Rossiya afg'on toliblari bilan anchadan beri aloqada

Moskva, 1-dekabr, 2016

Zamir Qobulov Rossiya Tolibon bilan aloqada ekanini fosh etgach, 10-dekabr kuni Afg’oniston Senati Rossiyaning Kobuldagi elchisi Aleksandr Mantitskiydan ma’lumot talab qildi.

Rossiya anchadan beri afg’on toliblari bilan aloqada. Buni rasmiylar bir necha bor tasdiqlagan. Moskva toliblarga “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashda yordam berayotganini bildiradi.

Shuningdek, Kreml o’z fuqarolari va diplomatlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida toliblar bilan gaplashayotganini qayd etadi. Afg’on arboblar fikricha Rossiyaning bunday harakarlari juda xavfli.

“Afg’onistonda siyosiy vakillaringiz bor. Hukumatni ham tan olgansiz, lekin yana qurolli muxoliflar bilan aloqa qurib, ulardan vatandoshlaringiz xavfsizligi bo’yicha yordam so’raysiz”,- deya shikoyat qilmoqda senator Najiba Husayniy Rossiyaga.

Senator Muhammad Alam Iyzidyor Zamir Qobulov so’zlarini tanqid qilar ekan, uning gaplari xalq xavotiriga sabab bo’lganini aytadi.

“Qobulov “Daish”ga qarshi kurashda toliblar bilan mushtarak manfaatga ega ekanimizni aytdi. Agar siz bu noto’g’ri desangiz, sizga qo’shila olmayman, chunki toliblarning “Islomiy davlat” bilan kurashayotganini haqiqat o’laroq qabul qilishimiz kerak. Lekin biz “Daish”ga qarshi jangda toliblarga yordam berayapmiz demaganmiz”,- deydi Rossiyaning Kobuldagi elchisi Aleksandr Mantitskiy.

U AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo’yicha strategiyasini tanqid qiladi. Prezident Barak Obamaning “afg’on toliblarini yenga olmadik” degan gaplarini eslatadi.

Rossiya toliblar bilan muloqot qurib, Markaziy Osiyo manfaatlarini o’ylayotganini da’vo qiladi. Kobulda bunga ishonch juda past. Vashington ham Moskvani buzg’unchi kuch sifatida ko’radi.

Yetakchi davlatlar boshqa bir mamlakatda jang qilar ekan, bunda o’sha mamlakatda yashovchi xalq eng ko’p zararni ko’rgan bo’ladi.

“Masalan: Suriyada bir tomon hukumatni himoya qiladi, yana bir tomon esa muxolifatni qo’llab quvatlaydi. Zararni esa Suriya xalqi ko’radi. Afg’onistonda ham ahvol shunday”,- deydi tahlichi Muhammad Masir Muqimiy.

Afg’on qonunchilari ta’biricha, qo’shni Eron, Pokiston va Rossiya muxolifatni himoya qilayotgani ziddiyatlarni yanada kuchaytiradi.