Breaking News

G'arb davlatlarining Rossiya nefti narxiga cheklovi amalda


Rivojlangan mamlakatlardan iborat “Katta Yettilik” guruhi a’zolari Rossiyaning Ukrainada muhim infratuzilmaga hujumlari kuchayganiga ishora qilib, rus nefti narxiga cheklov qo’ydi. Ular yoqilg’ini bir barreliga 60 dollardan yuqori narxda sotib olmaslikka kelishib oldi. Ularga Yevropa Ittifoqi va Avstraliya ham qo’shildi. “Katta Yettilik” bu bilan Kremlning Ukrainadagi urushni moliyalash salohiyatini tushirmoqchi.

Xalqaro hayot - 5-dekabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:16 0:00

Bosh vazir o’rinbosari Aleksandr Novakning aytishicha, Rossiya neftni bozor narxidan past miqdorda sotmaydi garchi buning uchun neft ishlab chiqarishni pasaytirishga to’g’ri kelsa-da.

Biroq muammo shundaki, yirik sug’urta kompaniyalari rus nefti ortilgan tankerlarga xizmat ko’rsatmaydi endi va bunday kompaniyalarning aksariyati G’arb mamlakatlarida joylashgan.

Narx cheklovlari dengiz orqali yetkazilayotgan neftga taalluqli, xolos, quvur orqali uzatilayotgan neft bundan mustasno.

Rossiya bundan keyin yana bir muammo bilan yuzlashadi. Rossiya narx chekloviga amal qilmasa, logistika bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar “Katta Yettilik” va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tegishli tankerlardan foydalana olmaydi.

Rossiya bunday qoidaga amal qilgan kompaniyalar va mamlakatlarga neft sotishni taqiqlovchi qonun qabul qilmoqchi. Moskva G’arbga sotilmagan neftni Xitoy xarid qilishiga umid qilyapti.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bugun bayonot berib, Rossiya bilan energetika sohasida hamkorlikni oshirishini bildirdi.

Rossiyaning yana bir yirik savdo hamkori Hindiston bo’lib, bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar Dehli rus neftini xarid qilishda davom etishini aytdi.

Bugun Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok bilan uchrashuv chog’ida Jayshankar rus nefti narxiga qo’yilgan cheklovni tilga olmadi, Yevropa Rossiyaga qo’ygan sanksiyalariga qaramay rus yoqilg’isini katta miqdorda sotib olayotganiga ishora qildi.

"24-fevraldan 17-noyabrga qadar Rossiyadan eng ko’p yoqilg’ini Yevropa Ittifoqi sotib oldi. Hindiston bilan solishtiradigan bo’lsak, neftni Yevropa Ittifoqi olti baravar ko’p xarid qildi. Gazni tilga olmasa ham bo’ladi. Yevropa Ittifoqi 50 milliard yevroga teng rus gazini xarid qilgan. Rus ko’mirini esa Hindistonga qaraganda 50 foizga ko’p sotib olishgan”, - dedi Jayshankar.

“Katta Yettilik” va Yevropa Ittifoqi har ikki oyda rus neftiga narxni qayta ko’rib chiqishga kelishdi. Fevral boshidan neft mahsulotlariga ham o’xshash cheklovlar joriy etilishi kutilmoqda.

Kremlning bildirishicha, neft narxining cheklanishi global energetika bozorlarini beqarorlashtiradi, Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotiga esa ta’sir qilmaydi.

Rossiya dunyoda ikkinchi yirik neft eksportchisi hisoblanadi. Neft narxi o’tgan hafta bir barreliga 67 dollar atrofida edi. Polsha, Boltiq davlatlari va Ukraina Rossiya bir barreliga 60 dollarga sotib ham yaxshi daromad ko’rishini aytib, narxni yanada cheklashni talab qilgan edi.

G’arb davlatlariga ko’ra, Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga qarshi hujumlari mamlakatni qishda tiz cho’ktirishga qaratilgan.

Ayrim shaharlarda aholi suvsiz, chiroqsiz, issiqliksiz o’tiribdi, uyali va internet aloqa sustlashgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyani qishdan qurol sifatida foydalanayotganlikda aybladi.

“Rossiya Ukrainani chiroqsiz va issiqliksiz qoldirib, zulmatga cho’ktiryapti, sovuqda qoldiryapti. Bu so’zsiz vahshiylikdir”, - dedi u.

Moskva Kiyev bilan muzokaraga tayyor ekaniga ishora qilarkan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina imkonsiz shartlar qo’yayotganini aytib, Kiyev urushni tugatishga tayyor emasligini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG