Jakarta tinch hayotga qaytmoqda
Indoneziya rasmiylari o’tgan hafta singari qonli xurujlar takror ro’y bermasligi uchun ehtiyot choralarini oshirdi. Ekstremist jangarilar yana hujum qilishi mumkin degan ogohlantirishga qaramay, poytaxt Jakartada hayot sekin odatiy tusga qaytayapti.
Jakartada portlagan kofe do’koni ta’mirlash ishlari uchun yopilgan. Odamlar bir necha kun oldin keltirgan gullardan bugun asar ham yo’q.
Chorrahadagi hujumga uchragan savdo markazi esa yana gavjum.
Xurujlar sakkiz kishini, jumladan, to’rt hujumchini hayotdan olib ketgan edi.
Haydovchi Muhammad Yunus portlash va otishmalar paytida namoyish qilgan dadil va tezkor harakatlari bilan tahsinga sazovor bo’ldi.
Ikkinchi portlashdan so’ng Yunus oyoqlari qattiq mayib bo’lgan ayolni opichlab kasalxonaga chopgan. Holbuki, o’sha payt jangarilar uchragan, qilt etgan odamni otayotgan edi.
Indoneziyadagi musulmon jamoalar terrorizmni qoralab, hukumatdan “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi qat’iy choralar ko’rishni talab qilmoqda. Jakartadagi xurujlarni aynan shu guruh sodir etgan.
Hindistonda shafqatsiz hujumga uchragan ayollar taqdiri
Hindistonda xotin-qizlarga nisbatan tajovuz va zo’rlashlar jamiyatdagi eng og’ir illatlardan. Ayollarga kislota sepish hollari bo’yicha mamlakat jahonda birinchilardan. Agra shahridagi bir jamoa hujumdan ziyon ko’rgan ayollarni himoyasiga oldi.
Agra shahridagi mana bu kafeda shafqatsiz hujumda mayib bo’lganlar ishlaydi. Kafe bir yil oldin ish boshlagan.
15 yoshli Dolli Kumarini o’zidan yigirma yosh katta erkak majruh qilgan. Bu kishini rad etgani uchun Dollining yuziga kislota sepgan. Qiz ancha payt ko’chaga chiqolmadi.
“Yuzimni doim yopib yurar, hatto ko’zlarimni ko’rsatmas edim”, - deydi qiz.
O’tgan bir yilda Doli kafeda yuzlab xaridor bilan muomala qildi va qo’rquv hissidan qutuldi. U yana o’qish ishtiyoqi bilan yonayapti.
Dehlida asoslangan nodavlat tashkiloti aynan Dolli kabilarni himoyasiga oldi. Kislota bilan hujum qilish hollariga qarshi kurashadi bu guruh. Kafeni ochishdan maqsad ham shu edi: zaiflarga ish, imkon berish. Hujumga uchraganlarning ko’pi oilaviy zo’ravonlik qurbonlari.
Guruh asoschisi Alok Dikshitning aytishicha, jamiyatdan uzilib qolib, bu odamlar ham jismonan, ham ruhan azoblanadi.
Ularga dalda berishning eng ma’qul yo’li shioru namoyishlar emas, balki yaxshi muomala, shirin muomala.
Nodavlat tashkilotining dovrug’i har xil shaharlarga yetib, qariyb 10 ming xaridor kafening doimiy mijoziga aylandi.
Bayden qashshoqlikka qarshi kurashga undadi
Amerika Vitse-prezidenti Jo Bayden texnologiya bois qo’lga kiritilgan yutuq va qulayliklarni xolis taqsimlashga undayapti. AQSh rasmiysi Shveytsariyada yillik iqtisodiy anjumanda so’zladi. Oxirgi hisoblarga ko’ra, jahonda eng boy qatlam va yo’qsil hamda uysizlar orasida farq tobora chuqurlashib borayapti.
Davosda iqtisodchi va siyosatchilarning anjumanida eng ko’p e’tiborni antiqa robot jalb etmoqda. Janubiy Koreyada ishlangan bu qurilma HUBO deya ataladi va texnologiya sohasida ilg’or o’zgarishlarni belgilashi kutilmoqda. Insoniyat nimalarni kashf qilmayapti? Badanga qadalgan mobil telefonlar. Internetga to’g’ridan-to’g’ri ulangan kiyim-kechak. Lekin bu kashfiyotlarni sotib olishga hammaning qurbi yetmaydi.
“Bugungidan ham tarqoq, boy va kambag’alga ajralgan jamiyat yaratayapmizmi?” – deya so’raydi Bayden.
Oksfam tashkiloti hisobicha, 62 nafar eng boy odam jahon mol-mulkining yarmiga egalik qilar ekan. Jo Bayden boylarning mulkini soliqlardan pana qiladigan tizimlarga barham berishga, odamlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga da’vat etmoqda.
Fazogir hayoti
Ikki fazogir mana 10 oydirki Xalqaro fazo stansiyasidagi yashamoqda. NASA astronavti Skot Kelli va rossiyalik kosmonavt Mixayl Kornienko mana shu yo’l bilan kosmosda uzoq muddat qolishning inson jismi va ruhiga qanday ta’sir qilishini o’rganayapti. Maqsad kelajakda Mars sayyorasida safar oldidan tajriba to’plash.
“Bu yerda uzoq yashaganingiz sari radiatsiya bois odamning suyak va mushaklari bo’shashib boradi. Ko’rish va hatto yurak urishida muammolar bo’lishi mumkin”, - deydi Kelli.
Fazogirning aytishicha, 159 kunlik avvalgi parvozi ketidan uning ko’zi xiralashgan, lekin hozir ancha yaxshi.
Mixayl Kornienko esa vazifa oson emas, ammo yanada uzoqroq tura olamiz, deydi.
“Bizga ishonishdi, kuchimiz yetishiga ishonishdi. Kerak bo’lsa, bundan ham ko’proq yashaymiz. Oson emas, ammo yana bir qadam olg’a yurishimiz uchun muhim bu”, - deydi fazogir.
Har ikki fazogirning samodagi ishi mart oyigacha davom etadi. 342 kun davomida ular yig’gan ma’lumot kelajak safarlarida inson hayoti uchun xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.