Breaking News

Jahon banki: Tolibon bilan tinchlik kelishuvi afg'on iqtisodiyotiga foyda keltiradi


Kobul universiteti yonida, 19-iyul kungi portlashdan so'ng

19-iyul kuni Afg'oniston poytaxti Kobuldagi universitetda xudkush bombachi xurujida kamida sakkiz odam o'lgan. Oy boshida esa shaharda mashinaga o'rnatilgan bomba kamida olti kishini nobud qilgan edi.

Jahon banki hisobiga ko'ra, afg'on urushi mamlakatda iqtisodiy taraqqiyotni paysalga solmoqda. Xususan, ichki nizo tufayli 2018-yilda iqtisodiy o'sish 1,8 foiz atrofida bo'lgan. Bunga qurg'oqchilik va siyosiy mavhumlik ham sabab qilib ko'rsatilmoqda.

Bank xulosasiga ko'ra, qashshoqlikni kamaytirish va iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun xavfsizlikni ta'minlash muhim.

“Tolibon bilan erishilgan har qanday siyosiy kelishuv xorijdan sarmoya va malakali mutaxassislarning kelishiga turtki berishi mumkin", deyiladi hisobotda.

Qo'shma Shtatlar 18 yillik afg'on urushiga barham berish maqsadida bir necha oydan beri Tolibon bilan muzokara qilmoqda.

Kuzatuvchilar nazarida, tinchlik bitimi imzolansa, jangarilar va hukumat o'rtasida muloqotga yo'l ochiladi.

“Hukumat xavfsizlikni kuchaytirib, xususiy sektor taraqqiyotiga urg'u berib, sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilib, Afg'oniston so'nggi 20 yilda qo'lga kiritgan yutuqlarni saqlab qolib, kuchli va xolis davlat institutlarini yaratsagina iqtisodiy foyda ko'radi", - deydi Jahon bankining Afg'oniston idorasi rahbari Genri Kerali.

Afg'oniston hukumati bashoratiga ko'ra, 2019-yilda iqtisodiy o'sish 2,5 foiz atrofida bo'lishi kutilmoqda.

“2018-yilda hukumat salkam 190 milliard afg'oni daromad ko'rdi. Bu bir yil oldingidan 7 foiz ko'p", deyiladi Jahon banki hisobotida.

Tashkilot hukumatni biznes muhitni yanada yaxshilashga, saylov jarayonining silliq o'tishini ta'minlashga, korrupsiyaga qarshi qattiqroq kurashishga, cheklangan moliyaviy resurslarni oqilona sarflashga chaqiradi.

28-sentabr kuni mamlakatda bungacha bir necha marotaba qoldirilgan prezident saylovlari o'tkaziladi. Nomzodlar qayta saylanishga umid qilayotgan amaldagi Prezident Ashraf G'anini g'olib chiqish uchun davlat resurslarini ishga solayotganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG