Trampning 100 kuni: berilayotgan baho har xil

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Trampning 100 kunlik faoliyati qanday kechdi? Berilayotgan baho har xil. 1933-yil Franklin Ruzvelt davridagi "Buyuk tushkunlik" kunlaridan beri davlat rahbarlarining dastlabki 100 kuniga baho berish an'anaga aylangan. Ammo prezident qanchalik muvaffaqiyat qozonishi faqat dastlabki uch oyga bog'liq emas.

Donald Tramp Vashingtondagi ish faoliyatining 100 kunligini Pensilvaniyada tarafdorlari davrasida nishonladi.

"Birga o'tkazgan ajoyib kunlarimizni nishonlash va oldimizda turgan buyuk kurashlarga tayyorlanish uchun yig'ildik. Har bir ishda biz g'olib chiqamiz", - dedi Tramp.

100 kun ichida Tramp tarafdorlariga xush keladigan bir qator farmonlarni imzoladi. Ammo ayrim muhim masalalarni Kongressdan o'tkaza olmadi. Masalan, tibbiy sug'urtaga oid islohotni.

Respublikachilar, umuman olganda, yangi prezident tarafida. Senatdagi ko'pchilik yetakchisi Mitch Makkonel ham.

"Suriyadagi hujum, Afg'oniston bunkerlariga tashlangan bomba menga ma'qul keldi. Faol tashqi siyosat ham. Lekin oldin ham aytganimdek, prezident tvitlarining ishqibozi emasman", - dedi u.

Demokratlar uchun esa Tramp norozilik va qarshiliklar manbai bo'ldi. Bu narsa davom etadi, deydi Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumer.

"Prezidentning "Mening yo'lim yoki katta ko'cha" degan qarashi uning 100 kunlik faoliyati davomida biror arzirli narsa qilmaganini ko'rsatadi", - deydi u.

100 kunlikka baho berish an'anasi Franklin Ruzvelt davridan boshlangan. U 1933-yil "Buyuk tushkunlik" paytida hokimiyatga kelgan edi.

Respublikachilar Ronald Reygan va Jorj Bush hamda demokratlardan Jon Kennedi va Bill Klinton dastlabki oylardagi muvaffaqiyatsizligini keyinroq yenga olgan.

Tramp obro'sini tiklashi uchun hali ko'p ter to'kishi kerak, deydi tahlilchi Uilyam Galston.

"G'alaba g'alabani, muvaffaqiyatsizlik esa yangi muvaffaqiyatsizlikni keltirib chiqaradi. Zaifligingizni ko'rsatib qo'ysangiz, dushmanlaringiz hujumni yanada kuchaytiradi va do'stlaringiz sizdan o'zini olib qochishi mumkin", - deydi u.

Tarixchi Norton Smitga ko'ra, prezidentlar, odatda, dastlabki oylarda ko'proq ta'sirchan kuchga ega bo'ladi.

"Zamonaviy prezidentlar uchun eng katta xavf bu ortiqcha diqqat markazida bo'lish. Qaysidir bir ishni qilgani yoki qilmagani uchun emas, balki Oq uy matbuotda eng ko'p yoritilishi tufayli", - deydi u.

Ruzvelt, Kennedi va Reygan kabi prezidentlar vaqt o'tib tarafdorlari sonini oshirishga muvaffaq bo'lgan. Tramp oldidagi eng qiyin vazifa shu bo'lsa ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG