Uyg'urlar dardi: Bugungi sinovlar va qardoshlar munosabati

Dunyo uyg'urlari qurultoyining ijroiya qo'mitasi raisi Omar Qanot (Omer Kanat) "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 15-iyun, 2018

Dunyo uyg'urlari qurultoyi bu elat nomidan xalqaro sanhada gapirib kelayotgan organ bo'lib, Germaniyada joylashgan. Uning rahbariyati esa nafaqat Yevropa balki Shimoliy Amerikada ham istiqomat qiladi.

Uyg'urlar manfaati uchun kurashuvchi boshqa tashkilotlar ham bor, jumladan Vashingtonda. Lekin hammaning maqsadi bir, deydi Umar Qanot (Omer Kanat), "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Qanot - Dunyo uyg'urlari qurultoyining ijroiya qo'mitasi raisi. Uning aytishicha, yarim asrdan oshibdiki, Xitoy Sharqiy Turkiston, rasman Shinjon-uyg'ur muxtoriyati deya tanilgan mintaqada bu elatga zulm o'tkazib kelmoqda. Ular erkin yashay olmaydi, deydi Qanot. Musulmon va turkiy xalq har tomonlama siquvda. Xitoyning boshqa qismlariga majburan ko'chirilmoqda, ularning ona yurti esa xitoylashtirilmoqda.

Jahonda 20 milliondan oshiq uyg'ur bo'lsa, ularning aksariyati Shinjonda yashaydi.

"Xitoyning azaliy maqsadi - bizni yo'q qilish. Uyg'urlarga elat sifatida barham berish", - deydi Qanot.

Uning qayd etishicha, Sharqiy Turkiston qadimdan Xitoy va Markaziy Osiyo orasidagi devor, qo'rg'on bo'lgan.

"Agar Xitoy, xudo ko'rsatmasin, bizni butkul yo'l qilsa, o'sha devor, o'sha qo'rg'on ham qulaydi. Xitoyga mintaqa tomon yo'l ochiladi", - deya xavotir bildiradi Qanot.

"Xitoy Markaziy Osiyoni tarixdan o'ziga qarashli hudud deb kelgan", - deya eslatadi faol.

Biroq Pekin bu iddaolarni inkor etib, uyg'urlar uning nazorati ostida har qachongidan ham farovonroq yashayotganini ta'kidlaydi.

Xo'sh, mintaqa rahbarlari va ahli bu masalalarda qanday fikrda?

Hukumat va Xitoy orasidagi munosabatlarda uyg'ur faktori qanchalik muhim?

O'zbekiston hukumati, masalan, uyg'urlarga nisbatan qanday siyosat yuritmoqda?

Uyg'urlarni xalqaro maydonda kimlar quvvatlayapti?

Xitoy siyosatini nima o'zgartirishi mumkin?

"Vashington choyxonasi" ruknimizda tomosha qiling.

Your browser doesn’t support HTML5

Vashington choyxonasi: uyg'urlar qardoshlardan madad kutmoqda