Breaking News

BMT: Iqtisodiy farovonlik uchun oilani rejalashtirish kerak


BMTning so’nggi hisobotiga ko’ra, oilada farzand ko’rishni obdon rejalashtirish orqali rivojlanayotgan mamlakatlarda ona va bola salomatligiga sarflanadigan 11 milliard dollarni tejash mumkin. BMTning Aholishunoslik jamg’armasi izlanishi natijasida mana shunday xulosa qilinadi.

Hisobotga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda 222 million ayol kontratseptiv va boshqa vositalardan foydalanish imkonidan mahrum bo’lgani uchun rejadagidan ko’p farzand ko’radi. Yiliga to’rt milliard dollar sarflansa, ayollarni reproduktiv salomatlikka oid ma’lumot bilan ta’minlash va pirovardida salomatlik uchun tahdid bo’lgan abortlar va rejada yo’q homilaning oldini olsa bo’ladi.

Oilani to’g’ri rejalay bilish samarali iqtisodiy sarmoya ham hisoblanadi. Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlarida bolalar sonini chegaralash ko’p foyda keltirdi, buni rivojlanayotgan davlatlarda ham qo’llash maqsadga muvofiqdir, deyiladi hisobotda.

BMTning Aholishunoslik jamg’armasi xodimi Dayan Styuart so’zlariga ko’ra, Osiyoning iqtisodi gullab-yashnayotgan mamlakatlarida aynan shunday choralar ko’rila boshlaganidan keyin iqtisodiy o’sish boshlangan.

“Nechta farzand ko’rish, birinchi farzandni necha yoshda tug’ish kabilarni to’g’ri rejalagan odamlarning hayoti keskin o’zgargan. Masalan, ular uzoqroq umr ko’radi, salomatligi ham boshqalarga qaraganda mustahkamroq. Buning taraqqiyot uchun ahamiyati katta, chunki oila ko’proq mablag’ tejashi mumkin. Iqtisodiy o’sish ta’minlanadi,” - deydi Styuart.

Hisobotga ko’ra, oilani rejalashtirish, ya’ni farzandlar soni va qachon bola ko’rishni rejalashda oqsayotganlar – Afrika mamlakatlari. Xususan, Chad va Nigerda ahvol chatoq.

BMT jamg’armasi xodimlari oilani rejalashtirish butun millatni qashshoqlikdan olib chiqadi, deydi. Masalan, Nigeriyada kelasi 20 yilda har bir ayol ko’radigan farzandlar soni bittaga kamaysa, iqtisodiy o’sish 30 milliard dollarga teng bo’ladi.

Yiliga 1,8 milliard dollarlik sarmoya rivojlanayotgan mamlakatlarda barcha ayollarni kontratseptiv preparatlar bilan ta’minlash imkonini beradi. Lekin gap faqat mablag’da emas, deydi Styuart. Kontratseptivlardan foydalanish yo’lidagi ijtimoiy, siyosiy va qonuniy to’siqlarni bartaraf etish kerak. Ayrim jamiyatlarda ayol qancha ko’p farzand ko’rsa, shuncha yaxshi, degan fikr mavjud. Odamlar ongini ham o‘zgartirishimiz lozim, deydi mutaxassis:

“Faqat rivojlanayotgan mamlakatlar emas, balki butun dunyo bo’ylab oilani rejalashtirishda jiddiy to’siqlar bor. Albatta, kambag’allarning bu ishda imkoniyati boshqalarnikiga qaraganda kamroq. Kontratseptiv va boshqa vositalardan foydalanish imkoni yo’qligi sababli ular oilani rejalashtirish, farzandlar orasidagi muddatni uzaytirish va istalmagan homilaning oldini olishda qiynaladi”.

BMT Aholishunoslik jamg’armasi abortni oqlamaydi, bu ona salomatligi uchun zarar, deydi. Shuning uchun homilaning oldini olishda boshqa zamonaviy, an’anaviy va tabiiy usullardan foydalanish kerak, deydi Styuart.

Zamonaviy kontratseptivlardan foydalanish imkoniyati yuqori mamlakatlarda abortlar keskin kamayadi. Bu esa yaxshi hol, albatta, deydi BMT rasmiysi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG