Taniqli siyosatdon Zbignev Bjezinski 89 yoshida vafot etdi

  • Amerika Ovozi

Zbignev Bjezinski keksalik davrida ham faol edi. Kongress va boshqa yuqori organlarda tez-tez ko'rinib, rahbarlarga maslahat berib turar edi.

Polyak diplomatning muhojir o'g'li bir kun kelib Amerikaning yetuk arbobiga aylanadi deb kim ham o'ylabdi, deysiz. Zbignev Bjezinski uzoq yillar Vashingtondagi eng kuchli siyosatdonlardan biri edi. 27-may kuni u Virjiniya shtatidagi uyida vafot etdi.

Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqiga qarshi siyosiy-mafkuraviy kurashda, shuningdek, Xitoy va boshqa yirik davlatlar bilan aloqalarni yuritishda Bjezinski asosiy rol o'ynagan shaxslardan biri.

1977-81 yillarda u o'sha paytdagi rahbar Jimmi Karterning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi bo'lib ishlagan. Bu qudratli lavozimda u Eron, Afg'oniston, SSSR, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlari bilan chigallashgan rishtalarni tebratgan va bu hukumatlarga qarshi yangi siyosiy strategiya ishlab chiqqan. U tuzgan rejalar va olg'a surgan g'oyalar Amerika siyosiy doiralarida hamon namuna va me'yor sifatida xizmat qiladi.

Oq uy, 1985
Oq uy, 1985

Ko'plab mojarolarni hal etgan, murosa yo'llarini topgan arbob 1928-yilda Varshavada dunyoga kelgan. Kanada va Amerikada bilim olgan. Uni kommunizmning asl mutaxassisi deyishar edi. 1960-yillarda u Prezident Jon Kennedi va Linn Jonsonga maslahatchilik qilgan.

Bjezinskining safdoshlari uni o'jar, cho'rtkesar va yakka qaror qilishni ma'qul ko'radigan siyosatdon deya tanqid qilsa-da, uning o'tkir ilmi va chuqur tahliliga tan berar edi.

Eronda 1979-yilda islomiy inqilob yuz berib, AQSh elchixonasida o'nlab diplomatlar va fuqarolar garovga olinganida, bu uzoq mojaroni yechishda Bjezinski yetakchilik qilgan. Harbiy va siyosiy choralar ko'rish ustida bosh qotirishda unga hech kim yetolmas edi, deydi Bjezinski bilan ishlagan sobiq rasmiylar.

Demokrat Karter Oq uyni 1980-yilda respublikachi Ronald Reyganga boy bergan. Lekin Bjezinskiga Vashingtonda talab so'nmagan. U tashqi siyosat ortidagi asosiy insonlardan biri bo'lib qolgan.

Bjezinski 1983-yilda "Qudrat va prinsip" deb nomlangan kitobini taqdim etganida, u o'z davrining eng qiziqarli siyosiy memuari deya maqtalgan.

Diplomat oilasidan chiqqan, Fransiya va Germaniyada katolik maktablarni bitirgan Bjezinski 1938-yilda, Ikkinchi jahon urushi boshlanishi oldidan Kanadaga ko'chgan.

Rus tili va Rossiya tarixini u yangi yurtda o'rgana boshlagan. Kanadaning mashhur Makgill universitetida iqtisod va siyosatdan diplom olgach, u Garvard universitetida doktoranturani yakunlagan va bu nufuzli oliygohda dars bergan.

Totalitar tuzumlar, diktatura va repressiya ostidagi jamiyatlarni o'rgangan Bjezinski SSSRni asosiy dushman deb bilgan AQSh hukumati uchun o'ta zarur ekspert edi. U Vashingtondagi siyosiy tahlil markazlarida yuqori lavozimlarda ishlagan, ayrimlariga asos solgan va umrining oxirigacha ularning faoliyatiga ulkan hissa qo'shgan.

Bjezinkining uch farzandi bor. Ular ham siyosat olamida.

Prezident Karter Zbignev Bjezinskiga Erkinlik medalini topshirmoqda, Oq uy, 17-yanvar, 1981
Prezident Karter Zbignev Bjezinskiga Erkinlik medalini topshirmoqda, Oq uy, 17-yanvar, 1981


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG