AQSh Afrikada Xitoy va Rossiya ta'sirini kamaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tramp ma'muriyati Afrika bo'yicha yangi strategiya e'lon qildi. Maqsad tabiiy resurslarga boy mintaqada Xitoy va Rossiya ta'sirini kamaytirish.

Xitoy rahbari Si Zinpin sentabrda o'tgan Xitoy-Afrika forumi kabi yig'inlarda Afrika yetakchilari ko'nglini olishga urinmoqda.

Mintaqa bo'ylab Xitoy homiyligida qurilayotgan infratuzilma loyihalari juda ko'p.

Oy uy "Heritage" jamg'armasida Afrika bo'yicha yangi strategiyasini e'lon qildi. Rasmiylarga ko'ra, Xitoy va Rossiyaning mintaqada o'sib borayotgan ta'sirini kamaytirishga asosiy e'tibor qaratiladi.

"Xitoy va Rossiyaning tajovuzkor ishlari Afrikadagi o'sishga xalal beradi; Afrika davlatlari moliyaviy mustaqilligiga tahdid soladi; AQSh sarmoyalari uchun imkoniyatlarni to'sadi; AQSh harbiy amaliyotlariga halaqit berib, Amerika milliy xavfsizlik manfaatlariga xavf tug'diradi", - dedi Milliy xavfsizlik bo'yicha AQSh maslahatchisi Jon Bolton.

Boltonga ko'ra, yangi strategiyadan maqsad savdo aloqalarini kuchaytirish, terrorizm tahdidiga qarshi kurash hamda Amerika berayotgan yordam hisobdorligini oshirishdir.

"Biz nutqni o'rganib, so'ng izoh beramiz. Lekin Amerika Afrika bo'yicha maqsadli strategiyaga ega bo'lganidan xursandmiz", - dedi Vashingtondagi Keniya elchixonasi rasmiysi Deyvid Gacheru.

Yangi reja Trampning Xitoyni strategik raqib sifatida ko'rish siyosatiga mos keladi. Lekin bunday qarash samara berishi qiyin, deydi tadqiqotchi Mayk Fuks.

"Afrika davlatlari bilan hamkorlik yaratishga, o'zaro manfaatli tarzda birga ishlashga e'tibor qaratish kerak. Bu AQSh va Xitoy raqobati emas. Masalaga bunday qarash ko'plab yetakchilar va odamlarning qoshini chimiradi", - deydi u.

Boltonga ko'ra, AQSh BMTning tinchlikparvar missiyasidagi ishtirokini ham qayta ko'rib chiqadi.

"Davomiy tinchlik keltirmaydigan yoki o'z vazifasini bajara olmaydigan missiyalarni tugatamiz yoki qayta ko'rib chiqamiz. Maqsadimiz nizolarni hal qilish, muzlatib qo'yish emas", - deydi u.

AQSh, shuningdek, mas'uliyatsiz deb bilgan mamlakatlarga yordamni qirqmoqchi. Bolton Janubiy Sudanni alohida tilga olib, urushdan jabr ko'rgan bu davlatga yordam to'xtatilishi mumkinligiga ishora qildi.