Breaking News

Shimoliy Koreya yadro qurollaridan voz kechmoqchi emas


AQSh Prezidenti Donald Tramp (chapda) Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan Singapurda, 2018-yil, 12-iyun.

Shimoliy Koreya yadroviy qurolsizlanish bo’yicha kelishuvdan bosh tortmoqda. CNN va "Vashington Post" bergan xabarlarga ko’ra, Shimoliy Koreya AQShga ana shu mazmunda maktub yo’llagan. Natijada Prezident Donald Tramp davlat kotibi Mayk Pompeoni rejalashtirilgan Pxenyan uchrashuviga uchib ketishiga bir necha soat qolganda to’xtatib qolgan.

Bu Mayk Pompeoning Shimoliy Koreyaga to’rtinchi tashrifi bo’lishi kerak edi. Donald Tramp Twitter orqali yadroviy qurolsizlanish muzokaralariga ko’mak bermayotganligi uchun Xitoyni ayblagan.

Davlat Departamenti matbuot kotibi Xezer Noyert Shimoliy Koreyadan maktub olingani yoki olinmaganini tasdiqlamadi.

Safarning kutilmaganda bekor qilinishini u shunday izohladi:

“Bu masala butun milliy xavfsizlik guruhi tomonidan muhokama qilingan. Ayni paytda safarni amalga oshirishning mavridi emas degan xulosaga kelingan. Prezident ham bu fikrga qo’shilgan, keyin Twitterda ma’lum qilgan”.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya yadroviy qurolsizlanish qarorini o’zgartirgan bo’lishi mumkin. Biroq AQSh sanksiyalar bo’yicha qarorini o’zgartirmaydi.

“Masalaning ijobiy tomoni shundaki, bizning sanksiyalarimiz Koreya savdosini 90 foizga, neft savdosini 30 foizga qisqartirgan. Sanksiyalarni qat’iy saqlab turibmiz. Ular moliyaviy yordamga muhtoj va yalinib turibdi”, - deydi Nikki Xeyli.

Mudofaa vaziri Jim Mattis Janubiy Koreya bilan qo’shma harbiy mashg’ulotlarni yangi bosqichga ko’tarish bo’yicha davlat kotibi Mayk Pompeo bilan yaqindan ishlayotganini ma’lum qilgan.

“Ma’lumki, Singapur sammitiga muvofiq, ba’zi yirik mashg’ulotlarni o’zaro ishonch chorasi sifatida bekor qilgan edik. Bu safar mashg’ulotlarni to’xtatish rejamiz yo’q”, - deydi Jim Mattis.

Senator Ben Kardin Trampning Kim Chen Un bilan uchrashishini qo’llab-quvvatlashini, biroq qo’shma harbiy mashg’ulotlar to’xtatilmasligi tarafdori ekanini ma’lum qilgan.

“Harbiy mashg’ulotlarni to’xtatish avvaldan xato edi, men bunga qo’shilmaganman. Uchrashuvlarni qo’llab-quvvatlayman – diplomatiyadan naf bor. Biroq yaqqol natijalarni ko’rmay turib, Shimoliy Koreyaga yon bosib bo’lmaydi”, - deydi Kardin.

Muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. AQSh va Shimoliy Koreyaning navbatdagi rasmiy uchrashuvi yana bo'lish-bo'lmasligi haqida ma'lumot yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG