Tramp va Kimning ikkinchi uchrashuvidan nimalar kutilmoqda?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari kelasi hafta ikkinchi bor uchrashishi kutilyapti. Koreya yarimorolini to'la yadrosizlantirish maqsadida Donald Tramp va Kim Chen Un o'tgan yili Singapurda ko'rishgan edi.

Uchrashuv samarasi hali ko'zga tashlangani yo'q. Vyetnamdagi navbatdagi sammitda shu narsa o'zgarishi kutilmoqda.

"Salmoqli natija bo'lishi haqida ikkala tomondan ham bosim bor. Aks holda bu muvaffaqiyatsiz tugashi aniq. Keyin yana boshidan boshlashga to'g'ri keladi", - deydi Atlantika kengashi eksperti Robert Menning.

AQSh yadro qurollarini yo'q qilish bo'yicha Koreyadan aniq qadamlar tashlashni talab qilmoqda. Masalan, yadro sinovlari maydonini ishdan chiqarish yoki mavjud yadro qurollari ro'yxatini berish. Pxanyan esa Vashingtondan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatishni hamda 1950-yillardagi Koreya urushiga rasman yakun yasashni so'ramoqda.

Yana bir muhim maqsad - muzokara olib borishni quyi bosqichdagi rasmiylarga o'tkazish.

"Hamma narsani bu ikki yetakchi hal qila olmaydi. Ayrim o'ta murakkab masalalarni yaxshi tushunish uchun texnik ekspertlar, olimlar kerak bo'ladi", - deydi tadqiqotchi Jeyms Makkeon.

Vyetnam sammiti Singapur anjumaniga qaraganda samaraliroq bo'lishi taxmin qilinyapti.

Unga tayyorgarlik doirasida AQSh rasmiylari Shimoliy Koreya vakillari bilan ko'proq uchrashuvlar o'tkazdi.

Shuningdek, Vyetnamda bir emas, ikki kunlik anjuman bo'ladi. Maqsad yadro bitimi tuzish bo'yicha aniq natijaga erishish.