Tramp: Qozog'iston xalqaro masalalar yechimida muhim rol o'ynaydi

Qozog'iston va AQSh: strategik sheriklar

AQSh rahbari Donald Tramp Qozog'iston prezidenti bilan Oq uyda uchrashar ekan, Nursulton Nazarboyevni faol va nufuzli lider deb atadi.

Strategik sheriklik

"Chorak asrdan oshibdiki, mustaqil Qozog'iston AQShning qadrli va strategik sherigi bo'lib kelmoqda. Amerika bu davlat mustaqilligini 1991-yilda Rojdestvo kuni tan olgan", - dedi Tramp.

Qozog'iston va AQSh yadroviy qurollar va materiallar tarqalmasligining oldini olish yo'lida birga ishlab keladi.

Ayni damda BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Qozog'iston, deydi Tramp, xalqaro masalalar yechimida muhim rol o'ynaydi, xususan, Simoliy Koreya bilan kelishmovchilikka barham berishda.

Afg'oniston va Janubiy Osiyo barqarorligi va farovonligini ta'minlashda ham Ostona quvvatlovi katta ahamiyatga ega, deydi Amerika rahbari.

Oq uy Nazarboyevga ishonadi va u bilan yaqindan ishlashga shay.

Nazarboyev buni olqishlab, shunday dedi:

"Mushtarak manfaatlarimiz yo'lida hamkormiz. Bu hamkorlikni kengaytiraveramiz".

Nazarboyev nazarida Shimoliy Koreya masalasini hal etish uchun Xitoy, Rossiya va AQSh bir yoqadan bosh chiqarishi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'iston prezidenti Oq uyda

Biznes hamkorlik

Amerika-Qozog'iston aloqalari esa mustahkam, deydi Nazarboyev. Sarmoya ko'lami oshishi kutilmoqda. AQShning 20 kompaniyasi bilan yangi bitimlar imzolandi. Ularning jami qiymati 7,5 milliard dollarga teng.

Neft bahosi tushib ketganidan beri iqtisodi qiyin ahvolga tushib qolgan Qozog'iston uchun bu katta yutuq.

Mustaqillik yillaridan AQShdan Qozog'istonga 50 milliard dollarlik investitsiya borgan.

Amerikaning Markaziy Osiyodagi eng katta sarmoyasi Qozog'iston neft sektorida. Nazarboyev Vashingtonda AQSh Energetika vaziri Rik Perri va Tashqi xususiy sarmoya masalalari bo'yicha agentlik rahbari Rey Voshbyorn bilan gaplashdi. Vitse-prezident Mayk Pen bilan alohida uchrashdi.

Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga ko'ra, 2016-yilda Qozog'iston yalpi milliy mahsuloti 133 milliard dollarni tashkil etgan. O'zbekistonnikidan ikki baravar katta. 18 millionga yaqin aholiga ega Qozog'iston uchun bu katta emas. Iqtisodiy o'sish pasayib bormoqda.

Qozog'iston hozirda savdo bo'yicha 78-o'rinda. Tashqi tijorat hajmi 1,9 milliard dollar atrofida. Eksport 1,1 milliard dollar, qolgani esa import.

Amerika bilan savdo 2015-yilda (eng so'nggi rasmiy hisob) 3000 ish o'rnini ushlab turgan.

2016-yilda AQSh bu davlatga 1,1 milliard dollarga yeng mahsulot sotgan - ilg'or texnologiya, aviatsion uskunalar, go'sht, elektr vositalari va metal.

O'sha yili AQShdan qishloq xo'jalik mahsulotlari eksporti AQShdan 78 million dollarni tashkil etgan.

Import bo'yicha esa Qozog'iston Amerikaning 81-o'rindagi sherigi. 2016-yilda 742 million dollarga yetgan. Asosan metal, kimyoviy materiallar va minerallar sotib olingan.

Qozog'iston qishloq xo'jaligidan Amerikaga o'sha yili 3 million dollarlik tovar import qilingan.

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp-Nazarboyev: Bir-birimizni tushunamiz

Uchrashuv tanqid va erkinlikka chaqiriqlar ostida o'tmoqda

Nazarboyev-Tramp uchrashuvi arafasida "Freedom House"-"Ozodlik uyi", "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti va boshqalar Oq uyga Qozog'istonda erkinlik bo'g'ilib kelayotganini eslatib, 1991-yildan beri hokimiyatda o'tirgan odam bilan muloqotda demokratik qadriyatlarga urg'u berishga chaqirdi.

Amerika o'zini hali ham erkinlik kuychisi deb hisoblasa, tashqi siyosatda qonun ustuvorligi targ'iboti muhim bo'lsa, Nazarboyevga siyosiy muhitni liberallashtirish zaruriyati haqida eslating, deya undadi huquq himoyachilari.

Tramp uchrashuvda bu borada og'iz ochmagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp va Nazarboyev yaqindan ishlashga kelishib oldi

Amerika matbuotida shu kunlarda Qozog'iston siyosatini ulug'lovchi maqolalar chiqdi. Mualliflar - Nazarboyev bilan apoq-chapoq siyosatdonlar. Ostonada uning nomi qo'yilgan universitet professorlari va Qozog'istonda biznes qilib kelayotgan tadbirkorlar. Ular respublika iqtisodiyoti mushkul ahvolda ekanini yashirmaydi. Lekin, deydi ular, Amerika qo'shimcha investitsiyasi bilan vaziyat yaxshilanishi mumkin.

Nazarboyev tarafdorlari nazarida, Qozog'iston - global o'yinchi. Diplomatik jihatdan ancha o'zini o'nglab olgan davlat. Markaziy Osiyoda bu borada yetakchi ekan, deydi bu ekspertlar, Qo'shma Shtatlar dunyoning bu qismidagi biror maqsadiga Ostona bilan yaqin hamkorliksiz erisha olmaydi.

Boshqa mutaxassislar nazarida esa Qozog'iston ahli aslida Nazarboyev tirik ekan, katta siyosiy o'zgarishlar bo'lishiga ishonmaydi. O'zbekiston singari yangi rahbar kelmaguncha, islohot davri boshlanmaydi, deydi ular. Yangilik bo'lishi uchun prezident yangilanishi kerak.

Iqtisod oqsagani sabab xalqni chidamli bo'lishga undab, Nazarboyev tez-tez jamoatchilikka murojaat qilib turibdi. Yaqinda qilgan nutqida u Qozog'istonda innovatsion o'zgarishlarga undagan. Xorijiy sarmoya shunga sarflanadi, deydi u.

18-yanvar kuni Nazarboyev Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashida so'zlab, global jumboqlarni yechish yo'lida o'z takliflarini beradi.

BMTda Markaziy Osiyo bo'yicha ham muloqot o'tishi kutilmoqda. Undan mintaqa bosh diplomatlari qatnashadi.