Mayk Pompeo yana Shimoliy Koreyaga otlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo shu hafta Kim Chen Un bilan uchrashish uchun Shimoliy Koreyaga safar qiladi. Maqsad yadro dasturini to'xtatish bo'yicha muzokaralarni davom ettirish. Vashington va Pxenyan o'z yetakchilarining yana bir uchrashuvini tashkil qilish ustida ishlamoqda. Tramp va Kimning ikkinchi anjumani qanday samara berishi esa gumon ostida.

Bir yil oldin Shimoliy Koreya yetakchisini o'z-o'zini nobud qiluvchi "raketa odam"ga o'xshatgan AQSh Prezidenti Donald Tramp bu yil BMT sammitida Kimni jasur odam deb atadi. G'arbiy Virjiniyadagi siyosiy chiqishida ham u bilan iliq aloqa o'rnatganini aytdi.

"Qattiq turdim, u ham bo'sh kelmadi. Ko'p tortishdik. Keyin bir-birimizni yoqtirib qoldik. U menga go'zal maktublar bitdi. Bir-birimizni sevib qoldik", - dedi Tramp.

Davlat kotibi Mayk Pompeo Pxenyanga otlanar ekan, Kim bilan uchrashuvdan umidlari katta.

"Yaxshiroq anglashuv, kengroq olg'a siljish va yadrodan xoli bo'lish yo'lidagi harakatlarimizni davom ettirish rejasini ishlab chiqamiz degan umiddaman", - dedi Pompeo.

Pxenyan Koreya urushini rasman yakunlashni so'ramoqda. Vashington esa, avvalo, Shimoliy Koreya yadro dasturini tugatishi kerak, demoqda. AQSh xalqaro sanksiyalarni yumshatish talabiga ham qarshilik qilyapti.

"Iqtisodiy sanksiyalar o'rnida qoladi. Yadro dasturini to'xtatish imkoniyatini beruvchi bu narsa o'zgarmaydi", - dedi Pompeo.

Tahlilchilarga ko'ra, ikkinchi sammitni tez tashkil qilish mumkin, ammo undan ko'zlangan natijani qo'lga kiritish oson emas.

"Savol shuki, Kim nimaning bahridan o'tishga tayyor? U yadrosizlanish bo'yicha kattaroq yon berish yo'lidan yuradimi? Janubiy koreyaliklar uni shunday qilishga undayapti. Janub Shimoliy Koreyaga yirik investitsiyalar kiritishni istaydi, lekin hammasi Kimga bog'liq. U buni qabul qiladimi? Tarixga qarasak, shimoliy koreyaliklar faqat ma'lum joygacha boradi va so'ng ortga qaytadi yoki aldaydi", - deydi ekspert Harri Kazianis.

Pompeoning Pxenyanga to'rtinchi safari Shimoliy Koreya 60 ta yadro quroli zaxirasini yaratgani haqidagi xabarlar ortidan yuz bermoqda. Bu galgi safarning qanday natija bilan tugashi esa noma'lum.