, minglab odam o’lmoqda. Hujjat Kongress rejasi doirasidan chiqib ketgan”, - deydi quyi palata a’zosi, demokrat Barbara Li.

AQSh Konstitutsiyasiga ko’ra, yolg’iz Kongress urush e’lon qilish vakolatiga ega. Biroq 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so’ng qonunchilar davlat rahbari vakolatlarini kengaytirib, unga mojaroga kirishga ruxsat berdi.

Iroq urushi faxriysi, amaldagi qonunchi Ruben Gallegoning aytishicha, harbiy kuchni qo’llashga ruxsat beruvchi hujjat qurolli kuchlarni zaiflashtirdi.

“Hujjat bekor qilinmas ekan, biz Kongressdagilar uchun Amerika askarlarini xavf ostiga qo’yishni muhokama qilish va qaror qabul qilish uchun ma’naviy va konstitutsion burchimizni bajarishimizga uzoqroq vaqt ketadi”, - dedi kongressmen.

Prezident Tramp 2002-yilda qabul qilingan qarordan 2020-yilda Eron generali Qosim Sulaymoniyni o’ldirgan havo hujumini oqlash uchun foydalandi. Respublikachilar qaror o’zini oqlaganini aytadi.

“Men ham bu qarorning bekor qilinishi tarafdoriman, ammo bu amerikaliklarni vatanda va xorijda o’ldirishni rejalayotgan terrorchilarga qarshi yangilangan va aniq vakolatlarni tayyorlash jarayonining bir qismi bo’lmog’i lozim”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Makkol.

Qarorni bekor qilish bo’yicha ovoz berish navbati endi senatorlarda. Yuqori palatadagi demokratlar uni yoqlash niyatida.

“Iroq urushi tugaganiga salkam 10 yil bo’ldi. 2002-yilda qabul qilingan qarorga 2021-yilda ehtiyoj yo’q”, - deydi Senatda ko’pchilik sardori Chak Shumer.

Biroq yuqori palatadagi respublikachi qonunchilar nazarida, demokratlar jarayonga shoshma-shosharlik bilan yondashmoqda.

““Islomiy davlat”, al-Qoida va boshqa terror guruhlari solayotgan tahdid har qachongidan haqiqiydir. Yangi vakolatlar bo’yicha oldindan kelishmay turib prezidentga harbiy kuchni ishlatishga ruxsat beruvchi hozirgi qarorni bekor qilish zarurat tug’ilganda nima qilish kerakligi yuzasidan yanada kattaroq mavhumlikka yetaklaydi”, - deydi Senatda ozchilik sardori Mitch Makkonel.

O’tgan hafta qarordan voz kechish harakatlarini olqishlagan Oq uy qonunchilarni Amerikaga o’zini himoya qilishga imkon beruvchi yangi huquqiy asos qabul qilishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG