Breaking News

Amerika rahbari islomiy birdamlikka chaqirdi


Arab-Islom-Amerika sammiti, Riyod, 21-may, 2017
Arab-Islom-Amerika sammiti, Riyod, 21-may, 2017

AQSh Prezidenti Donald Tramp 21-may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda 50 dan oshiq davlatdan kelgan arab va musulmon rahbarlar oldida so'zlar ekan, terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga va diniy birdamlikka chaqirdi.

Tramp deydiki, Amerika musulmon dunyosi bilan yangicha koalitsiya qurishni istaydi. Unga kirganlar ekstremizmni ildizi bilan yo'q qilishga bel bog'lashi va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim, jumladan islom ahli.

"Bu dinlararo, e'tiqodlararo, madaniyat yoki oqimlararo urush emas", - deydi Tramp. "Bu insoniyatga qarshi jinoyatlar qilayotgan qonxo'rlar va barcha dinlarning iymonli vakillari orasidagi kurash".

Tramp odatda "radikal islomiy terrorizm" degan iborasi bilan tanilgan, lekin bu safar uni qo'llamadi. "Islomiy ekstremizm va islomiy terror guruhlari olib borayotgan dahshatli harakatlarni" bartaraf etishga undadi.

"Amerika suveren davlat. Xavfsizlik va tinchlikni ta'minlash uchun barcha chorani ko'ramiz. Biz sizga aql o'rgatmoqchi emasmiz. Qanday yashashingiz, nima qilishingiz, kim bo'lishingiz, kimga va nimaga qanday sig'inishingiz - o'zingizning ishingiz. Mushtarak manfaatlar, qadriyatlar va maqsadlar yo'lida yaqindan birga ishlaylik. Har safar terroristlar begunoh insonlarni o'ldirganida, xudoni ro'kach qilganida, har bir e'tiqod vakili uchun haqoratdir".

"Terrorizm yer yuzi bo'ylab tarqalgan. Barcha dinlarning boshi shu yerda", - dedi Tramp Yaqin Sharq sarhadiga ishora qilib. "Bu muqaddas tuproq. Amerika siz bilan yonma-yon turib, xavfsizlik va o'zaro manfaatlar uchun kurashadi".

Bu nutqdan oldin Tramp Fors ko'rfazi davlatlari rahbarlari bilan muzokara qilib, Eron haqida gaplashdi. Ular Tehronga qarshi choralarni kuchaytirmoqchi. Shia respublika arab-sunniy davlatlar nazarida hamon ulkan tahdid manbai. Atom dasturini butkul yopmagan, qurollanishda davom etmoqda va qo'shni mamlakatlarda jangari to'dalarni quvvatlashda davom etmoqda, deydi arab arboblar. Oq uy nazarida ham Eronga ishonib bo'lmaydi.

Tramp musulmon davlatlardan Amerikaga kelishni cheklash qaroridan qaytmagan. O'z tinchligini ta'minlash uchun AQSh ayrim taqiqlarni qo'yishga majbur, deydi u. Lekin sud tizimi prezidentni bosh qomusni poymol etayotganlikda ayblab, uning farmonlarni yo'qqa chiqargan. Amerika darvozasi har qanday din va elat vakili uchun ochiq turishi kerak, deydi sudyalar.

Saudiya Arabistoni azaldan AQShning mintaqadagi strategik ittifoqchisi. Mudofaa va energetika sohalarida yaqindan hamkorlik qilinadi. Tramp qirollik fuqarolariga eshikni yopmagan.

Amerika rahbari Riyodda Qatar, Bahrayn, Misr va Quvayt rahbarlari bilan alohida gaplashib oldi. Bu mamlakatlar bilan biznes va harbiy rishtalar kengayadi, deydi rasmiylar. Tramp kelajakda bu davlatlarga safar qiladi.

AQSh rahbari Donald Tramp Bahrayn qiroli Hamad bin Isa al-Xalifa bilan, Riyod, 21-may, 2017
AQSh rahbari Donald Tramp Bahrayn qiroli Hamad bin Isa al-Xalifa bilan, Riyod, 21-may, 2017

AQSh rahbari Donald Tramp Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissi bilan, Riyod, 21-may, 2017
AQSh rahbari Donald Tramp Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissi bilan, Riyod, 21-may, 2017


Saudiya Arabistoni qiroli Salmon AQSh rahbari Donald Tramp bilan harbiy hamkorlik bo'yicha shartnoma imzoladi, Riyod, 20-may, 2017
Saudiya Arabistoni qiroli Salmon AQSh rahbari Donald Tramp bilan harbiy hamkorlik bo'yicha shartnoma imzoladi, Riyod, 20-may, 2017

Saudiya Arabistoni bilan 110 milliard dollarlik qurol savdosi bo'yicha bitim imzolandi.

Kelasi 10 yilda 350 milliard dollarlik harbiy hamkorlik yo'lga qo'yiladi.

Bu bilan, deydi Tramp, Amerikada minglab ish o'rinlari yaratiladi. Kemasozlik, tank va boshqa vositalar ishlab chiqarish hamda kiber-texnologiya sohasida talab oshadi.

"Lockheed Martin", "General Electric" va "Saudi Aramco" singari qurol va neft kompaniyalari uchun yangi biznes imkoniyatlar yaratilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG