Breaking News

Afg'oniston: Mavhum masalalar hal etilmasa sulhga erishish qiyin


AQSh Tolibonni sulhga chorlab kelar ekan, Afg’oniston hukumati nazarida tinchlik muzokaralari bo’yicha hali aniq bo’lmagan masalalar ko’p. Tolibon guruhi va afg’on hukumatini yarashtirish uchun urinishlar davom etmoqda. Kobul ushbu jarayonning aniq bo’lmagan qirralari bisyor ekanini bildiradi.

Tolibon bilan muzokaraga urinishlar samara beryaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:38 0:00

AQSh Prezidenti Donald Trampning 2-yanvardagi so’zlari bu mavhumlikni, shubhalarni yanada oshirdi. Vazirlar bilan Oq uyda o’tgan uchrashuvda Tramp AQShning Afg’oniston bo’yicha siyosatini tanqid qilgan. Afg’on zaminida terroristlarga qarshi minglab kilometr uzoqdagi Amerika emas, yaqindagi Rossiya, Hindiston va Pokiston jang qilishi lozim, deydi u.

Tramp ayni holda Sovet Ittifoqining 1980-yillarda Afg’onistondagi harbiy harakatini to’g’ri, deya baholagan. Uning bu so’zlari afg’on hukumati va xalqini g’azablantirdi.

Tramp afg’onlarning Rossiyaga qarshi kurashini haqorat qilib, kurashchilarni terroristlar deya belgiladi, degan tahlil va qarash kuchaydi.

Afg’oniston hukumatining Vashingtondagi elchisi Ro’yo Rahmoniy AQSh pozitsiyasi va Prezident Tramp so’zlari o’rtasida ancha ziddiyat va farq borligini ta’kidlamoqda.

Afg’on hukumati AQShdan izoh so’ragan bo’lsa-da, hali Vashington hech qanday munosabat bildirgani yo’q.

“Xalqimizning xalqaro hamjamiyat yordamida Sovet Ittifoqiga qarshi bo’lgan kurashi bilan faxrlanamiz”, - deydi elchi Rahmoniy.

Afg’oniston Tinchlik oliy kengashi bosh kotibi Umar Dovudzuy AQSh siyosati, mintaqa davlatlarining xohish-istagi va Tolibon qo’yayotgan shartlar noaniq ekanini bildiradi.

“Mavhum masalalar hal etilmasa sulhga erishish qiyin. Aniq bo’lmagan birinchi mavzu shuki, qo’shnilarimiz, mintaqa davlatlari nima istaydi, ular ko’zlagan maqsad nima? Toliblar nima xohlaydi, bu ham aniq emas. Ular hukumatning sherigi bo’ladimi yoki “Islomiy Amirlik” tashkil qiladimi?”, - deb so’raydi Umar Dovudzuy.

U AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod afg’on hukumati va toliblar o’rtasida vositachilik qilayotganiga to’xtaldi.

“Amerika Afg’oniston jangini tark etmoqchi, bu aniq. Lekin afg’on tuprog’ini tark etadimi, yo’qmi, bilmaymiz”, - deydi Dovudzuy.

18 yillik yutuqlar qo’ldan boy berilmasligi kerak, degan talab kuchli. Qizlarning ta’lim olishi, ayollarning ishlash huquqi, so’z erkinligi, inson huquqlari bobida erishilgan yutuqlar boy berilmasligi kerak, deydi faollar.

Afg’oniston Vakillar palatasi a’zolari Tolibon tinchlik xohlayotgan bo’lsa, hukumat bilan shartsiz muzokara qilishi lozimligini aytadi. Muzokaralar natija berishi uchun harbiy bosimni oshirish kerak, deyayotgan deputatlar ham bor.

“Sulh yaxshi narsa, lekin ungacha harbiylar dushmanni nobud qilish va siyosatchilar muzokaralarini davom ettirishi zarur”,- deydi deputat Lolay Hamidzay.

Ba’zi qonunchilar nazarida AQSh Afg’onistonni tark etsa butun jahon terrorizm tahdidi bilan yuzlashadi.

Afg’oniston hukumati Tolibon delegatsiyasi hukumat vakillari bilan muzokara qilmaydigan bo’lsa, Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o’tkazilishi rejalangan uchrashuvlarga delegatsiya yubormasligini aytgan edi. 4-yanvarga belgilangan sammit bekor qilinar ekan, Tolibon ushbu yig’ilish harakatning rejasida yo’qligini bildirgan.

Shuningdek, Turkiya Afg’onison va Pokiston hukumatlararo muzokaralariga mezbonlik qilishini bildirgan. Afg’onistonlik siyosatshunoslar toliblar va afg’on hukumatini o’z holiga qo’yishni tavsiya qilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG