Tolibon yangi infrastrukturani barbod qilmaydi

  • Amerika Ovozi

Kobul

Afg'onistonda Tolibon azaldan buzg'unchilikda ayblanadi. Yillar davomida mamlakat vayronaga aylanganida jangarilar aybdor, deya noliydi hukumat. Biroq yaqindan beri toliblar yangi infrastrukturaga tegmasligini aytib, gaz quvurlari, konlar, yo'llar va boshqa obyektlarni himoya qilishga ham shay ekanini qayd etmoqda.

Tolibon xalq tarafida va xalq hayoti uchun zarur vositalar va tizimlarga zarar keltirmaydi, deydi harakat yetakchilari.

"Islomiy amirlik (Tolibon) mamlakat taraqqiy etsin deydi. Yangi imoratlar va bunyodkorlik ishlarini quvvatlaymiz", - deyiladi harakat bayonotida.

Hukumat bu kabi chiqishlarga shubha bilan qaraydi. Rasmiylar nazarida, jangarilar muhim tizimlarni nishonga olishda davom etmoqda va bu bilan yurtni har tomonlama barbod etishdan tortinmayapti.

Kobul
Kobul

"Bu yilning o'zida toliblar 300 million dollarga yaqin miqdorda zarar keltirgan. Ikki milliarddan oshiq afg'oniy puli haqida gap ketmoqda. 11 viloyat vayrona", - deydi Shoh Husayn Murtazaviy, prezident idorasi vakili.

Tolibon 302 maktabni, 41 kasalxona, 50 masjid, 5305 uy, 1818 do'kon, bir necha idoralar, olti ko'prik, 293 tunnel va 123 kilometrlik yo'lni yakson qilgan.

O'tgan qish toliblar O'zbekistondan keladigan elektr tarmoqlarini uzib qo'yganida Kobul va uning atrofida millionlab aholi qahratonda quvvatsiz yashadi.

Tolibon ayrim hududlarda mahalliy hukumatdan pul undirgan holda infrastrukturaga tegmay keladi.

Turkmanistondan Afg'oniston, Pokiston orqali Hindistonga yetuvchi yangi gaz quvuri 10 million dollarlik loyiha. Xitoy qimmatbaho metal qazish konlarini ham rivojlantirmoqda. Tolibon ularga zarar keltirmaslikni va'da qilmoqda. Vaziyat bilan yaqindan tanish mutaxassislar hech kimga ishonch yo'q deydi.

Kobul
Kobul

Hukumat Afg'onistondagi jami 407 tumandan 258 tasini nazorat qiladi. 33 tuman jangarilar qo'lida. 116 tasi esa turli guruhlar orasida bo'lingan. Kim ularni yuritayotganini aniq aytish qiyin.

Amerikalik ekspert Maykl Kugelman fikricha, Tolibon o'zini mo'tadil kuch sifatida ko'rsatib, xalq orasida tushib ketgan nufuzini oshirish harakatida.

Turkmaniston va Afg'oniston rahbarlari yaqinda Osiyo xalqaro temir yo'llari degan yangi tizim ochilishida qatnashdi. Umid shuki, bu yo'llar Yevropa va Markaziy Osiyoni bir-biriga bog'laydi.

Qilinadigan ishlar talay, deydi Vohid Mujda, Kobulda tanilgan mutaxassis, Tolibon kelajakni belgilashda ijobiy rol o'ynamoqchi.

"Tolibon delegatsiyasi yaqinda Turkmanistonga borib, loyihaga tegmaslikka, aksincha uni himoya qilishga so'z berdi", - deydi Mujda.

Kugelman esa toliblar qachon va'dasida turgan deya so'raydi. Turganida, bugun Afg'oniston tinch yurtga aylangan bo'lardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG