Diplomatlar BMTda futbol tomosha qildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiyada o'tayotgan futbol bo'yicha Jahon chempionatini kuzatayotgan millionlab ishqibozlar orasida turli soha vakillari, xususan, diplomatlar bor. Ularning bir qismi musobaqaning ilk o'yinini BMTda birgalikda tomosha qildi.

Jahon chempionatida qatnashayotgan davlatlarning BMTdagi diplomatlari Rossiya-Saudiya Arabistoni o'yinini birga tomosha qilishdi. Har bir elchi o'z milliy terma jamoasi formasini kiyib keldi.

Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya futbol dunyoni birlashtirayotganidan mamnun.

"Butun BMTni ishqibozlar zonasiga aylantirdik. Bu oy ishlarimiz ham yaxshi bo'ladi. Ham futboldan, ham tinchlikdan bahramand bo'lamiz, degan umiddaman", - deydi u.

Diplomatlar o'yin-kulgi va sport bilan band bo'lib, asosiy ishlaridan chalg'imaydimi? Unday emas, deydi elchilar.

Yaqinda Janubiy Koreyada o'tkazilgan Olimpiada ham tinchlik yo'lida muloqot boshlashga bir vosita bo'ldi.

"Pxyonchxandagi Qishki Olimpiya o'yinlari Koreya yarimorolida tinchlikni o'rnatish yo'lida ajoyib imkoniyat bo'ldi. Bu sport tinchlikka erishishda qanchalar muhim rol o'ynashini ham ko'rsatdi. Rossiyadagi Jahon kubogi ham dunyo bo'ylab tinchlik o'rnatishga xizmat qiladi, degan umiddaman", - deydi Janubiy Koreyaning BMTdagi elchisi Cho Ta Yon.

Meksika elchisi BMT va futbol missiyasida o'xshashlik ko'radi.

"Bizda ham shunday ruh bor. BMTda global ahvolni yaxshilashga urinamiz. Jahon kubogida ham shu maqsad. 30 dan ortiq davlat qatnashadi. Hammasida birga ishlash ruhi, global jamiyat hissi bor", - deydi Meksika vakili Xuan Xose Gomes.

Ayni paytda BMT binosida, hatto Xavfsizlik Kengashida ham futbol ruhini his qilish mumkin. O'yinni tomosha qilishga musobaqada qatnashmayotgan davlat vakillari ham keldi.

BMT Amerikada joylashgan bo'lsa-da, elchilar ruhan Rossiyadagi milliy jamoalari bilan birga.