Breaking News

Kolorado: Karantinni imkoniyatga aylantira olgan tojikistonlik tadbirkor


Kolorado: Karantinda biznes boshlagan tojikistonlik tadbirkor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:15 0:00

Shahnoza Oripova 8 yil oldin Tojikistondan Qo’shma Shtatlarga ko’chib o’tib, yangi hayot boshlagan. O’tgan yillar mobaynida o’zining bir necha biznes loyihalarini yo’lga qo’yib, ularni yuritib kelayotgan edi.

Biroq pandemiya paytida AQShdagi ko’plab bizneslar qatorida uning ham loyihalaridan biri yopildi. Tadbirkor chekinmasdan karantin sharoitida ham Kolorado shtatida “ZypWork” nomli yangi kompaniya ochdi.

“Pandemiyadan oldin kiyim-kechak do’konim va 2-3 joyda uning bo’limlari bor edi. COVID kelganidan keyin karantin joriy etildi, bizneslarimizni yopishga majbur bo’ldik. Shunda odamlarga qanday yordam bersam bo’ladi, deb o’ylanib qoldim. Yopilmaydigan, uydan bajarsa bo’ladigan ishlar haqida. “ZypWork” kompaniyasini tashkil etish g’oyasi shu tariqa paydo bo’ldi”, - deydi u.

Shahnoza Oripova Rossiyada huquqshunoslik bo’yicha, AQShda esa biznes boshqaruvi yo’nalishida tahsil qolgan. “ZypWork” – ish izlayotgan va ish taklif qilayotgan tomonlarni bog’laydigan platforma. Xonadon va ofislarni tozalashdan tortib ta’mirlashgacha, turli xizmatlarni ham ko’rsatadi.

“Mijozlarimiz ko’p edi. “ZypWork” guruhi yordamida boshidan hovli-joylar ta’miri hamda ularga xizmat ko’rsatishni o’z zimmamizga oldik. Va allaqachon ko’plab mijozlarlar orttirganmiz”.

Onlayn platformamiz orqali turli sohalarda ishonchli, malakali ishchilarni topish mumkin, deydi tadbirkor. Ish qidiruvchilar bilan bog’lanib, vaqtinchalik va doimiy asnoda qo’shimcha daromad topsa bo’ladi. Shahnoza Oripova, xususan, pandemiya avjiga chiqqan paytda ishini yo’qotgan odamlarga yordam bera olganidan xursand.

“ZypWork” guruhi bilan biz texnologiyalardan foydalanib uy-joylar ta’miri va ularga xizmat ko’rsatish jarayonini yengillashtirishga erishdik. Anchagina odamlarni ish bilan ta’minlashga ham muvaffaq bo’ldik”, - deydi Oripova.

Kompaniya xodimlari orasida sobiq sovet davlatlaridan muhojirlar ham ko’p. Yevgeniya Fiser asli Ukrainadan.

“Ichki dizayn bo’limi direktoriman. Shahnoza bilan ikki yildan beri ishlaymiz. Boshida loyihamiz vaqtinchalik edi, ammo koronavirusdan keyin binolarni to’liq ta’mirlab berishga o’tdik, chunki odamlar uydan ishlayapti”, - deydi Fiser.

Go’zal Chuliyeva O’zbekitondan:

“Men Shahnoza bilan qo’shimcha ish qidirgan paytim portallariga ko’zim tushib qoldi. Mana shu korxonada ish izlab ariza topshirgandim, qo’shimcha daromad olish uchun. Ariza topshirgan paytim biz tanishib qoldik. Shahnoza judayam professional inson, o’z ishini biladigan. Menga juda ko’p maslahatlar berdilar. Mana shunday biz tanishdik. Men tanishganimdan xursandman. Bizning korxonamiz uylarni, binolarni, ofis binolarini ta’mirlash bilan shug’ullanadi. Biz ta’mirlab bo’lgan binolarni keyin ham, ya’ni kerak bo’lgan tozalash ishlari - mumkin har oy yoki har hafta – tozalash kerak bo’lsa biz ishchilarimizni jo’natib, tozalab beramiz. Agar biror kichik ta’mirlar kerak bo’lsa, albatta bu ishlarni hammasini biz qila olamiz. Har xil, har sohadagi mana shu binolarga taalluqli bo’lgan xizmatlarni biz ko’rsatamiz”.

Shahnoza Oripova o’zini Amerika orzusiga erishgan, muvaffaqiyatli tadbirkor deb biladi. Maqsadim, deydi u, imkon boricha ko’proq odamlarga, ayniqsa muhojir xotin-qizlarga ko’maklashish. Chunki AQShda muvaffaqiyatga erishish uchun o’zi ham dovonlardan oshib o’tgan.

“Shahnoza bilan ishlay boshlaganimda remont ishlari haqida to’liq tasavvurga ega emas edim. Ichki dizayn bo’yicha yangi texnologiyalar bilan tanishdim. Ular inson hayotini osonlashtirar ekan”, - Fiser.

Faol hayot tarziga o’rgangan tadbirkor bo’sh vaqtini egizak farzandlari va ota-onasi bilan o’tkazadi.

“Shahnoza yoshligidan g’ayratli edi. O’z oldiga nima maqsad qo’ysa, oxirigacha bajaradi. Dunyoning katta shaharlaridan birida o’z ishini yuritayotganidan xursandman”, - deydi Shahnozaning onasi Marhabo Oripova.

Amerikada muvaffaqiyatli biznes boshlash oson emas, lekin qunt va mehnat bilan hammasiga erishsa bo’ladi, deydi Shahnoza Oripova.

“O’z tajribamdan aytishim mumkinki, AQShda muhojirlar barcha sharoit muhayyo. O’z orzuingizni ro’yobga chiqara olasiz. “ZypWork” shirkatimiz yangi kelgan muhojirlarni ham, o’z biznesiga ega immigrantlarni ham ish joylari bilan ta’minlashga hamisha tayyor”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG