Breaking News

Zika virusiga qarshi choralar tadqiq etilmoqda


Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Zika virusini yuqtirmaslik uchun chivinlardan uzoqroq turishni tavsiya qilmoqda. Zikaga qarshi vaksina hali ishlab chiqilmagan.

AQSh, Braziliya va bu kasalikka yuz tutgan mamlakatlar sog’liqni saqlash mutasaddilari BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashida virusga qarshi choralar haqida hisobot berdi.

Zika yangi virus emas. Ilk bor 1947-yili Ugandada yuzaga chiqib, 1960-yillargacha insonlarga o’tmagan. Uning denge yoki chikungunya viruslarinikiga o’xshash simptomlari mutaxassislarni chalg’itib kelgan. Ammo o’tgan yildan boshlab ko’plab odamlar Zikaga chalina boshlagach, virusning yangi alomatlari aniqlandi.

"Vaziyat tez o’zgarib bormoqda. Har kuni Zika haqida yangi narsalar o’rganyapmiz", - deydi AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazidan Patrik Kachur.

Ba’zilar virus chaqaloqlarning odatdagidan kichikroq bosh bilan tug’ilishini, miyaga ta’sir qilishini taxmin qilmoqda, biroq Zika va mikrotsefaliya o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlash uchun qo’shimcha izlanishlar talab etilmoqda. Virus, asosan, chivinlar orqali tarqaladi. Hukumatlar chivin populyatsiyasini kamaytirish hamda aholiga himoya choralarini o’rgatish bilan shug’ullanmoqda.

Zika Gaitida keng tarqalishi mumkin, deydi bu mamlakat vakili BMT kengashidagi majlisda.

"Gaitida qurg’oqchilik mavsumi poyoniga yetmoqda. Hozircha infeksiya keng tarqalmagan, ammo kelasi oy yog’ingarchilik mavsumi boshlanishi bilan Zika va chivinlar tashuvchi boshqa kasalliklarni ko’ra boshlaymiz", - deydi Murod Vahba.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti hisobiga ko’ra, dunyo bo’ylab Zikaga qarshi choralar 56 million dollarga tushadi.

"Virusga qarshi vaksinani yaratish uchun tadqiqot va izlanishlar davom etmoqda. Bir necha namunasi ustida ishlayapmiz, ammo yakuniy vaksinani yaratishga oylar ketadi. Ikkita kompaniya bu borada anchagina ishni amalga oshirdi", - deydi tashkilot vakili Natela Menabde.

Olimlar urg’ochi chivin bilan chatishganda zaif lichinka yetishtiruvchi erkak chivin genetikasini o’zgartirish ustida ham ishlamoqda. Bu chivinlarning keskin kamayishiga olib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG