IShIDdan ozod etilgan Musul o'zini qayta tiklashga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Iroqning Musul shahrida "Islomiy davlat" jangari guruhi mag'lub etilganiga bir yil to'ldi. Ammo shahar hanuz xarobalar ostida.

Musullik fuqarolardan biri o'zining vayron bo'lgan uyi oldida turibdi. Bu yerda uch o'g'li halok bo'lgan.

O'tgan yili uning uyiga "Islomiy davlat" jangarilari o'rnashib olgan edi. AQSh boshchiligidagi havo kuchlari hujumi natijasida nafaqat jangarilar, balki uning farzandlari ham o'ldi. Bu ham yetmagandek, boshpanasiz qoldi.

"Bizga bir chaqa ham berishmadi. Na hukumat, na yordam tashkilotlari, hech kim. Uch farzandimni boy berdim", - deydi ota.

IShID nazoratida bo'lgan ayrim hududlar hukumat, xalqaro tashkilotlar hamda mahalliy yordam guruhlari ko'magida qayta bunyod etilmoqda. Zararlangan uylar ta'mirlandi, biznes inshootlari qurildi, lekin ular soni juda oz.

Imkoniyati bor odamlar uylarini o'zlari ta'mirlash harakatiga tushgan. Bunga qurbi yetmaydiganlar esa ko'pchilikni tashkil etadi.

Musul rasmiylarining aytishicha, kasalxonalar, ko'priklar va boshqa yirik infratuzilmalarni qayta qurish uchun markaziy hukumat yetarli mablag' ajratmayapti.

"Byudjetimiz Bag'doddan keladi. Viloyatdagi barcha loyihalarni, ehtiyojlarni birma-bir ro'yxatga olganmiz. Elektr, suv, oqava va boshqa xizmatlarni. Lekin so'ragan mablag'imizni hech qachon olmadik", - deydi Musul meri Zuhayr Muhsin Al-Araji.

Shaharni qayta bunyod etish ishlari juda sekin ketmoqda. Hatto o'lganlar jasadi butunlay yig'ib olinmagan.

Mahalliy faollarning aytishicha, markaziy hukumat va xalqaro hamjamiyatdan hafsalasi pir bo'lgan aholi orasiga ekstremistlar bundan 10-15 yil avval kirib kelishni boshlagan.

Mamlakatda zo'ravonlik hanuz tinmagan. Terrorchi guruhlar qayta bosh ko'tarishi mumkinligi haqida xavotirlar yo'q emas.